www.ziyouz.com
кутубхонаси
26
ajralganimizdan ko‘ra o‘lganimiz yaxshiroq. Tushundingmi? Shundan boshqa hech kimga ishonmay
qo‘ya qol... Eshityapsanmi?
Yaxshiki, chol bu gapni bolaga aytib qo‘ydi, yaxshiki, bolani vaqtida ogohlantirib qo‘ydi. Tez,
orada bu narsa juda-juda asqatib qoldi.
Ko‘p o‘tmay dengiz g‘alayoni avvalgidan ham battar vahshatli tus oldi. Go‘yo u tun va tuman
ichida hech narsani ko‘ra olmay qolgan odamlarning nochorligidan foydalanib, qayta hujumga o‘tgan
edi. Ilgari bir oz bo‘shashgan bo‘lsa ham endi quturib, o‘chini olmoqchiga o‘xshardi. O‘rxon boboning
qayig‘i to‘lqinlar zarbidan chirpirak bo‘lib, uyoqdan-buyoqqa borib kelardi. O‘rkachlangan to‘lqinlar
qayiqni savalagani savalagan edi. O‘rxon tizzalab, emaklab cho‘michi bilan har qancha harakat qilsa-
da, qayiq ichiga kelib tushayotgan suvni sepib tashlashga ulgurmasdi. Shu payt eshkakchilar birdan
jon-jahdi bilan baqirib qolishdi:
— Tashlanglar hamma narsani! Cho‘kyapmiz! Tashlanglar!
Kirisk qo‘rqqanidan ho‘ngrab yig‘lab yubordi, ammo uning yig‘isini hech kim eshitmas, hech kim
unga e’tibor bermas edi. Bola qayiqning quyruq tomoniga tiqilib, suvli bochkaga mahkam yopishib
oldi-da, uni ostiga bosib yotaverdi. U shu alfozda g‘ujanak bo‘lib, bochkaga biqini bilan qapishib
olgancha titrab-qaqshab yig‘lardi. U, nima bo‘lsayam shu bochkani asrab qolish g‘oyat muhim
ekanligini tushunardi. U, qayiq bilan birga suvga cho‘kayotganlarini angladi. Lekin bari bir shu vaqtda
ham O‘rxon oqsoqol tayinlagan ishni qildi, suvli bochkachani ehtiyot qila boshladi.
Yarmisigacha cho‘kib borayotgan qayiqni zudlik bilan qutqarish zarur edi. Milxun hamon aql
bovar qilmas darajada eshkak eshib, uning ag‘darilmasligi chorasini ko‘rardi. O‘rxon bilan Emrayin
esa qayiqda nimaiki bo‘lsa hammasini uloqtirish bilan band edilar. Bundan boshqa chora qolmagan
edi. Ikkala miltiq, garpun — nayza, arqon o‘ramlari va boshqa narsalar, hatto O‘rxon boboning tunuka
choynagi ham dengizga uloqtirildi. Tyulen tanasini uloqtirish juda mushkul bo‘ldi. Suvga bo‘kib,
og‘irlashib, shilimshiq bo‘lib kolgan tyulen tanasi sira qo‘lga kirmasdi. Uni oyoq tagidan ko‘tarib
tashlash zarur edi. Mana shu hayvonni deb ular dengiz safariga chiqishgandi, endi esa xuddi shuni
tashlab yuborish zarur bo‘lib qoldi. Ular baqirganlaricha so‘kinib, tor joyda tiqilishib, tyulen tanasini
qayiqning chetiga surib kelishga muvaffaq bo‘lishdi va nihoyat uni dengizga tashlab yuborishdi. Hatto
mana shu kiyomat-qoyimda, dengiz quturib turganda ham tyulen tanasidan holi bo‘lgan qayiq
yengillashib, o‘zini bir oz o‘nglab olgani sezildi. Ehtimol, xuddi shuning o‘zi ularni suvga g‘arq
bo‘lishdan saqlab qolgandir...
* * *
Birinchi bo‘lib O‘rxon bobo hushiga keldi. U huvillab yotgan bo‘shlik orasida qaerga kelib
qolganlarini, butun atrofni o‘rab olib, bo‘zrayib toshday qotib turgan bu ruhsiz narsalar nima ekanligini
dabdurustdan anglayolmadi. Bu tuman edi.
Ha, okeanning hammayog‘ini tanho o‘zi o‘rab, egallab olgan va harakatsiz qotib qolgan bu sukunat
Buyuk tuman edi. Buyuk tuman o‘zining buyuk qatag‘on davrini kechirmoqda edi...
O‘rxon boboning ko‘zlari bir oz ko‘nikkach, qorong‘ilikda qayiqning chetlarini, so‘ng odamlarni
ko‘ra boshladi. Emrayin bilan Milxun o‘z joylarida, eshkaklar oldida cho‘zilib qolishgandi. Ular tungi
olishuvda tinkalari qurib, holdan toyib, o‘likday yotishardi. Ular go‘yo jangda halok bo‘lgan kishilarga
o‘xshar edilar, faqat o‘qtin-o‘qtin chiqayotgan xurrak tovushidangina ularning tirik ekanligini bilish
mumkin edi. Kirisk bo‘lsa cholning oyoq tarafida bochkaga yopishib, g‘ujanak bo‘lib yotardi. Bola
uyqusida zax va sovuqdan qaltirardi. O‘rxon bobo bolaga achinardi, ammo qo‘lidan hech narsa
kelmasdi.
Tungi qiyomat-qoyimdan gangib qolgan oqsoqol oppoq sochli boshini quyi solgancha qayiq
quyrug‘ida o‘tirardi. Butun vujudi zirqirab og‘rirdi. Uzun sertomir qo‘llari qamchiday osilib turardi.
O‘rxon bobo umrida juda ko‘p balo-qazolarni, falokatlarni ko‘rgan, ammo u bunaqangi qiyomat-qoyim
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |