www.ziyouz.com kutubxonasi
275
Monserrate bosh chayqadi:
— Afsuski, biz hali bunday fikrdan ancha uzoqmiz. Bu fikrga kelmoq uchun boshqa
ellarning muqaddas kitoblarini sizlar kabi astoydil o‘rganmoq lozim. Faqat so‘zda emas,
amalda turli xalqlarning ruhiy boyliklarini e’zozlab, hozir biz o‘ltirgan binodek me’morlik
obidasi qurishning o‘zi — tarixda hali misli ko‘rilmagan bir yangilikdir. «Dunyodagi eng
zo‘r jasorat — ruhning botirligidir», degan naql eshitganmen. Hazrati oliylari, — deb
Monserrate Akbarga murojaat qildi: — Siz shu binoning me’mori ekansiz. Turli ellarni
ruhan yaqinlashtirish niyati bilan yaratgan bu obidangiz menga ulug‘ bir jasoratdek
tuyulmoqda. Men sizning bu kashfiyotingiz oldida bosh egib aytmoqchimenki, biz uni
qadrlashimiz, e’zozlashimiz lozim!
Bu taklifni ko‘pchilik qabul qilgandan so‘ng, asabiy gaplar g‘ubori xiyol tarqadi-yu,
Abdulla Niyoziy so‘z oldi.
— Biz bundan o‘ttiz yil avval Bianadagi xalq harakatiga ishtirok etganimizda orzu qilgan
edikki, qudratli davlat tuzilsa, uning tepasida mamlakatni yaktan-u yakdil qilishga qodir
rahbar tursa, odamlarga azob beruvchi adolatsizliklar yo‘qolsa... Abdulla Ansoriy
janoblari o‘sha paytda Islomshoh saroyining diniy peshvosi edilar. Bizni «dahriy» deb
fatvo berdilar, Islomshoh A’loyini halok qildi... Mening jonim qattiq ekan, yoshim ham
yoshroq edi, mana, haligacha tirikmen. Ansoriy janoblari hamon o‘sha eski xurofot
otidan tushmayotganlari meni taajjubga solmoqda. Biz bu yerga diniy nizolarni bartaraf
etmoq uchun yig‘ilganmiz. Yana eski adovatlarni qo‘zg‘atgandan ko‘ra qaysi elda qanday
ruhiy boylik, qanday ma’naviy fazilat bo‘lsa, shuni bir joyga yig‘aylik. Eng yaxshi
udumlar-u an’analarni barchamiz qabul qilaylik. Ana unda «sulhu kull»* degan oliy
maqsadga tezroq yetgaymiz. Barcha xalqlar, imon-u e’tiqodlari turlicha bo‘lsa ham,
ruhan bir-birlari bilan barobar, teng deb e’lon qilinmog‘i lozim!
Ansoriyning bo‘yniga go‘yo yashirin bir sirtmoq tashlanganday bo‘ldi. Shayx Muborak
bilan Abdulla Niyoziy Akbarning pinjiga kirib olishibdi. Endi ular o‘z dushmanlaridan qasd
olishlari aniq. Ansoriy bo‘ynidagi sirtmoqning tobora siqilib kelayotganini sezib turibdi.
Jon saqlash uchun u endi Akbarni ko‘klarga ko‘tarib maqtashga tayyor edi.
— Taqsir, — deb u avval Abdulla Niyoziyga yuzlandi: — Islomshoh zulmidan biz ham
jabr ko‘rganmiz, uning tazyiqi ostida xato ishlar qilganmiz, buning uzrini Firdavsoshiyon
Humoyun hazratlariga aytganimizda, uzrimizni qabul qilgan edilar. Endi o‘tgan ishga
salavot!.. Biz bugun boshqa bir davrda yashamoqdamiz. Tarixga Jaloliddin Akbar nomi
bilan kirayotgan bu davr chindan olamshumul ahamiyat kashf etmoqda. Muqaddas
kitoblarda karomat qilinmishki, ming yilda bir ulug‘ siymo paydo bo‘lib, dunyoni
adolatsizlikdan poklagay. Men aminmenki, ana shu ulug‘ siymo hozir bizning davramizda
o‘ltiribdirlar. Axir toshhovuzni oltin tangaga to‘latib, o‘z oniflariga shohona to‘lov qilib
tarqatganlari kamdan kam bo‘ladigan saxovat emasmi? Yoki mana bu ibodatxonada
hazratimni boshqa din vakillari ham eng odil ma’naviy peshvo deb ulug‘layotganlari
noyob hodisa emasmi? Shuning hammasini xulosa qilib faqir aytmoqchimenki, nasoralar
masiho deb ataydigan, biz mahdiy deb ulug‘laydigan oliy siymo sizdirsiz, hazratim!
Ansoriy o‘rnidan turib, Akbarga ikki bukilib ta’zim qildi:
— Iloho mahdiylarcha ulug‘ adolat o‘rnatish sizga nasib bo‘lsin! — dedi-da, go‘yo hech
kim aytolmagan eng zo‘r gapni o‘zi aytganday mamnuniyat bilan iljayib qo‘ydi. Shundan
keyin shayx Abdunabi ham Akbarni eng adolatli peshvo deb maqtashga majbur bo‘ldi.
Shayx Muborakka shu kerak edi. U paytdan foydalandi-yu, Akbarni eng oliy faqih va
barcha diniy nizolarni hal qiluvchi mujtahid deb fatvo chiqarish haqida taklif kiritdi.
Ansoriy bilan shayx Abdunabi o‘z tillaridan tutilganlarini shunda sezdilar. Agar Akbar oliy
mujtahid bo‘lsa, shayxulislom ham, sardlar suduri ham kerak bo‘lmay qoladi!
Shuni jon-dili bilan istab yurgan Abulfazl fatvoni oldindan yozdirib, tayyorlab qo‘ygan
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |