www.ziyouz.com kutubxonasi
260
hatto o‘g‘lini haddan ortiq maqtab, ko‘kka ko‘tarishlaridan ham cho‘chiydi, chunki
shuhratdan mast bo‘lgan Akbar rajputcha qilichbozlik qilmoqchi bo‘lib, o‘zini o‘zi
o‘ldirishiga sal qolganini begim odamlardan eshitgan.
Gujaratdan so‘ng sharqdagi Bixarga yurish qilindi. Akbar ikki yuzdan ortiq daryo kemasi
qurdirgan edi. Asosiy qo‘shin qirg‘oq bo‘ylab ketdi-yu, Akbarning o‘zi eng yaqin
mulozimlari, onasi va xotin-bolalari bilan bir oy kemalarda suzib bordi.
Jamna va Ganga bo‘ylab qilingan bu daryo safarini Hamida begim umrining eng mas’ud
xotiralari kabi qayta-qayta eslab yuradi. U kelinlari va nevaralari bilan tushgan kema
sahnida tuproq solib o‘stirilgan jajji gulzor bor edi. Qafaslarda bolalar yaxshi ko‘radigan
qushlar ham daryo bo‘ylab suzib borardi. Ikki yuz kema ulkan bir karvonga aylanib,
besh-olti mil masofaga marjonday tizilgan edi. Dushman chegarasi hali uzoq, har ikki
qirg‘oqda ham o‘z odamlari, ko‘kalamzor qir-adirlar va obihayotga to‘ygan ekinzorlar.
«Ahli murod» deb ataladigan maxsus kemada Tansen boshliq xushovoz xonandalarning
ovozi yangraydi. Tun qorong‘isida mash’alalar yorug‘i daryo mavjlarida behad ko‘payib
ko‘rinadi, kuylar va qo‘shiqlar afsonaviy bir sehr bilan karvonga qo‘shilib oqib boradi.
Ikki hafta shu tarzda yo‘l yurib, Ollohobod shahriga yetdilar. Bu yerda Jamna Gangaga
borib quyiladigan g‘alati joy bor. Jamna suvi qoramtir, Ganga esa oqish, ikklasi
qo‘shilgandan keyin ancha joygacha olachalpoq bo‘lib oqadi-da, keyin kulrang tusga
kiradi. Qirg‘oqlar behad kengayib, daryo avvalgidan besh-olti barobar ulkanlashib ketadi.
Hind rivoyatlarida bayon qilinishicha, Ollohobodda Ganga va Jamnaga yer ostidan
uchinchi bir daryo— Sarasvati ham kelib qo‘shilarkan.
— Sarasvati aslida pokiza bir ma’buda bo‘lgan, — deb hikoya qilgan edi Jodha Bay
qaynonasiga. — U Himolay degan tangrining qizi ekan, taqdirida Ganga bilan qo‘shilish
bor ekan. Sarasvati ilgari Gangaga yetguncha yer yuzidan oqib kelarkan. Lekin dunyoda
nopoklik ko‘payib ketibdir. Sarasvati Gangaga pok yetib kelish uchun yer tagiga tushib
oqibdir. Mana shu Ollohobodda yana yuzaga chiqib, sevgilisiga qo‘shilibdir. Shuning
uchun bu daryolarning qo‘shilgan joyi muqaddas ziyoratgoh hisoblangay.
Chindan ham, ikki ulug‘ daryo qo‘shilgan joyda odam benihoya ko‘p. Aytishlaricha, ular
Hindistonning turli viloyatlaridan piyoda kelishgan, chunki shu muqaddas daryolar
qo‘shilgan joyda bir marta cho‘milib ketsalar, butun gunohlaridan poklanishlariga
ishonishadi.
— Qaniydi shu rivoyat rost bo‘lsa! — deb Hamida begim ham kemaning bir chetida
ayollar uchun qilingan parda ichiga kirib, Ganga suviga qayta-qayta sho‘ng‘ib chiqqan
edi. Hozir buni eslasa dilida eng pok va yorug‘ tuyg‘ular uyg‘onadi.
Lekin Ollohoboddan narida yana Hamida begimning tahlikalari boshlandi. Chunki
Akbarga qarshi urushmoqchi bo‘lgan afg‘on sarkardasi Dovudxonning yuz ming askari,
besh ming harbiy fili bor edi. Afg‘onlar uni «bugungi Sherxon» deb ulug‘lar edilar. Akbar
onasi va xotin-bolalarini jang maydonidan uzoq bo‘lgan Jaunpurga yubordi. O‘zi esa
Hojipurdagi Dovudxonga maktub yo‘lladi. «Ikkovimizning ikki yuz ming askarimiz
urushadigan bo‘lsa behad ko‘p qon to‘kilgay, — deb yozilgan edi Akbarning Dovudxonga
yuborgan maktubida. — Undan ko‘ra o‘zimiz yakkama-yakka olishganimiz afzal emasmi?
Siz ham Hindistonda tug‘ilib o‘sgansiz, fil jangini yaxshi bilursiz. Men ham bitta filga
minib maydonga chiqay, el-ulusning ko‘zi oldida ikkalamiz jang qilaylik. Kim g‘olib
chiqsa, Bixar-u Bangola o‘shaniki bo‘lsin».
Dovudxon yakkama-yakka jang qilishga jur’at etmaganini eshitib Hamida begim ancha
yengil tortdi. Chunki Akbar Hind ummonida portugallarning zo‘r kemalarini ko‘rganda
quvvai bahriyaning* ahamiyati qanchalik katta ekanini sezgan, o‘zining ikki yuz kema-
dan iborat daryo flotini shundan keyin qurdirgan. Hali bunday flot Dovudxonda yo‘q. Bir
kun kemada turib jangni boshqargan Akbar ikkinchi kuni saman oti Rohvorga minib,
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |