www.ziyouz.com kutubxonasi
281
— Hazratimga mujtahidlikning ne keragi bor? — deb mavlono Farid og‘ir uf tortdi.
Bir vaqtlar u ham Akbarga bag‘ishlab she’rlar yozgan edi. Yaxshi g‘azal va ruboiylari
bo‘lgani uchun mavlono Farid sohibqalam shoir hisoblanardi. Gujarat yurishida qirq
kunlik yo‘lni Akbar bilan to‘qqiz kunda bosib o‘tgan va Muzaffar Husayn mirzoga qarshi
urushda bir o‘zi to‘rtta yov navkarini qilich bilan urib yiqitgan dovyurak odam ham shu
Farid Buxoriy edi. Akbar uni «sohibi sayf va qalam» deb maqtab, Farid Buxoriyga
mavlonolik unvonini bergan va Salimga tarbiyachi muallim qilib qo‘ygan edi.
Biroq mavlono Faridning shayx Muborak bilan sozi kelishmas, Salimga sirdoshlarcha
shivirlab:
— Hazratimni shu shayx ikki o‘g‘li bilan butunlay o‘zlariniki qilib olmoqdalar! — dedi. —
«Dohiy», «mahdiy», «mujtahid» — hammasini shular o‘ylab chiqarmishdir. Katta o‘g‘li
Fayzi Fayoziy hazratim haqida doston yozib ulkan mukofotlar oldi. Kichik o‘g‘li Abulfazl
eng birinchi vazir. Shayx Muborakning o‘zi ashaddiy dushmanlari bo‘lgan ansoriylarni
hazratimning yordamida yo‘q qilib qasd oldilar. Bo‘ldi-da endi!
Bu gaplar ta’sirida Salim otasini Shayx Muborak va Abulfazldan qizg‘anadigan bo‘lib
borar edi.
Salim otasining diydoriga to‘ymay o‘sayotgan bo‘lsa, mavlono Farid farzandga zor edi. U
uch marta uylangan, lekin farzand ko‘rmagan, yoshi qirqdan oshgandan so‘ng taqdirga
tan bergan. Endi Salimni o‘ziga farzandday yaqin olib, dilida qatlanib yotgan otalik
mehrini butunicha unga sarf qilar edi. O‘smirlarda bo‘ladigan ishonuvchanlik va ota
mehriga tashnalik tufayli Salim ham mavlono Faridning mehriga dilini ochib berar va uni
o‘zining eng yaqin sirdoshi deb bilardi.
— Amirzodam, endi siz Abulfazldan ehtiyot bo‘ling, — derdi. — Hazrat otangiz shu
vazirning maslahatiga kirib, kofir farangilarni saroyga ishga olmoqchi emishlar. Padrelar
siz bilan shahzoda Murodga muallim bo‘lib, farangi tilini o‘rgatarmish!
Shayx Farid bu gap bilan Salimni cho‘chitmoqchi edi. Salim boshqa bir olamdan kelgan,
kiyimlari ham, yurish-turishlari-yu gapirishlari ham o‘zgacha bo‘lgan farangilarga
o‘smirlarcha bir qiziqish bilan qarar edi. Shayx Farid o‘nta gapirganda bitta ham javob
aytmay, o‘ychan va xomush yurgan Salim ustozining so‘nggi gapidan allanechuk
tetiklandi:
— Qachon... saboq berarmish? — deb so‘radi.
— Sarmunshi Naqibxon aytdi. Ehtimol, erta-indin hazratim sizni chaqirib qolarlar...
Kofirdan til o‘rganishga rozi bo‘lurmisiz, amirzodam?
— Farangilar forsiy tilda so‘zlarmishlar-ku. Gaplarini eshitib ko‘ray. G‘aroyib
sarguzashtlarni bilarmishlar.
— Ammo sarguzasht aytish bahonasi bilan, sizni o‘z dinlariga... o‘tkazib olsalar-chi?
Salim endi xiyol kulimsiradi:
— Siz menga bergan ta’limlarni dilda mahkam tutgaymen, mavlono. Bobolar e’tiqodiga
sodiqmen!
Farid Buxoriy Salimga turkiy tildan dars bergan, Navoiy, Bobur she’rlaridan yuzlab satr
yod oldirgan, shular ta’sirida Salimda ulug‘ bobolariga kuchli bir ehtirom paydo bo‘lgan
edi. Ayni vaqtda, Farid Buxoriy Salimni hind onasi-yu tog‘alari ta’siridan ham uzib
olishga intilardi. Salimning tog‘alari Man Sinx va Bhagvan Das botir jangchilar bo‘lsa
ham, Ulug‘bek, Bobur kabi noyob kitoblar yozgan emaslar. Shuning uchun Salim ulardan
ko‘ra ota ajdodlariga o‘zini yaqinroq oladi va ularning ma’naviy merosiga qalbini kengroq
ochadi. Agar Salimni «tog‘alariga tortibdi» deyishsa, izzat-nafsiga tegadi, chunki bu uni
yarim hind, yarim muslim qilib ikkiga bo‘lib maydalashtiradigan va yarimta-yurimta qilib
ko‘rsatadigandek tuyuladi. U Farid Buxoriy ta’sirida temuriy bobolarining udumini
otasidan ham mahkamroq tutishga intiladi. Ustozi ham shu boisdan uni o‘z farzandiday
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |