www.ziyouz.com kutubxonasi
265
tuyg‘u atrofiga yig‘a olmaydi. Uning istagi shuki, tanasi ruhiga so‘zsiz itoat etsa, yuragi
nafsdan poklansa, u o‘zidan ham, olamdan ham mamnun va rizo bo‘lsa. So‘fiylar buni
«oriflik» deydi, hind faqirlari «samadhi» deb ataydi, lekin ikkovining mohiyatida ham
komil insonlikka intilish bor.
Akbar tabiatdagi poklikni, go‘zallik va muvozanatni ko‘rib havasi keladi. Nega uning
dilida tabiatdagi uyg‘unlik yo‘q? Bu savolga javoban yana Rumiyning xitobi eshitiladi:
«Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin diling!»
Akbar ko‘zi oldida turgan tabiatdan ham ulug‘roq, undan ham abadiyroq mutlaq
haqiqatni qalb ko‘zi bilan ko‘rishga va ruhini unga qo‘shib yuborishga intiladi. Lekin
bunga hech muvaffaq bo‘lolmaydi.
Taqdir unga shuncha kuch-quvvatni, iste’dodni, qudratli davlatni nima uchun bergan?
Bu savolga Ajmirdan Akbar bir vaqtlar ziyoratga borgan Mu’yiniddin Cheshti
maqbarasidan Bhiraga kelgan mo‘ysafid Murtazo Ahmadxon o‘zicha javob berdi. U
she’rni kuyga o‘xshatib aytadigan xushovoz qavvollar bilan birga Akbarni ulug‘lab ashula
aytdi, so‘ng Akbarning qarshisida tiz cho‘kib, unga sajda qila boshladi:
— Siz ming yilda bir keladigan dohiy! Dunyoda adolat o‘rnatish uchun Xudo tomonidan
yuborilgan mahdiysiz!
Zo‘r e’tiqod va ishonch bilan aytilgan bu so‘zlar Akbarga shunday ta’sir qildiki, uning
ko‘zlaridan yosh oqa boshladi. U ko‘z yoshini artmasdan o‘rnidan turib ketdi-da,
o‘rmonda ancha vaqt yolg‘iz aylanib yurdi.
Balki murtazo Ahmadxon haqdir? Unga ayon bo‘lmasa kamoli ishonch va e’tiqod bilan
shunday dermidi? Lekin Akbarning amaliy ishda aniq dalillarga tayanib o‘rgangan aqli bu
gapga bovar qilmaydi.
Osmondan ham biron ishora bo‘lsa edi, Akbar o‘zining o‘jar aql-u idrokini so‘zsiz
ishontirgan bo‘lardi. U yolg‘iz o‘zi tog‘ tepalariga chiqadi, uyqusiz tunlarda sham
yorug‘ida o‘y surib o‘ltiradi. Tepadan biron gumburlash yoki hayqirish eshitilsa,
«tangridan vahiy keldimikin?» deb, vujudini titroq bosadi, ruhida zilzila qo‘zg‘aladi. Lekin
yaxshiroq quloq solsa, uzoqda yo momaqaldiroq gumburlagan yoki o‘rmonda yirtqichlar
bo‘kirgan bo‘lib chiqadi.
Murtazo Ahmadxondan tashqari shayx Muborak ham Akbarning mahdiyligini isbot
etishga harakat qilmoqda. Axir hijriy minginchi yil yaqinlashyapti. Shayx Muborak
musulmon olamida Akbardan qudratliroq podsho yo‘q deb hisoblaydi. Uningcha,
mahdiylikka munosib boshqa odam yo‘q. Shuning uchun shayx Muborak Akbarning
tezroq mahdiy deb e’lon qilinishini, shu tarzda abdulla Ansoriy boshliq ruhoniylar
hokimiyati yo‘qotilishini istaydi. Akbar mahdiy bo‘lganda kiyishi kerak bo‘lgan ulug‘vor
samoviy kiyimlarga shayx Muborak buyurtmalar bergan.
Buni eshitgan Akbarning ruhi osmonga talpinadi, ammo tanasi hamon yerdan ko‘tarila
olmaydi. Xayolida voqelik bilan ilohiyot bir-biriga qorishib ketgan paytlarda uch ko‘zli
tangri Shiva Nandi nomli ho‘kiziga minib, qarshisidan o‘tganday bo‘ladi. Birdan xushyor
tortib qarasa, Bog‘i Safoda yolg‘iz o‘ltirganini ko‘radi. Na Shiva bor, na Nandi. Shunda
«aqldan ozmayapmanmikin?» degan o‘y etini junjiktirib o‘tadi.
_____________
* Q u v v a i b a h r i ya — harbiy flot.
* M u s o h a b a — xudtahlil, o‘z-o‘zini kuzatib analiz qilish. Murokaba — o‘z-o‘zini cheklash, qanoatga o‘rganish.
* * *
Kech kirib, o‘rmon daraxtlari Bog‘i Safodagi ko‘lga uzun-uzun soya tashlab turgan
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |