www.ziyouz.com kutubxonasi
271
tozalandi. Xazinadan charm qoplarda olib chiqilgan tangalar qup-quruq qilib artilgan
marmar hovuzga xuddi omborga to‘kilgan bug‘doyday to‘kildi. Hovuz lim-lim to‘lganda,
unga o‘n yetti kurur* rupiy tanga siqqanini Akbarga ma’lum qildilar. Shuncha ko‘p pulni
xayr-u ehson tarzida ulashish bek-u a’yonlar uchun aqlga sig‘maydigan bir ish edi. Akbar
buni onif — to‘lov deb atadi:
— Oniflar — davlatning yordamiga muhtoj keksalar, yetimlar, nogironlar, beva-
bechoralardir. Biz bu pullarni fuqarodan soliq tarzida olganmiz. Endi uni barcha imon-u
e’tiqod vakillariga barobar ulashsak adoaltdan bo‘lgaymi, yo‘qmi, taqsirlar?
Akbarning bu savoli ruhoniylarga qaratilgan edi. Eng avval shayx Muborak:
— Behad katta savob bo‘lg‘aydir! — deb xitob qildi.
Hind brahmani deva Prasad ham:
— Brihma, Shiva, Vishnu — uchalasi ham bunday saxovatdan shod bo‘lurlar! — dedi.
Shayx Ansoriy va Abdunabilar marmar hovuz to‘la pulning machit-u mozorlarga emas,
kambag‘al muhtojlarga ulashilishini uncha yoqtirmasalar ham, lekin onif — to‘lovning
savob ish ekanini tan olishga majbur bo‘ldilar.
Shundan keyin Akbar mirdevonga tayinladi:
— Sohib Todar Mal, o‘zingiz tuzgan ro‘yxat bo‘yicha chinakam muhtoj odamlarga
berilishini nazorat qiling, toki ochko‘z puldorlar janda kiyib kelib, beva-bechoraning
haqini olib ketmasin!
Toshhovuz to‘la tangalar o‘n minglab muhtojlarga qirq ikki kun davomida ulashildi.
Shu orada jizya solig‘i ham bekor qilindi. Abulfazl dilidagi bu orzuning amalga
oshganidan behad shod bo‘ldi.
— Hazratim, Panjobda, Ganga bo‘yidagi Audda el-ulus sizning haqingizga hindcha
qo‘shiqlar to‘qibdilar, — deb daftarga yozib olingan satrlarni Akbarga o‘qib berdi:
Hind-muslim adovati yo‘qolib bitsin,
Akbarni kuylaylik, maqsadga yetsin.
O tangrim Krishna, Akbarga umr ber,
Uning islohoti doim bo‘lsin bor*.
she’rdan mamnun bo‘lgan Akbar:
— Xalqda donishmandlar ko‘p! — dedi. — Dilimizda borini darrov sezibdilar.
— Jizyadan tashqari hindlardan olinadigan ziyorat solig‘i ham shayx ansoriylarni boy
qilmishdir, hazratim! Banorasga yoki Ganga bilan Jamna quyiladigan joyga ziyoratga
boruvchi g‘ayridinlar muslim nozirlariga bir rupiydan soliq to‘laydirlar. Bir yilda o‘n kurur
ziyoratchi borsa, o‘n kurur rupiy foyda qilurlar!
Akbarning navbatdagi farmoni bilan ziyorat solig‘i ham bekor qilindi. Mamlakatning
ko‘pchilik aholisi bu diniy soliqlardan qutulganlari uchun Akbardan qanchalik mamnun
bo‘lsa, katta daromad manbaidan ayrilgan muxtasib-u qozilar, imom-u ulamolar undan
shunchalik norozi edilar. «Podshomiz dinidan qaytdi!», «Musulmonchilik tamom bo‘ldi!»,
«Majusiylar tepamizga chiqib ketdi!» degan ig‘vo gaplar tarqala boshladi.
Shuning ustiga Goa orolidan Fathpur-Sekriga Akbarning maxsus taklifi bilan kelgan
farangi ruhoniylari uchun podsho saroyi ichidan joy berildi, ularning o‘z tillarida ibodat
qilinishlari uchun tezlikda kichkina cherkov ham tiklandi. Saroy ichida malika Jodha Bay
qurdirgan hind ibodatxonasi borligidan nolib yurgan muslim ulamolari endi cherkov
tepasiga o‘rnatilgan nasoralar salibini ko‘rib, jonlari halqumlariga kelganday
bezovtalandi. Shayxulislom Ansoriy Akbarning huzuriga kelib, kofirlardan ehtiyot bo‘lish
haqida muqaddas kitoblarda nimalar deyilganidan gap boshladi:
— Hazratim, farangilar ilonning yog‘ini yalagan, bilintirmay zahar solgay. Buni ular bilan
muomalada bo‘lgan podsholar yaxshi bilurlar. Eron-u Turon tojdorlari kofirlarni hatto
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |