www.ziyouz.com
кутубхонаси
13
Yer yuzinda avloding unib-ko‘paysin debon...
* * *
Qudratli kuch ta’sirida cheksiz bahribar-ummon tublaridan chiqib kelib, qirg‘oqlarni, maysalarni,
qumtepalarni bosib, sehrli og‘ushiga olgan dahshatli suv ko‘tarilishi va qaytishidek mana shu tush ham
o‘z-o‘zidan quyilib kelaverardi.
Har gal mana shu tushni ko‘rganida O‘rxon bobo uzoq vaqtgacha gangib yurardi. Tushining
rostligiga u qattiq ishonardi. Biroq Suv parisi bilan ko‘rishganlarini biror jonzotga aytmasdi. Bunday
voqea tushida emas, o‘ngida, shunday yashab yurgan paytda yuz berganida ham albatta hech kimga
aytmagan bo‘lardi.
Mana shu voqea cholning tushlariga tez-tez kirib turar, uni ham quvontirib, ham qayg‘uga solib,
ruhan azoblardi. Bu tushning ajoyib-g‘aroyib xosiyati shunda ediki, u har gal O‘rxon boboga o‘zining
mohiyati, ma’nolari va ishoralarining teranligi va aql bovar qilmas darajadagi turlanishlari bilan lol
qoldirardi. Chol ko‘rgan tushlarining hayot bilan allaqanday mavhum, sezilar-sezilmas sirli munosabati
haqida o‘y surardi. Bu aloqaning sirli ekanligi va mavhum alomatlari odamni hamisha azobga solardi.
O‘rxon bobo beixtiyor shuni his etdiki, ko‘ngli har qancha alg‘ov-dalg‘ov bo‘lsa ham, u o‘sha tushida
ko‘rganlarini yana va yana ko‘rgisi kelaverar, doimo buyuk Suv parisi visol sog‘inchi bilan yashardi.
O‘rxon Suv parisi bilan dengizda uchrashardi. Uning paydo bo‘lishini kutib, huvillab yotgan
kimsasiz qumloq sohilda, botib borayotgan quyoshning so‘nik nurlari shu’lasida uzoq vaqt kezib
yurardi. Biroq qumdagi oyoq izlari ko‘rinmasa ham quyosh botib ketgandan so‘ng uning harakatsiz
ko‘lankalari ko‘zga tashlanib turardi. Bu ko‘lankalar qop-qora qorni eslatardi, yurakni o‘rtovchi,
g‘ayriinsoniy sog‘inch butun vujudini qamrab olgan O‘rxon ana shu qop-qora qor ustida giryon
kezardi. Vujudi ishq dardi, umid va istak dardi bilan to‘lib-toshar, ammo yaydoq dengiz esa parvoyi
falak sukut saklab turardi. Mana shu hayhotday yolg‘izlik olamida na g‘ir etgan shabada, na bir inson
ovozi, na bir sharpa sezilardi. Chol esa dengizdan ko‘z uzmay mo‘‘jizani, parini orziqib kutardi.
Qirg‘oqqa urilgan unsiz to‘lqinlar yo‘liga bodroqday oppoq ko‘piklardan poyandoz solishini ko‘rib
yuragi g‘am-g‘ussaga to‘lardi. Boshi uzra sassiz oqchorloqlar laylakkorday bezovta charx urib
uchishardi. Mana shu gang va gung makonda o‘zini qayoqqa sig‘dirishni bilmay, ko‘ngli ozayotganini
sezar, hijronda vaqt o‘tgan sari uning tiyiqsiz, ayovsiz sog‘inchi tobora qalbini o‘rtab, azob berib,
kuchaygandan-kuchayib borar edi; hatto tushlarida ham Suv parisini ko‘rmasa, ayol oldiga kelmasa
yashayolmasligini, yolg‘izlik sahrosida xarob bo‘lishini his qilardi. Ana shunday paytlarda u ovozining
boricha qichqirib, Suv parisini yo‘qlab chaqirishga kirishar, ammo u o‘z ovozini farqlay olmasdi,
chunki bu g‘alati tushdagi hamma narsalarning ovozi o‘chgan va o‘zi ham ovozdan mahrum edi.
Dengiz hamon sukut saqlardi. O‘rxon faqat o‘zining og‘ir-og‘ir, uzuq-yuluq harsillab nafas olishini,
o‘z yuragining qinidan chiqib ketguday bezovta dukullashini, chakkalarining nihoyatda lo‘qillab,
zirqirab aks sado berishini eshitardi, xolos. Mana shulargina uni ta’qib etardi. Bu tovushlar uni
asabiylashtirardi, u o‘zining yuragidan chiqqan ovozlardan qayoqqa qochib ketishini bilmay,
g‘ashlanardi. Cho‘kayotgan odam qutulishga qanday jon-jahdi bilan intilsa, u ham Suv parisiga shu
qadar ehtiros va telbalik bilan intilardi. O‘rxon faqat Suv parisigina baxt taqdim eta olishini bilar va u
so‘nggi nafasigacha uni kutardi.
Nihoyat, Suv parisi shiddat bilan to‘lqinlar orasidan chiqib yalt-yult etgancha u tomonga qarab
suzib kelayotganda birdan tilsiz dunyo soqovligidan qutulib, tilga kirar, olam shovqini ko‘chkiday
bosib tushar, u olamning yana o‘z holatiga kelganini quvonib, qiyqirib qarshilar, yana borliqni
qirg‘oqqa urilayotgan to‘lqinlarning shovullashi, shamolning guvillashi hamda boshi uzra charx urib
uchayotgan oqchorloqlarning g‘ala-g‘ovuri bosib ketardi. U sevinganidan qiyqirib, o‘zini dengizga
otar, tezsuzar nahangsimon allaqanday maxluqqa aylanib qolardi.
Suv parisi esa uning kelishini kutib, charx urib aylanar, o‘zini suv ustiga otib, talpinib, to‘lg‘anib,
Chingiz Aytmatov. Sohil yoqalab chopayotgan olapar (qissa)
Do'stlaringiz bilan baham: |