www.ziyouz.com
кутубхонаси
15
edi. Bu — sevgi sohili edi, ikkalasi tezroq u yerga yetib, tezroq bir-birlari bilan qovushish uchun jon-
jahdlari bilan intilar edilar. Ana shu sohilga endi yetay-etay deb qolganlarida birdan suvi tizzadan
keladigan sayoz qumloq chiqib qolar va safarlari shu yerda uzilib qolardi. O‘rxon o‘zini o‘nglab olib
yon-veriga qaraganda Suv parisi jonholatda makkor sayozlikdan qutulishga urinardi. Manglayidan
sovuq ter quyilayotgan O‘rxon unga yordam berishga oshiqardi. Ammo yonginasidagi pariga yetib
borish uchun bir umr ketadiganday tuyular, yutib borayotgan botqoqlik singari suv tubidan oyoqlarini
chiqazolmay, tizzalab emaklar, ammo uvishib qolgan oyoqlari go‘yo birovnikidek unga itoat etmay
arang sudralardi. Suv parisi yonginasida, go‘yo qo‘l uzatsa yetadigan joyda bo‘lsa ham unga yetolmay
iztirob chekardi, nafasi bo‘g‘ilib, entikib, suv tubidagi yopishqoq o‘t-o‘lanlarga o‘ralashib yiqilib
tushardi. Ammo go‘zal Suv parisining sayozlikda shaloplab, o‘zini uyoqdan-buyoqqa urib, nafasi
bo‘g‘ilayotganligini ko‘rish yanada azob edi. Nihoyat, O‘rxon bir amallab Suv parisi qoshiga yetib
borib, uni ko‘ksiga bosgancha boshi aylanib, gandiraklab, qirg‘oq tomon yaqinlashar ekan, qizning
yuragi parvozda urib tushirilgan yarador qushnikiday qinidan chiqay-chiqay deyayotganini aniq sezib
turardi. U parini ko‘ksiga qattiq bosganicha guyo himoyaga muhtoj zaifa go‘dakni ko‘tarib
ketayotganday avaylab, ardoqlab borayotganida unga mehri tovlanib, rahmi kelganidan qaynoq ko‘z
yoshlari tomog‘iga tiqilib qolardi. U Suv parisi oldida hayajon va nomusdan yig‘lab yubormaslik
uchun o‘zini zo‘rg‘a tiyib turardi. U Suv parisiga jon-tani bilan berilib nafasini ichiga yutgancha oyoq
uchida, ohista-ohista avaylab ko‘tarib borar ekan, har lahza uni o‘ylardi. Suv parisi esa ko‘z yosh
to‘kib, unga erk berishni, yana dengizga qo‘yib yuborishini so‘rab yalinib-yolborardi. Suv parisi nafasi
bo‘g‘ilib, so‘liy boshlar, O‘rxonni keng dengizdan boshqa joyda seva olmasdi. Qizning unsiz yig‘lab,
dardli va iltijoli termilayotganini ko‘rgan O‘rxon ham bunga chidayolmasdi. U ortiga qaytardi-da,
sayozlikdan o‘tib, asta-sekin dengizning odam botar-botmas yeriga yetganda qizni avaylagancha
quchog‘idan ohista bo‘shatib yuborardi.
Suv parisi dengiz ostiga suzib ketar, u esa garangsib, yolg‘iz o‘zi qolardi. O‘rxon uning ortidan
tikilganicha ho‘ngrab yig‘layotganida uyg‘onib ketardi.
Qayda suzib yurasan, ey Buyuk Ona baliq?
Bu dengiz sog‘inchimdir,
Bu suvlar — ko‘zim yoshi.
Yer esa — yolg‘iz boshim.
Qayda suzib yurasan, ey Buyuk Ona baliq?..
U bu voqeani eslaganda qattiq azoblanardi, chindan ham Suv parisini ushlab kuchog‘iga bosganday
va yana uni o‘z erkiga qo‘yib yuborganday bo‘lardi. Nega shunday bo‘larkin-a? Axir odam tushida har
qanday istagiga erisha qolsa bo‘lmaydimi? Bu narsa kimga bog‘liq, bu qanday hikmat, nimaga yo‘ysa
bo‘ladi uni? Bu jumboqning siriga tushuna olmagan O‘rxon oxiri ko‘l siltab, Suv parisini unutishga,
uni o‘ylamaslikka harakat kilardi.
Biroq dengiz oviga chiqishi bilan O‘rxon o‘zi sezmagani holda yana Suv parisini, u bilan bog‘liq
hamma voqealarni o‘ylay boshlardi. O‘sha g‘aroyib tushidagi voqealarni dengizda yana qayta boshdan
kechirganday bo‘lar, hushyor tortib ajablangancha: «Nega endi hadeb Suv parisini o‘ylaganim
o‘ylagan, aslida bo‘lmagan Suv parisini qarigan chog‘imda menga kim qo‘yibdi?» — deb o‘zini-o‘zi
koyirdi. O‘ziga-o‘zi tanbeh berarkan, u nimagadir ishonardi: agar Suv parisi bo‘lmaganida allaqachon
jonidan bezgan bo‘lardi, axir qaridi, quvvatdan qoldi, ko‘zidan nur, yuzidan chiroyi ketdi, tishlari
to‘kildi. Ilgari qanday shuhrat topgan bo‘lsa, endi hammasi yo‘qolib, tugab boryapti, bir oyog‘i yerda,
bir oyog‘i go‘rda, ammo hamon yuragida o‘ti bor, dilidagi orzu-istaklari hamon avvalgiday, shuning
uchun ham kishi mana shunday o‘ylarga botadi, mana shunday tushlar ko‘radi, chunki faqat tushlarida
va xayollaridagina odam o‘zini o‘lmas va erkin his qiladi. Orzusida u osmonlarga chiqadi, dengiz
tublariga tushadi. Inson shuning uchun ulug‘ki, u so‘nggi nafasigacha hayotda nimaiki bo‘lsa —
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |