www.ziyouz.com
кутубхонаси
22
tag‘in, — ogohlantirib qo‘ydi u.
Kirisk avvaliga yutoqib icha boshladi, so‘ng sekinlashdi va oxiri suvdan bo‘kkan yog‘och hidi
kelayotganini sezdi.
— To‘ydingmi? — so‘radi O‘rxon bobo.
— To‘ydim.
— Ko‘zing aytib turibdi, to‘ymabsan. Mayli, aytganing bo‘lsin, senga yana ozroq quyib beray.
Jigar degani juda kuchli narsa. Yerdaligimizda chelaklab ichsang ham bo‘laveradi, — dedi O‘rxon
bobo yana jildiratib cho‘michga suv quyarkan.
Bola suvga qongandan keyin kattalarning bunday paytlarda aytadigan «Ko‘nglim joyiga tushdi»
degan gaplarining chin ekanligini his etdi.
O‘rxon bobo eshkakchilarga ham chorakam bir cho‘michdan suv quyib berdi. Suvli cho‘michni
qayiqchilarga Kirisk uzatib turdi. O‘zi suvga to‘ygani uchun bola boshqalarning ham suvga qonib
olishini xohlardi. O‘rxon bobo boshqalarga nima uchun chorakam bir cho‘michdan suv berganligining
sababini tushuntira ketdi.
— Sening hali jussang kichik, ularni ko‘rdingmi, qanaqa? Bularni mehnatiyam og‘ir. Eshkak
eshgan odam ko‘proq chanqaydi.
Emrayin bilan Milxun chindan ham cho‘michni bir ko‘tarishda bo‘shatib qo‘yishdi, ularga yana
ozroqdan quyishga to‘g‘ri keldi. O‘rxon oqsoqol kattalarga ta’na qildi:
— Bu deyman, og‘aynilar, ja yuho bo‘p ketmanglar. Daryo bo‘yida o‘tirganlaringiz yo‘q-ku!
Emrayin bilan Milxun faqat jilmayib qo‘yishdi. Go‘yo, buni o‘zimiz ham bilamiz, lekin nima
qilaylik, axir suv ichgimiz kelib tursa, deyishayotganday edi.
Lekin O‘rxon boboning o‘zi ham o‘z ulushini ichib bo‘lib, miyig‘ida kulib, bosh chayqadi:
— Eh-h, daryo bo‘yida o‘tirsak yaxshi bo‘lardi. Xom jigar degani odamni rosa ko‘tararkan...
So‘ng chol munshtugini tamakiga to‘ldirib, tutun buruqsatib, xuzur qilib cheka boshladi. Chol
umrida oxirgi marta shunday huzur qilayotganini hali o‘zi bilmasdi...
Falokatni birinchi bo‘lib Kirisk payqadi!..
* * *
Shundan sal avval borliqqa ajoyib osoyishtalik cho‘kkan, odamlar chanqog‘ini bosib, ko‘ngillari
taskin topib, o‘zlarini baxtiyor his etgan edilar.
Birinchi o‘ljani qo‘lga kiritishdi, ko‘p o‘tmay, orolda bir oz orom olishib, azonda yana katta ovga
chiqishadi. Ovdan so‘ng, ivirsilab o‘tirmay darhol uyga qaytishadi. Hamma ish ko‘ngildagidek edi.
Qayiq hamon avvalgiday, to‘lqinlarga to‘sh urib bir maromda sekin suzib borardi. O‘rxon bobo
qayiq quyrug‘ida tamakisini tutatganicha darg‘alik qilib o‘tirardi. Shu lahzalarda ehtimol Suv parisini
o‘ylayotgandir. Emrayin hamda Milxun asosiy ishlari — eshkak eshish bilan band, ular ortiqcha kuch
sarflamay qayiqni bemalol, aniq va qoyillatib haydab borar edilar. Kirisk beixtiyor ularning ishiga
mahliyo bo‘lib qarab turardi. Shu lahzalarda u bolalarga xos allaqanday ichki sezgi bilan goh otasi, goh
amakisiga qarab, ularning har biri to‘g‘risida ayricha o‘y surardi. U Emrayin bilan Milxunni va O‘rxon
boboni butun vujudi bilan sevar, shu payt ular orasida ekanligidan g‘ururlanardi.
Kirisk bu odamlarning boshqacha bo‘lishini xayoliga ham keltirmasdi. Uning nazarida O‘rxon
bobo butun umr xuddi hozirgiday kekirdagi turtib chiqqan, uzun bo‘yinli, qo‘llari o‘simlik ildizlariday
sertomir, hamma narsani sezuvchi, ko‘zlari mudom yoshlanib turgan chol bo‘lganday edi. Uni
boshqacha tasavvur qilish mumkinmi axir? Bunday maslahatgo‘y, hammaning izzat-hurmatiga sazovor
bo‘lgan kishilarsiz ham yashash mumkin bo‘larmikin?
Onasining aytishicha, Kirisk otasiga juda o‘xshab ketarkan. Katta bo‘lsa quyib qo‘yganday
Emrayinning o‘zginasi bo‘ladi-qoladi, deydi. Kiriskning ko‘zlariyam otasiniki singari qo‘yko‘z,
tishlariyam otasinikiday mustahkam, oldingi ikkita kurak tishi bir oz turtib chiqqandi. Yana onasining
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |