www.ziyouz.com kutubxonasi
267
quydirdi. Uni ichgandan keyin vujudiga mayin bir mudroq tarqab, dunyo g‘amlari
xayolidan uzoqlasha boshladi. Har kuni yotar mahalda ichadigan soma ichimligini bugun
onasi iltimos qilib ichirmadi. Uning o‘rniga ham yana bir kosa qimiz berdi.
Akbar xufton kech bir uyquga ketgancha, ertasi kuni oftob chiqqanga qadar qotib uxladi.
So‘nggi kunlarda u hech kimni qabul qilmay qo‘ygani uchun davlat ishlari to‘xtab qolgan,
podshoning qabuliga kirolmay xit bo‘lib yurgan odamlar ko‘p edi. Akbarning o‘y-xayolini
buzmaslik uchun mulozimlar ham oyoq uchida yurardilar. Butun qarorgoh mudroq
bosganday bo‘shashgan edi. Akbar ertalab uxlab yotgan paytda Abulfazl bilan roja Birbal
Hamida begimning huzuriga keldilar.
— Yaxshi uxlayotgan bo‘lsalar, bu — sog‘ayish alomati! — suyunib dedi Abulfazl. —
Shoyad bugun bizni ham qabul qilsalar. Navbat kutib turgan shoshilinch ishlar ko‘p.
Hamida begim bosh chayqadi:
— Mavlono, hali sabr qiling. Gujaratdagi mastliklari bir kunda tarqagan ekan. «Mahdiy»,
«dohiy» deb, oylar davomida afsun qildilaringiz. Buning kayfi tarqalishi uchun ancha
vaqt kerakka o‘xshaydir.
— Shukurki, hazratim siz bilan inoqlar.
— Menga xos hakimni chaqirib beringizlar, — dedi Hamida begim. — Bamaslahat davo
qilaylik.
Xos hakim Bhim Nadh Akbarga quvvat beradigan taomlarni ko‘proq yedirishni maslahat
berdi. Shu maslahat bo‘yicha Hamida begim ertalabki shirchoyga quvvat beradigan
qaymoq va saryog‘ni ko‘proq soldirdi. Tushga borib Akbar chanqay boshlaganda ona-
bola yana qimiz ichdilar, tabibning buyrug‘i bilan sabzavot sho‘rvaga kaklik go‘shtidan
qo‘shib pishirdilar va suvini suzib berdilar. Akbarning kayfiyati yaxshilanib borayotganini
ko‘rgan Hamida begim unga ruh va tananing birligi haqida Salim ota aytgan so‘zlarni
eslatdi:
— Inson ham daraxt kabi moddiy ildizlardan oziqlanarkan, shoh o‘g‘lim! Qon bilan
taraluvchi oziq ruhga quvvat berarkan.
— Lekin nafs bilan ko‘ngil — ruhning dushmanidir, — dedi Akbar.
— Ko‘ngil ham pok bo‘lsa, ruhga zid kelmagay. Hindlarning ko‘ngil haqidagi fikrlari
esingizdami? Karma — bizdagi ko‘ngilga o‘xshab tabiiy ehtiyojlar, mayllarni keltirib
chiqararkan. Busiz yashab bo‘lmas ekan.
— Ammo jaynlar ko‘ngilni yopishqoq matoga o‘xshaturlar. Hayotning butun kir-chirlari
shu matoga yopishavergay.
Hamida begim ham jaynlar ta’limotidan xabardor edi. Jaynlar tirik jonivorning go‘shtini
yeyishga shuning uchun qarshiki, inson o‘lganda uning joni boshqa biron jondorga, goho
echkiga, qo‘yga, goho ilonga ko‘chib o‘tadi. Jaynlarning jonivorlarga rahmdilligidan
tashqari bittadan ortiq xotin olmasliklari, imon-u e’tiqodlari bunga ruxsat bermasligi ham
Hamida begimga yoqadi.
— Jaynlar karmani kir oladigan matoga o‘xshatganlari rost, — dedi begim. — Lekin uni
tez-tez tozalab turish kerak, deydilar. Axir karmasiz hayot bo‘lurmi? Ichish, yeyish,
uylanish, farzand ko‘rish — hammasida ko‘ngil ishtirok etmay iloji yo‘q.
— Lekin ko‘ngilni imon-u insof ko‘chasidan yurgizish mushkul.
— Nechun? Komil insonlarda ruh hamisha ko‘ngilga yetakchilik qilgay, aql bilan dil juft
qanotlardek birga parvoz etgay.
— Demak, men hali kamolotdan juda uzoqdamen,— dedi Akbar. — Ruhim mudom
osmonga talpinur. Ammo tanamni ruhim ko‘tarilgan yuksaklikka olib chiqolmay, aro
yo‘lda muallaq qolurmen.
Akbar o‘zining ruhiy holatiga to‘g‘ri baho bera boshlaganida Hamida begim ichida
«xayriyat!» deb qo‘ydi-yu, uni muallaq holatdan tezroq yerga qaytarib tushirgisi keldi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |