www.ziyouz.com
кутубхонаси
24
qoldi. Bir lahza o‘z holiga qo‘yilgan qayiq to‘lqinlar orasida pista po‘choqday chayqala boshladi. Shu
zahoti qalin tuman ortidan qudratli to‘lqinning odamni seskantiruvchi gumburlashi eshitildi. Dahshatli
to‘lqin quturib, ko‘pirib-toshib kelardi.
— Qayiqni bur! — jon-jahdi bilan qichqirdi O‘rxon. — Qayiqning tum-shug‘ini to‘lqinga qarab
bur!
Eshkakchilar qayiqni to‘lqin qarshisiga arang burib ulgurishi bilan po‘rtananing birinchi zarbi
qayiqni ag‘darib yuborishiga sal qoldi. Birinchi dahshatli po‘rtana ortidan yana dengiz g‘alayoni
ko‘tarildi va shu zahoti qalin tuman yetib keldi. Tobora yopirilib kelayotgan tumanning old qismi juda
yaqin qolganda mana shu girdobli tirik zulmatning naqadar yovuz kuch bilan, naqadar mash’um niyat
bilan bosib kelayotgani aniq ko‘rinib turardi.
— Shamolning qaysi tomondan esayotganini eslab kolinglar! Shamolning yo‘nalishini
unutmanglar! — deya qichqirishga ulgurdi O‘rxon.
Shu zahotiyoq ularni quyuq zulmat yutib ketdi. Tuman go‘yo tog‘ ko‘chkisiday dahshat bilan
yopirilib, ularni cheksiz zulmat girdobiga g‘arq qilib yubordi. Shu lahzadayoq ular bir olamdan boshqa
olamga tushib qolishdi.
Hamma narsa zulmat qa’riga cho‘mib ketdi. Shu lahzadan boshlab na osmon, na dengiz, na qayiq
qoldi. Ular endi hatto bir-birlarining basharalarini ham ko‘risholmasdi. Shu lahzadan boshlab ular o‘z
tinchlarini yo‘qotgan edilar — dengiz quturayotgan edi. Po‘rtanalar qayiqni dam balandga, dam pastga
irg‘itar, dam yuqoriga, dam to‘lqinlar orasida hosil bo‘lgan suv o‘ralariga uloqtirib tashlardi. Toshqin
va chayqalishlardan ovchilarning kiyimlari shalabbo bo‘lib, og‘irlashib ketdi. Lekin, eng yomoni,
quyuq tuman ichida qolgan odamlar atrofida nimalar borligini sezishmas va ko‘rishmas, dengizda
nimalar bo‘layotganligini, nima chora ko‘rish kerakligini bilmay garang edilar! Faqat bir narsa, u ham
bo‘lsa tavakkaliga suzish, qayiq ag‘darilib ketmasligi uchun bir amallab ko‘r-ko‘rona harakat qilish
qolgan edi, xolos. Endi qayiqni qandaydir mo‘ljalga qarab haydash to‘g‘risida gap ham bo‘lishi
mumkin emasdi. To‘lqinlar qayiqni xohlagan ko‘yiga solib, istagan tomoniga eltib tashlashi mumkin
edi.
Kirisk ilgarilari ham shunday voqealar bo‘lganligini eshitgandi. Ilgarilari ham ovchilar dengizda
falokatga uchrashgan. Ilgarilari ham ovga ketgan odamlar izsiz g‘oyib bo‘lishganda umumiy motam
tutilgan. Ana shu motam paytida Olapar qoyasining yonbag‘irlarida ayollar bilan bolalar bir necha kun
gulxan yoqishardi — balki yo‘qolganlar to‘satdan topilib qolar, deb umid qilishardi. Ana shu vaqtlarda
Kirisk ochiq dengizda halok bo‘lish naqadar dahshatli, vahimali bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan
edi. U, aksincha, kish faslining mehmonlari bo‘lgan, butun olamni sutga chayqaganday oppoq va sokin
qilib yuboradigan mana shu beozor tumanlarni yaxshi ko‘rardi. Butun olam sehrlanganday oppok
sukunatga cho‘mib, bir tekis oqlikka o‘ralgan ana shu paytlarda yer yuzidagi barcha narsalar havoga
parvoz kilib, rang-ro‘yi oqarib, arvohga aylanib serrayib kolganday tuyulardi. Ana shu paytlarda
bolaning yuragi orziqib ketar, allaqanday afsonaviy manzaralarni ko‘radiganday, bayon qilib
bo‘lmaydigan qo‘rquv va hayajonga cho‘mar, ana shu go‘zal ertakka o‘xshash harir tumanlar shu qadar
dahshatli kuchga aylanishini tasavvur qilolmasdi. Quturgan dengiz ustidagi bulutning dam sirg‘alib
eshilib, dam yoyilib va yana zichlashib qop-qora bo‘lib buruqsab borishi ilonning harakatini eslatardi...
Qayiq eshkagini ikki qo‘li bilan mahkam ushlab olgan Kirisk titrab-qaqshab, O‘rxon boboning
oyog‘iga mahkam yopishib oldi.
— Sen meni ushlab ol! Qattiq ushlab ol! — deb qulog‘i ostida qichqirdi O‘rxon bobo va bolaga
boshqa nima deyishini, qanday yordam qilishini bilmay jim qoldi.
Endi hech kim bolaning ahvolini yengillashtira olmasdi, chunki dahshatli ofat oldida hozir hamma
ojiz edi. Hatto, Kirisk dod solib, ota, deb baqirib-chaqirib yig‘laganida ham Emrayin joyidan jilmagan
bo‘lardi. Chunki otasi bilan Milxunning zo‘r berib, to‘lqinlarningko‘tarilishi va pasayishlarini
chamalab qayiqni to‘g‘rilab turishlari tufayligina ular cho‘kmayotgan edilar.
To‘lqinlar esa hech narsani ilg‘ab bo‘lmaydigan tuman ichida qayiqni tobora jadallatib
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |