www.ziyouz.com kutubxonasi
276
edi, unga birinchi bo‘lib shayx Muborak imzo chekdi. Shayx Abdulla Niyoziy ham darhol
qo‘l qo‘yib berdi. Shundan keyin Abulfazl fatvoni shayx Abdunabining oldiga olib bordi.
Nasoralar va brahmanlar «nima bo‘larkin?» deb jim qarab turishibdi. Akbar ko‘zini yerga
tikkanicha qimir etmaydi. Ammo uning sukuti shayx Abdunabiga ovini poylayotgan
yo‘lbarsning sukutini eslatdi. «Yo‘q!» deb ko‘ring-chi! Hozirgina Akbarni «eng adolatli
hakam!» deb maqtaganlari riyokorlik, quruq tilyog‘lamalik bo‘lib chiqadi. Shayx
Abdunabi og‘ir bir xo‘rsindi-yu, fatvoga imzo chekdi.
Navbat Ansoriyga kelganda uning qo‘lidagi qalam dir-dir titray boshladi. Bu qanday
ko‘rgilik? O‘z qo‘li bilan o‘ziga go‘r qaziganday ish qilsa-ya... Qaltiragan qo‘li qog‘ozni
tirnab, harflarni chalkashtirib yubordi, lekin bari bir qog‘oz yuzida uning imzosi paydo
bo‘ldi.
Tamom!.. Shayx Ansoriy uyiga kelib bir kun kasal bo‘lib yotdi. Ertasi kuni ichini
yondirayotgan alamni qog‘ozga tushirib, ko‘nglini bo‘shatgisi keldi-yu, Patnadagi sirdosh
do‘sti mulla Tanvirga maxfiy maktub yozdi. Maktubda «Butun islom tarixi Akbarga
qarshi!», «Podsho mujtahid bo‘la olmaydi». «Meni imzo chekishga majbur qildilar!»,
«Bilasiz, goho qaroqchilar bilan ham vaqtincha, murosa qilingay» degan gaplar yozilgan
edi.
Mulla Tanvir keyingi paytda Akbarga ixlos qo‘ya boshlaganidan Ansoriy mutlaqo bexabar
edi. Isyon hidi kelayotgan maktub mulla Tanvir orqali aylanib kelib, Akbarning qo‘liga
tushdi. Kech kuz oqshomida Akbar Ansoriyni devoni xosga chaqirtirib kelib tikka turg‘izib
qo‘ydi. Abulfazl mulla Tanvirdan qaytib kelgan maktubni Ansoriyga ovoz chiqarib o‘qib
berdi. Ansoriy maktubdan tonib qutula olmasligini sezdi-yu, oyoqda turolmay tiz cho‘kdi:
— Meni avf eting! Jahl ustida yozgan edim, aqlsizlik qilganmen!.. Qirq yillik xizmatlarim
haqqi, meni bir marta kechiring!
Akbar g‘azab bilan dedi:
— Qirq yillik xizmatlar emas, riyokorliklar, xoinliklar! Bayramxonning o‘limida ham
ishtirokingiz borligini sezganmen! Adhamxon bilan Mohim enaganing boshiga yetgan
ham sizsiz! Dehlidagi Po‘lat vasvasni ishga solib, menga o‘q ottirganlarning ilhomchisi
ham siz bo‘lgansiz!
— Yo‘q, yo‘q, tangri haqqi, men bu suiqasddan bexabarmen! Ahmoq bo‘lib, Tanvirga shu
maktubni yozganim rost!
— Ibodatxonada meni mahdiy deb maqtab, maktubda «dahriy!» deb qarg‘agan odam
har qanday razolatga qodir emasmi?
— Riyokorlik qildim, rost. Bu gunohim uchun, mayli hajga boray! Makkatulloga borib,
poklanib kelay!
Keksa odam Akbarning oyog‘iga yiqilib iltimos qilgandan keyin, Akbar uning hajga
ketishiga ruxsat berdi. Ansoriy hajdan keyin Gujaratga qaytdi va o‘sha yerda vafot etdi.
U o‘z bobosining maqbarasiga yashirib yurgan ikki sandiq oltin davlat ixtiyoriga olindi va
navro‘z bayramida miskin-bechoralarga ulashildi.
_______________
* D h o t i — keng ishton.
* P a d r e — ota. Ruhoniylar unvoni.
* Har tomonlama sulh, tinchlik.
* * *
Saroyda har chorshanba oqshomi orasta bazmlar va she’riy majlislar bo‘lar edi. Akbar
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |