www.ziyouz.com kutubxonasi
279
Birbal, Abulfazl, uning shoir akasi Fayzi, Aziz ko‘ka, Abdurahim xoni xononlar qatoriga
navbatdagi payshanba kuni Qosim Kohiy ham kelib qo‘shildi.
— Mavlono, — deb Akbar eng avval unga murojaat qildi, — siz ajoyib she’riy
muammolar yozmishsiz. Bizning o‘trumizda* mushkul hayotiy muammolar turibdir. Biz
sulhi kull e’lon qilib birlashtirmoqchi bo‘lgan turli imon-u e’tiqodlar bamisoli mustaqil qa-
yiqlardek har biri alohida suzib o‘rganmishdir. Maqol borki, ikki qayiqning boshini tutgan
odam g‘arq bo‘lur. Muxoliflarimiz bizni ham g‘arq qilmoqchilar. Ularning nazarida biz na
muslim, na ma’jusiy, na otashparast — bu dinlarning hech biriga to‘liq dil bermagan, ora
yo‘lda qolgan dinsizlar emishmiz.
Shayx Muborak bu ta’na-dashnomlarni Akbarga aytishga tili bormay istihola qilib yurgan
edi. Endi ularni Akbarning o‘zi aytganidan dadillandi-yu, so‘zlashga ijozat oldi:
— Hazratim, sizdek imoni mustahkam siymoga nisbatan aytilgan bu so‘zlar o‘taketgan
tuhmatdir! Bu tuhmatdan qutulishning yagona yo‘li — siz kashf etgan oliy e’tiqodni yangi
ta’limot shakliga solib e’lon etmoqdir. Ibodatxonada aytgan edingizki, turli imon-u
e’tiqodlar tog‘ yonbag‘irlari kabi baland bir cho‘qqiga yetganda birlashurlar. Ana shu
ma’naviy yuksaklikni siz asos solgan yangi maslak deb atasak arzir!
Akbar o‘zini yangi bir maslakning asoschisi qiyofasida tasavvur etdi-yu, eti jimirlab,
o‘zidan o‘zi seskanib ketdi. Kecha onasini ko‘rgani borganda Hamida begim yana
xavotirga tushib aytgan gaplar qulog‘iga qayta eshitilganday bo‘ldi: «Shayx Muborak
sizni «mahdiy» deb ishontirib, Bhirada ne ko‘ylarga solgani yodingizdan chiqdimi, shoh
o‘g‘lim?».
— Xotirjam bo‘ling, onajon, o‘g‘lingiz u ko‘chalarga qaytib kirmagay. Men o‘zimning
mahdiy ham, payg‘ambar ham emasligimga allaqachon imon keltirganmen. Shuning
uchun faqat bosh faqihlik — mujtahidlik unvonini qabul qilganmen, xolos.
— Akbarjon, Siz podsholig‘-u sarkardalik yukini qiynalib ko‘tarib yurganingiz ozmiki,
shayx Muborak yangi maslakning og‘irini ham sizning yelkangizga ortmoqchi?
Onasining kuyunib bergan bu savoliga Akbar hali javob topa olgani yo‘q. U yangi
maslakning og‘ir yukini yelkasiga olishga yuragi betlamay Qosim Kohiyga yuzlandi:
— Mavlono, siz ko‘pni ko‘rgan siymosiz, bizga maslahat bering.
— Faqirdan maslahat so‘raganingiz uchun tashakkur, hazratim! Salkam yetmish yil
Turon-u, Xuroson-u, Kobulda yashadim, ellik yildan beri Sind-u Hindda istiqomat
qilmoqdamen. Aqlimni taniganimdan buyon men jahonni kezib, goh adashib, goh
turtinib, ruhim yayraydigan ma’naviy bir manzil izladim. Nihoyat, yoshim yuzdan
oshganda yetib kelgan eng oliy ma’naviy manzilim — siz hozir rahbari bo‘lgan mana shu
tabarruk davra bo‘ldi. Umr bo‘yi meni ruhoniylar istibdodi qiynab kelar edi. Siz shu
istibdodni yo‘qotganingizdan beri ruhim yayramoqda. Ammo bu istibdodnnig ketidan kun
ko‘rgan, boy bo‘lgan, martaba orttirgan ulkan bir guruh ulamo-yu mulla imomlar bor,
ular alamzada bo‘lib, qasd olishni o‘ylab yuribdir. Ular uchun bid’at-u xurofot — bamisoli
borut solingan ombor. Shunday bir tayyorlik ko‘rmoq kerakki, yangi ta’limotingiz e’lon
qilinganda g‘animlaringiz uning uchqunlari bilan borut omborini portlata olmaydigan
bo‘lsinlar.
— Rahmat sizga, mavlono, mening dilimdagi gapni aytdingiz! — deb Akbar Kohiyning
fikrini davom ettira boshladi: — Faqat ichkarida emas, qo‘shni mamlakatlarda ham
muxoliflarimiz bizning xudodan qaytganligimiz haqida dod-voy ko‘tarmoqdalar. Erondan
safaviylar, Turondan shayboniyzodalar bizga elchilar yuborib: «Islomdan voz
kechganingiz rostmi?» degan ma’noda savollar bermoqdalar. Biz ham ularga elchilar
yuborib, «alhamdulillo muslimmiz» degan mazmunda javoblar yozdik. Bizga qarshi
ko‘tarilgan xurujlar hali-beri bosilmagay. Viloyatlardan kelayotgan maxfiy axbrotlar
vaziyat nihoyatda murakkabligidan dalolat bermoqda. Shuning uchun yangi ta’limotni
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |