AYOLARNI E’ZOZLAGAN YURT!
Ramzda g‘oya bo‘ladi. G‘oyada ramz bo‘ladi. Bizning bobolarimiz ayol zotini sevib-ardoqlab, asrab-avaylab kelishgan. Ularga atab nafaqat she’ru dostonlar, balki afsonaviy obidalar barpo etganlar. Obidalar ularga mehr-muhabbatning, e’zozning timsoli bo‘lib kelayotir.
Sharafiddin Ali Yazdiy o‘zining «Zafarnoma» asarida Bibixonim jome masjidi qurilishiga ulug‘ Sohibqiron Amir Temurning o‘zlari shaxsan bosh-qosh bo‘lganliklarini ta’kidlaydi. Masjid gumbazining osmon gumbazi kabi, peshtoqi esa somon yo‘li peshtoqiga o‘xshashini katta g‘urur va iftixor bilan tavsiflagan. Va shundan so‘ng buyuk tarixchi Yazdiy: «Obidalarimiz (avlodlarga) bizning kimligimizdan dalolat beradilar», degan hikmatni keltirgan ekan.
Mustaqillik bizga o‘zimizning azaliy, mehrli, hikmatli ramzlarimizni qaytarib berdi. O‘zbek ayoli, ona siymolarini ham. Sovet davrida ayol deganda o‘roq ko‘targan jangovar xotin ko‘z oldimizda paydo bo‘lib, qo‘rqitar edi. Bu siymo «Mosfilm»ning har bir kinosi oldidan targ‘ib qilinar edi. Jamiyatning ongu qalbiga mixlanar edi. Unga o‘xshash uchun millionlab sovet xotin-qizlari o‘z latofatu malohatidan, sog‘ligidan, iffatu nazokatidan ayrilib yashadi.
Uzoq niyatni ko‘zlagan sho‘rolar 74 tonnalik cho‘yandan Lenin haykalini yasab, Toshkentning qoq yuragiga o‘rnatdi. U 74 yil zulm va istibdod ramzi bo‘lib turdi. Mustaqil xalq irodasi uni 74 minutda sug‘urib tashladi. Ona tuproq poklandi. Dard ketib, darmon keldi. Mustaqillik monumenti qad rostladi. Vatan degan buyuk ma’naviy tushunchaning moddiy ramzi — Ona ramzi balqib chiqdi. Bosh maydonimizning to‘rida e’zoz topdi.
Mustaqillik maydonida ikki onamiz o‘tiribdi. Kelin-kuyovlar, nabirasini yetaklagan bobo-momolar, gala-gala yosh-yalanglar, O‘zbekistonga tashrif buyurgan chet el davlatlari rahbarlari, rasmiy mehmonlar ularning poyiga gulchambarlar to‘shamoqdalar.
AYOL, ONA — CHIROY, CHAROG‘BON
Buyuk insonlar ayollarni e’zozlaganlar. Hazrat Amir Temurning Saroymulk xonim — Bibixonimga hurmatlari bunga buyuk ibrat. Aql, tafakkurda, mardlik va jasoratda benazir ul zot ulug‘ ishlarni boshlashdan avval umr yo‘ldoshlari Bibixonimga maslahat solganlar, ularning fikrlarini inobatga olganlar.
Yetti iqlimda ilmu-tariqatlari bilan mashhur Xoja Bahouddin Naqshband hazratlari shunday vasiyat qilgan ekanlar: «Bizni ziyorat qilmoqni istaganlar avvalo onalarini rizo aylab, so‘ngra volidamiz qabrlarini ziyorat qilib, bizni xushnud etsinlar...»
Mamlakatimizda «Mustahkam oila» yilining har soati, har kuni ayollarni, onalarni ulug‘lamoqda. O‘zbekistonda quyosh ham ayollar, onalarni madh etish uchun chiqayotir.
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ayollarni «oilalarimiz chiroyi va charog‘boni» degan go‘zal so‘zlar bilan e’zozladilar. Hammamizni «ayol zoti, opa-singillarimizning og‘irini yengil qilish»ga, ardoqlashga da’vat qildilar. Buning hikmati nimada?
I nsoniyat tarixiga ilmiy nazar tashlasak, odamizodni ko‘chmanchi-ovchi hayotdan o‘troq, demak madaniy hayotga o‘tkazgan ham ayol — Onalar bo‘lib chiqmoqda. Bir misol. Ayollarning insoniyat tarixida tutgan o‘rni haqidagi ensiklopediyalardan birida ayollar azaldan oilalarning tom ma’noda charog‘boni bo‘lishgani isbotlangan. Ibtidoiy jamoa davridayoq ayol o‘choq atrofida tunu kun parvona bo‘lib, hushyor turib, sehrli duolar o‘qib, olovni o‘chirmay turgan. Xonadonda nurni asrovchi charog‘bon bo‘lishgan.
Farzandlariga qarab, makon, o‘choqlarini qo‘riqlab, erlarining ovdan qaytishlarini kutganlar. Vaqtdan unumli foydalanib, bichish-tikish qilganlar. Natijada hunarmandchilikni ham, omonat kulba atrofida ekin-tikin qilishni ham ayollar boshlab berishgan. Asta-sekin ayollar mehnatining samarasi osha borgan. Keyinchalik ular erlariga ko‘chmanchilikni tark etib, mustahkam uy qurish, uy atrofida dehonchilik qilish g‘oyasini uqtirishgan. Bu esa hozirgi sivilizatsiyaning — o‘troq hayot, madaniyat, shaharlarning paydo bo‘lishiga olib kelgan, deyiladi.
Ayolning tevarak-atrof, olam voqealari haqidagi bilimlarni saqlab, keyingi avlodlarga aytib bergani uning bugungi sivilizatsiya oldidagi buyuk xizmatlarini isbotlaydi. Bu nazariya bugungi insoniyat sivilizatsiyasi, urbanizatsiyaning boshida ONA — AYoL turganligini ko‘rsatmaydimi?
Ha, Ayol — oila qo‘rg‘onining ham chiroyi, ham charog‘boni. Chunki ayolsiz oila, ro‘zg‘or chiroyini yo‘qotadi. Sovuq, jonsiz ko‘rinadi. Qorong‘ulikda qoladi. Uni charog‘bon — (ma’nosi: qo‘lida chiroq tutgan; chiroqni shamol o‘chirmasin, deb avaylab-asrab, qo‘riqlab turuvchi) ayolning borligi yoritib turadi. Otalarning uyga kirib, bolalariga beradigan birinchi savolini eslaylik: «Oying qani?»... Nega opa, aka, ukalarimiz ko‘chadan kiriboq, «Oyim qani?» deyishadi?
Do'stlaringiz bilan baham: |