www.ziyouz.com kutubxonasi
278
yuz-u o‘n sakkizga kirgan bu odam bir umr uylanmasdan bo‘ydoq o‘tmoqda edi.
Kohiyning siyrak soqoli paxtaday oppoq, yakkam-dukkam qolgan jag‘ tishlari yeyilib,
milkiga tenglashib qolgan, jussasi ham kichkina. Shu yoshdagi odamdan bunday she’r
chiqishini kutmagan odamlar uning har bir baytiga qoyil bo‘lib, o‘tirgan joylarida
tebranib qo‘yishardi:
Hamchu fili mast mexoham bixurusham har zamon
Oshkor ato kunam rozinihoni xiyshro.
Boz mego‘yam, hadisi ishq xushtarast,
Behki, chun fil nigoh doram zaboni xiyshro*
Shu yoshdagi odamning mast filday jo‘sh-u xurush qilmoqchi bo‘lgani, lekin yana fillarga
xos vazminlik bilan tilini tiyib yurishi Akbarning she’rdan olayotgan zavqini yana bir
daraja oshirdi. U o‘zi haqidagi oshkora maqtovlar va madhiyalarni ko‘p eshitgan. Bu
yerdagi she’riy iffat, kamtarlik va go‘zal bir tabassum Akbarga nihoyatda yoqqani uchun:
— Mavlono, yana bir o‘qisinlar! — deb she’rni ikkinchi marta eshitdi. So‘ng bironta
nuqsoni yo‘qligini, har bir so‘zi gavharday xillanganini maqtadi va Abulfazlga yuzlandi: —
Bir yuz-u o‘n sakkiz yoshda shunchalik mukammal she’r yozish — kamdan kam
uchraydirgan mo‘jizadir. Mavlono Kohiyning poyi qadamlari tabarruk. Saroy
darvozasidan to shu yerga kelgunlaricha necha qadam qo‘ygan bo‘lsalar har bir
qadamlariga yuz rupiydan in’om berilsin! minba’d saroyga har kelganlarida yana ming
rupiydan berib turilsin!
Mushoira bo‘lgan joydan saroy darvozasigacha yuz qadamdan ortiq edi. Saroy
shoirlaridan hech biri hali bunday qisqa she’r uchun o‘n ming rupiy mukofot olmagan
edilar. Qosim Kohiy ta’zim qilib, bu in’om uchun Akbarga minnatdorchilik bildirar ekan,
uning allanarsadan ko‘ngli to‘lmagani so‘nik ko‘ringan ko‘zlaridan sezildi.
Ertasi kuni xazina ochilganda Qosim Kohiy kelib o‘n ming rupiyni olib ketishi kerak edi.
Lekin oradan bir hafta o‘tdi hamki, keksa shoir saroyga qaytib kelmadi. Akbar uni kasal
bo‘lib qolmadimikin, deb Abulfazlni xabar olgani yubordi. Qosim Kohiy kichkina bog‘
hovlida turar, uy yumushlarini qiladigan mosh-guruch soqolli bitta xizmatkoridan boshqa
hech kimi yo‘q.
Abulfazl uning tokchalarida kitoblar turgan xonasiga kirib, hol-ahvol so‘radi-yu:
— Nechun hanuzgacha xazinadan mukofotni olmadingiz? — dedi.
— Muncha pul menga ne kerak, janob vazir? Merosxo‘rim bo‘lmasa!.. Men u she’rni
mukofot uchun yozgan emas edim.
— Ehtimol, boshqa tilagingiz bordir? Ayting, men a’lo hazratga yetkazay.
Qosim Kohiyning old tishlari allaqachon to‘kilib, lablari ichkariga botib ketgan, uchi xiyol
qayrilgan uzun burni egilib tushib, lablariga tegay deb qolgan.
— Men yoshimni yashab bo‘lganmen, menga mol-dunyodan ko‘ra imon-u e’tiqod
azizroq. Navoiydek, Jomiydek ulug‘ siymolarni ko‘rganmen. Ular diniy adovatlarni
qanday yo‘qotishning yo‘lini izlab, topolmay ketgan edilar. Akbar hazratlari turli
e’tiqodlarni teng ko‘rib sulhi kull e’lon qilish bilan hanuzgacha topilmagan yangi bir yo‘lni
kashf qildilar. Men umrimning oxirida ana shu yo‘ldan yurib o‘tmoqchimen. Agar
hazratim meni o‘zlariga sodiq maslakdosh deb bilsalar, faqir uchun eng oliy mukofot ana
shu bo‘lg‘ay!
Abulfazldan bu gaplarni eshitgan Akbar:
— Mavlono Kohiyning bu javobidan boshimiz ko‘kka yetganini borib ayting, — dedi. —
Agar istasalar, payshanba kuni yaqin maslakdoshlarimiz davrasiga marhamat qilsinlar!
Bog‘i Fathning tillakori mehmonxonasiga xufton kech yig‘iladigan shayx Muborak, roja
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |