www.ziyouz.com kutubxonasi
268
— Men o‘tgan hafta tushimda Humoy qushni ko‘ribmen, — dedi begim. — Qanotlari
burgutnikidan ham bahaybat. Boshi-yu bo‘yni shertaxlit. Odamnikiday ikki ilki bor. Tog‘
etagida odamlar to‘plangan ekan. Humoy qush ilkida kattakon bir kitobni ko‘tarib o‘tib,
tog‘ tepasiga borib qo‘ndi. Odamlar unga qarab yugurdilar. Humoy kitobni tashlab uchib
ketdi. Toqqa oldinroq yetib borgan to‘rt-besh odam haligi kitobni «men olay, men olay!»
deb talashib qoldilar. Bir-biriga bermagandan keyin uni to‘rt-besh bo‘lak qilib bo‘lib, turli
tomonga olib keta boshladilar. Shunda siz paydo bo‘ldingiz. «To‘xtanglar, axir, yaxlit
kitobni parchalab olib ketish gunoh-ku», deb ularni qaytarishga tushdingiz. Lekin
ularning birini qaytarsangiz, boshqasi tutqich bermaydir. Azbaroyi achinganimdan «oh!»
tortib, uyg‘onib ketibmen.
Akbar o‘ylanib turdi-yu:
— Yaxshi tush ko‘ribsiz, — dedi. — Kitob — haqiqat ramzi. Odamlar haqiqatni parcha-
parcha qilib turli tomonga olib ketganlari rost. ma’naviyat ham parchalangan. Har kim
ilkidagi bir parcha haqiqat-u ma’naviyatni mahkam tutib olgan. Boshqalarning ilkida ham
haqiqat-u ma’naviyat parchalari borligini tan olmaydilar. «Faqat men haqmen!» deb,
boshqa xalqlarni kamsitadilar. O‘zaro urushlar, din-u millat ayirishlar mudom shundan
kelib chiqg‘ay... Siz tushingizda ko‘rgan kitobning parchalarini odamzod bir joyga yig‘ib,
yaxlit holiga keltirmaguncha, dunyoda adolat o‘rnatib bo‘lmagay. Mening orzuyim
sochilib ketgan o‘lkalarni bir davlat qilib birlashtirishgina emas, balki parchalanib ketgan
haqiqatni bir ulug‘ mahzarga* yig‘ishdir.
— Ilohim, bu orzuingizga yeting, shoh o‘g‘lim. Turkiy ulusdan chiqib, Hindistonga
farzand bo‘ldingiz. Endi bilsam, bir ulusning qobig‘ini yorib chiqqan odam faqat ikkinchi
bir xalqning farzandi bo‘lish bilan cheklanib qololmas ekan. Ummonga quyilgan daryo
butun dunyo kengliklariga chiqarkan. Shunga o‘xshab, siz ham o‘z ulusingiz, o‘z
mamlakatingiz tashvishlaridan kuch orttirib, umumbashariy muammolarni yechishga bel
bog‘lamoqdasiz. ma’naviyat bobida ajdodlaringizning hech biri bunday mushkul, bunday
murakkab maqsadlarni o‘z oldilariga qo‘ymagan edilar. Sizda ulkan iste’dod-u g‘ayrat
bor. Ammo men tushimda «oh» tortib uyg‘onganimga sabab — «yolg‘izlik qildingiz,
bolam!». Kitobni parchalab, turli tomonga qochganlarning hammasini odam bir o‘zi
nechuk tutgay?
— Yonimda hech kim yo‘qmidi?
— Yo‘q edi! Axir, sodiq amirlaringiz nechun ko‘rinmaydilar? Aziz ko‘ka, Man Sinx, roja
Birbal, Abulfazl... Har biri siz uchun jonini berishga tayyor-ku!
Akbar so‘nggi paytda uzlatga chekingisi va yolg‘iz yurgisi kelib, eng yaqin kishilaridan
uzilib qolgani noto‘g‘ri bo‘lganini endi seza boshladi. Onasi uni yanada hushyor torttirish
uchun Agrada bo‘lgan bir fojiani aytib berdi:
— Siz yo‘g‘ingizda Agradagi sadrlar suduri Abdunabi yana diniy nizolarni alanga oldirdi.
Siz-ku, masjidlar qatori hind butxonalari qurishga ham ruxsat bergan edingiz. Lekin
shayx Abdunabi bor taxtani masjid yoniga keltirib taxlatibdir. Butxona uchun taxta
berdirmabdir. Butxona qurilishi to‘xtab qolgandan keyin, kelinimiz Jodha Bayga qadrdon
bo‘lgan brahman o‘z qavmlari bilan boribdir-da, o‘sha taxtalarning bir qismini sadrlar
suduridan beruxsat olib ketib, butxona qurilishiga ishlatibdur. Muxtasib buni bilib qolib,
brahmanni hibsga olibdir.
— Men buni eshitgan edim, — dedi Akbar. — Safardan qaytgunimcha brahman hibsda
saqlansin degan edim.
— Ammo brahman qochmoqchi bo‘lgan emish. Rostmi, yolg‘onmi, bilmadik. «So‘roq
paytida brahman muslimlarni haqorat qildi, kechasi qochmoqchi bo‘ldi», degan bahona
bilan sadrlar suduri uni qatl ettiribdir.
— Ob-bo, jallodlar-ey!
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |