www.ziyouz.com
кутубхонаси
23
aytishicha, katta bo‘lsa Kiriskning ham otasinikiday qop-qora va dag‘al qalin soqoli bo‘larkan.
Haytovur otasini Sersoqol Emrayin deb bekorga aytishmaydi. Kirisk go‘daklik chog‘larida, anhorda
yalang‘och cho‘milib yurgan kezlarida onasi singlisining biqiniga turtib: «Kara, qara, xuddi otasining
o‘zi!» — derdi. Ikkalasi nimadandir xursand bo‘lib, ichaklari uzilguday qotib-qotib kulishar, quvlik
bilan shivirlashardi. Onasi: «Kirisk katta bo‘lsa, unga xuddi o‘zimga o‘xshagani duch kelsa o‘sha kelin
sira xafa bo‘lmasdi, ko‘ngli to‘lardi, buni men bilib aytyapman», derdi u. «Qiziq, — o‘ylardi Kirisk, —
kim, nima uchun ko‘ngli to‘ladi? Kirisk otasiga tortgan bo‘lsa, nima uchun unga tushgan xotinning
ko‘ngli to‘ladi?»
Ana, hozir otasi qayiqning tumshuq tomonida o‘tirib eshkak eshyapti. Soqoli qop-qora, tishlari
oppoq. Jussador, keng yag‘rinli, xotirjam, sabr-toqatli. Boshqalarga o‘xshab otasi biror marta unga
baqirib, do‘q-po‘pisa qilganligini yoki aksincha, avaylab-ardoqlab, yupatganini eslayolmaydi. Chaqnab
turgan ko‘zlari haqiqatan ham tip-tiniq, qo‘yning ko‘ziga o‘xshardi.
Keyingi bir juft eshkak Milxunning qo‘lida; u Kiriskning amakivachchasi, otasidan ikki yosh
kichik. Emrayinning ukasiga unchalik o‘xshamaydi, negaki, soqoli yo‘q. Ammo uchlari osilib tushgan
mo‘ylovi xuddi morjnikiga o‘xshaydi. O‘ziyam xuddi morjga o‘xshaydi. Gapni do‘ndiradi,
bahslashishni yaxshi ko‘radi, ko‘ngliga o‘tirmasa, tepalashishdan ham qaytmaydi. Janjallashganda
birovga haqini o‘tkazmaydi. Bir marta sayyoh savdogar bilan jiqqamusht bo‘lib qolishgan edi, keyin
butun urug‘-aymog‘i bilan kechirim so‘rab, tovon to‘lab yurishdi. Milxunning o‘zi pakana bo‘yli,
miqtidan kelgan bo‘lsa ham hech kimga so‘z bermaydi, haqiqat bo‘lsin, deydi. G‘irt mast edi o‘shanda.
Bunaqa ishga suyagi yo‘q. Ko‘pchilik qatori Emrayin ham uni tinchitmoqchi bo‘lib rosa qiynalgan.
O‘ziniyam ayiqday kuchi bor-da. Kirisk uni aki-Milxun
6
deydi. Otasi bilan ular juda inoq, ovga doim
birga borishadi, hech qachon bir-birini dog‘da qoldirishmagan, ikkalasi ham uddaburon ovchilar.
Milxunning o‘g‘li hali juda kichik — endigina atak-chechak qilyapti. Milxunning undan kattaroq ikkita
qizalog‘i bor. Kirisk ularni doim himoya qilib yuradi, qani birortasi ularga tegib ko‘rsin-chi!
Kiriskning oyisi ham Milxunning qizaloqlariga jonini beradi. Ular tez-tez Psulk bilan o‘ynagani
kelishadi.
Biroq ovuldagi qizlar ichida eng chiroylisi — Muzluk! Faqat shunisi chatoqki, bo‘yiga yetsa uni
qo‘shni qishloqa erga berib yuborisharkan. Uni uzoqqa bermay ko‘ya qolishsa qanday yaxshi bo‘lardi-
ya!..
Sohilda yurgan chog‘larida Kirisk bunaqa narsalarni xayoligayam keltirmasdi. Endi esa, qadrdon
uyidan uzoqda mayda-chuyda narsalar ham unga juda muhim va ta’sirli tuyulardi.
Kirisk nogahon uyini eslab, sog‘inganidan ko‘ngli allaqanday bo‘lib ketdi. Olapar qoyasining
ortida, daryo atrofidagi vodiysida, dengiz yoqasidagi o‘rmonda joylashgan qadimiy qishloqda
yashovchi nivxlar — Suv parisi avlodlarining oldiga ketgisi kelib qoldi. Oyisini shunday sog‘indiki,
yuragi orziqib ketdi. Lekin ular hozir qadrdon sohildan, abadiy dengiz yoqalab o‘z ishi bilan abadiy
yugurib ketayotgan kadrdon Olapardan juda-juda uzoqda edilar. Xuddi shundayligiga ishonch hosil
kilish uchun Kirisk beixtiyor orqasiga o‘girilib, atrofga olazarak qaradi-yu, birdan kutilmagan
manzaraga ko‘zi tushib qoldi.
Dengiz ustini, ufqning deyarli yarmini ikkita tutash tilga o‘xshagan quyuq tuman pardasi asta-sekin
qoplab olayotgandi. U qoramtir suv yuzasiga yopirilib kelib, go‘yo butun borliqni o‘z og‘ushiga
olmoqchiday edi. Tirik mavjudotday, ulkan maxluqday olamdagi barcha narsalarni, odamlarni ham
qayiq-payig‘i bilan yutib yuborgudek yovuz niyat bilan yopirilib kelardi. Tuman boya Kirisk
ko‘rsatgan tomondan, dengiz o‘rtasida noma’lum, xira narsa muallaq turib qolgan tomondan bosib
kelardi. Endi u xamirday ko‘pchib, hech qanday tap tortmasdan, shamol zo‘ri bilan qayiq tomonga
to‘xtovsiz yaqinlashib kelardi.
— Qaranglar! Qaranglar! — qo‘rqqanidan qichqirib yubordi Kirisk. Hamma sarosimaga tushib
6
Aki — aka ma’nosida.
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |