www.ziyouz.com
кутубхонаси
21
Qayiqni jildirish oldidan ovchilar yerni ham to‘ydirishni unutmadilar. Tyulen yuragini mayda-
mayda bo‘laklab yerga sochib, orol egasidan keyingi ovning ham baroridan kelishini tilashdi. Shu
asnoda ular yana dengizga chiqishdi.
Kichik siyna ortda qoldi. Atrofini tund suvlar o‘rab olgan yolg‘iz orol huvillab qolgan, g‘aribona
va ayanchli ko‘rinardi. O‘rta siynaga qarab yo‘l olishdi. Qosh qoraya boshladi. Eshkakchilar qorong‘i
tushguncha O‘rta siynaga yetib olib, qayiqni panaroq joyga qo‘yib, tunab kolish maqsadida jon-
jahdlari bilan harakat qilishardi. Kichik siyna go‘yo suvga cho‘kib ketganday ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi,
ammo O‘rta siyna hali-veri ko‘rinay demasdi. Yana borliqni suv qoplab oldi.
Ovchilar o‘lja payiga tushishganida dengiz sezilarli darajada o‘zgara boshlagan edi. To‘lqinlar
qalinlashdi. Zichlashdi. Suvning mavji avvalgi yo‘nalishda bo‘lsa ham shamolning yo‘nalishi
o‘zgargan edi. Qayiq endi avvalgidan ko‘ra kuchliroq silkinib chayqalmoqda edi. Ammo ovchilar
havoning avzoyidan ko‘proq xavotirlanishardi. O‘zi nima bo‘lyapti? Odatda yilning bu faslida havo
aynimas edi-ku! Allaqayoqlardan uchib kelgan g‘ubor olislardagi zulmatli o‘rmonlardan chiqqan
yong‘in alangasining tutuniday, butun osmonni qoplab oldi. Tutun garchi osmonni o‘rab olgan va hech
kimga hech qanday xalal bermayotgan bo‘lsa ham ovchilar g‘ashlanib qolishdi.
— Qayoqdan kelyapti bu balo? — o‘zicha g‘udrandi O‘rxon bobo atrofga noxush boqar ekan.
Endi ular hozir O‘rta siyna ko‘rinib qoladi, deb zo‘r berib eshkak eshar edilar — O‘rta siyna
hammasidan ko‘ra qulay va tinch edi-da.
Bu orada havo bir oz ochildi, hatto dengizning narigi chekkasidan quyosh mo‘ralab qoldi. Bu
yorug‘lik aql bovar qilmas mo‘‘jizaga o‘xshar, go‘yo u olamning narigi chekkasidan chiqayotgandek
edi. Bu quyoshga bemalol qarash mumkin edi, u ko‘zni qamashtirmasdi. Quyosh qontalash tusga kirib,
asta-sekin qizarib, alvonlanib, xira ufqqa bota boshladi. Osmonning chiroyi ochilgach, yana dengiz
yuziga shu’la yugurdi, yana osoyishtalik hukm sura boshladi. Odamlar ham darrov xotirjam bo‘la
qolishdi. Ular endi orolda tinch joy topib, orom olishni xayol qila boshladilar.
— Ozgina sabr qilsang, oldinda O‘rta siyna ko‘rinib qoladi,— dedi O‘rxon bobo yonida o‘tirgan
Kiriskning yelkasiga qoqib.
Bola allaqachon chanqagan, ammo otasining taqiqlariga soddadillik bilan amal qilardi. Ovga
chiqish oldidan otasi chuchuk suv dengiz safarida hamisha kamchil bo‘lishini tushuntirgan edi. Safarda
uydagiday istagan vaqtingda suv ichish mumkin emas. Hatto uchala orolda ham biror tomchi chuchuk
suv yo‘q. Qayiqqa esa ortiqcha yuk ortib bo‘lmaydi. Hamma qachon suv ichsa, sen ham o‘shanda
ichasan.
To‘satdan olisda quyosh ko‘rinib, olam yorishgan lahzalarda bola O‘rxon boboning ko‘ngli
yumshaganligini sezdi.
— Atkichx! Suv ichgim kelyapti, judayam! — dedi u yigitlarday kulimsirab, otasiga qarab qo‘ydi.
— Shunday degin! — endi esiga tushganday miyig‘ida kuldi O‘rxon bobo. — Haligidaka
qoyilmaqom jigardan keyin albatta odam chanqaydi-da! Turgan gap, chanqaydi! Axir, hammamizning
suv ichgimiz kelyapti, to‘g‘rimi?
Emrayin bilan Milxun tasdiqlab, bosh irg‘ab qo‘yishdi. Kirisk sevinib ketdi, demak, bitta o‘zi
emas, hammaning suv ichgisi kelayotgan ekan.
— Unday bo‘lsa suv bilan siylaymiz o‘zimizni, keyin bir chekib olsak ham bo‘ladi! — dedi O‘rxon
bobo boshqaruvchi eshkakning dastasini o‘z holiga qo‘yib, so‘ng qayiqning tubidan kichik bochkani
oldi, uni qulayroq joylashtirib, ichi chegalangan tunuka cho‘michga bochkaning og‘zidan sekin
jildiratib suv quya boshladi. Suv muzdekkina, tiniq edi — Olapar qoyasining dengizga teskari
tarafidagi buloqdan olingandi. Bu o‘sha, o‘zlarining doimo ichib yurgan tip-tiniq, mazali va suyumli
suvlaridan edi. Yozda chayqalgan suv o‘tlari hamda zax yerning hidi kelardi undan.
Kirisk cho‘michni tutib turardi. Bolaning tezroq suv ichgisi kelardi. Cho‘mich yarim bo‘lganida,
O‘rxon bobo bochkaning teshigini po‘kak bilan yopdi va bolaga qarab:
— Ichaver! — dedi. — Keyin boshqalarniyam chanqog‘ini qondirasan. Chayqatib, to‘kvormagin
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |