www.ziyouz.com kutubxonasi
264
Haruda degan hind lochini tog‘ tepasida turgan Akbarning yonginasidan uchib o‘tdi.
Lochinning yelkasi to‘q qizg‘ish, qorni va bo‘yni oq. Sariq rangli panjasi bilan qora bir
ilonni changallab olgan. Ilon yeydigan bu lochin o‘z ovini dumidan changallab osmonda
chirpirak qilib uchiradi. Zaharli ilon tez uchishdan ko‘zi tinib, boshini ko‘tarib ololmaydi,
lochinni chaqishga iloj topolmay qoladi. Haruda esa ilonni osmonning yuksak bir joyidan
yerga tashlab yuborib o‘ldiradi.
Mana shu odati uchun hindlar Harudani muqaddas qush deb e’zozlashadi. Rivoyatlarga
binoan, go‘zallik va zafar ma’budasi Lakshmi Harudaning qanotlari ustida o‘ltiradi. Ilgari
Akbarning xayolida afsonani voqelikdan ajratib turadigan aniq chegara bor edi. Endi shu
chegara yo‘qolgan, uni go‘yo sel olib ketgan. Shu sababli hozir yonidan uchib o‘tgan
Harudaning qizg‘ish qanotlari ustida havo to‘lqiniga o‘xshash harir bir narsani ko‘rganday
bo‘ldi-yu, «Lakshmi shu ekanmi?» deb o‘yladi.
Kechalari uning tushiga to‘rt qo‘li, beshta yuzi bor Shiva kirib chiqadi. G‘azab bobida
hech kim Shivaga bas kelolmaydi. Ikki ko‘zidan tashqari peshonasida uchinchi yashirin
nigohi ham bor. Astoydil g‘azabi kelganda shu uchinchi ko‘zi birdan ochiladi-yu, olov
sochadi. Shiva tikilib qaraganda odam yoki boshqa jonzot shu ko‘zning olovidan kuyib
kul bo‘ladi. Shivaning yoqasi o‘rnida o‘ram-o‘ram ilonlar. Odamlarning bosh suyaklarini
ipga tizib, bo‘yniga marjon qilib taqib yuradi. Po‘lat gurzisining uchiga ham odamning
bosh suyagi qoplangan. Chunki u gunohkorlarga jazo beruvchidir.
Akbarning tasavvuridagi voqelik bilan g‘ayritabiiy va ilohiy narsalarning chegarasini
buzib o‘tgan sel uni yerdan uzib olib osmonga chiqarib yuborgan ulug‘lashlarning oqibati
ekanini hozir o‘zi ham sezmaydi. Faqat uni «dohiy!» «mahdiy!» deganlari sari o‘zini
alanechuk yolg‘iz, hammadan uzilgan bekas odamday sezadi.
Uning ruhi bezovta, sababini go‘yo Jaloliddin Rumiy aytib ketgan: «Tanang — ot, ruhing
— uning suvorisi. Shuni bilki, ot yemishi suvoriga oziq bo‘lmagay!»
Ilgari Akbar ko‘proq tanasini parvarishlar edi, endi bilsa nuqul otni boqib, suvorini och
qoldirgan ekan. Hozir aksini qilib, yeyish-ichishdan o‘zini chekladi-yu, ma’naviy oziq
beradigan ilm-u asrorga, so‘fiylar va hind donishmandlari ta’limotiga qayta-qayta sho‘n-
g‘ib, o‘ziga kerakli ma’naviy gavharni izlashga tushdi.
Ruh, aql, qalb, ko‘ngil — bular tabiatdagi chor unsurga o‘xshaydi, insondagi butun
ma’naviy dunyo shu to‘rtovidan tarkib topishini Akbar endi bilyapti. Arab, fors, hind,
yunon — turfa tilli faylasuflar hammasi ruh bilan tananing, ko‘ngil bilan aqlning orasidagi
ziddiyatlardan dod deb o‘tganlar. Akbarning o‘zi ham hozir shu ichki ziddiyatlardan
qutulolmay azob tortib yuribdi. Orqaga o‘girilib qarasa, qancha zafarlarga erishgani,
qancha katta davlat-u obro‘ga ega bo‘lgani uni qanoatga va mamnunlikka undaydi.
Ammo diliga razm solsa, o‘zidan ham, atrofidagi hayotdan ham ko‘ngli to‘lmaydi. Hali
amalga oshmagan istak-orzulari behad ko‘p. Ularga qachon yetishadi?
Shunda go‘yo Abdulhamid G‘azzoliy degan faylasuf uni ogohlantiradi: «Ikki biqining
orasidagi ko‘ngling — sening ashaddiy dushmaningdir».
Hind faylasuflari ham ko‘ngilni uning tashqi manbalaridan uzish kerakligini, hech kim
yo‘q bir o‘rmonda o‘z qalbiga quloq solib, dildagi muqaddas tuyg‘ularga berilib yashashni
maslahat beradilar.
Akbar shu maqsadda Himolay tog‘i etaklaridagi o‘rmonzor Bhiraga kelib yashamoqda. Bu
yerga u bilan birga kelgan besh yuzdan ortiq beg-u mulozimlar, qo‘riqchi va xizmatkorlar
Bhiraning Bog‘i Safosidagi ko‘l atroflariga chodir tikib olishgan. Bir vaqtlar Komron mirzo
ko‘r qilingan Bog‘i Safoga Akbar o‘n yasharligida birinchi marta otasi bilan kelgan edi.
Shundan beri o‘tgan o‘n yilliklar uni ne ko‘ylarga solmadi! Mana, hozir yoshi o‘ttiz
sakkizga bordi, lekin hali ham o‘zini juda nokomil sezadi, xayolini yaxlit bir muqaddas
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |