www.ziyouz.com
kutubxonasi
5
Jahon Hayzuronni chalg‘itmoqchi bo‘ldi:
— Dadam bir necha yildan buyon dardga chalinib yotganini ko‘rib-bilib turib ham
yuragim siqilishidan ajablanasizmi? Tabib uning shifo topib ketishi amri mahol deganini
o‘zingiz eshitgansiz-ku, axir. Agar otamga biror gap bo‘lsa, men yolg‘iz qolaman. Bu
yerda hech kimim yo‘q. Na otamning fors mamlakatidagi qarindosh-urug‘larini, na
onamning Kavkazdagi urug‘-aymoqlarini tanimasam. Qanday... — dedi-yu xo‘rligi kelib
nafasi halqumiga tiqildida, so‘zini davom ettira olmadi.
— Sayidam, hokim endi betob bo‘lganlari yo‘q-ku, u kishining dardlaridan avval ham
tashvishlanib yurarding, lekin bugungiday siqilmasding. Yashirib kelayotgan gapingni
men yaxshi bilaman, — dedi Hayzuron.
Jahon ajablangansimon unga nazar tashlab, ko‘nglini bilib olish maqsadida qattiq tikildi.
U dilidagi gapni yashirishga qancha urinmasin, yuzlari qizarib, ikki ko‘zi chaqnab
borayotganini Hayzuron sezib turardi:
— Ha, siringdan voqifman, lekin sen uyalib, uni yashirmoqchi bo‘lib yuribsan. Mana men
hozir dilingdagi hayoni yuzingda ko‘rib turibman, — dedi.
Jahonning yuziga qon yugurib, qizil guldek ochilib ketdi va ko‘zlari yashindek chaqnab,
yuragida qaynab turgan sevgi harorati sirtga tepdi.
Kishi o‘z ko‘ngil sirini qancha yashirmasin yoki yashirishga urinmasin, uning ko‘zlaridan
ko‘nglidagini uqib olish mumkin. Kishining o‘zi bir gap aytsa-yu, tili boshqa gapni aytsa,
tiliniki emas, ko‘ziniki to‘g‘ri chiqadi, albatta. Xususan Jahonga o‘xshagan sezgisi nozik
va mehri zo‘r kishilarda ko‘zning gapi so‘zsiz to‘g‘ri keladi. Jahon katta yurak, qalb va
katta aql egasi edi. Lekin shu paytda ayollarga xos ko‘ngli bo‘shlik ustun kelib, boshini
yerga eggancha jim turardi.
Hayzuron so‘z boshladi:
— Bu sirdan voqif bo‘lganimga ajablanmasang ham bo‘ladi. Mengina emas, butun saroy
ahli bu sirni biladi. Faqat otanggina bilmaydilar, xolos. Saroydagilar uncha-muncha
hayiqadi, bo‘lmasa, uni otangga yetkazishgan bo‘lardi. Ochig‘ini aytsam, bunday
qilishlariga men ruxsat etmadim.
Jahon otining yolini tuzatib turib, birdan:
— Akam Somon-chi, u ham bu sirdan voqifmi? — dedi.
Hayzuron Somonning nomi tilga olinishidan achchig‘landi:
— Quruq qolarmidi o‘sha. U hamma narsadan xabardor. Oyoq olishini men allaqachon
senga aytgan edim-ku.
Hayzuron Jahonning akasiga ko‘ngil bo‘shlik qilayotgani uchun koyimoqchi bo‘lib turuvdi,
buni sezgan Jahon uning gapini bo‘ldi:
— Akam Somonning nojo‘ya xatti-harakatlarini sezib yuraman, lekin nima qilay: yakka-
yu yagona akam. Unga ayb qo‘yishga yuragim chopmaydi. Akamning ba’zi qiliqlari
yoqmasa ham, menga ancha mehri borligini sezib yuraman. Lekin shunda ham har xil
sirlarga aralashib yurishi menga ma’qul emas. U menga sir sandiqqa o‘xshab ko‘rinadi.
Ko‘pincha u kun bo‘yi allaqaerlarda daydib yuradi. Butun Farg‘onani izlasang ham uni
topib bo‘lmaydi. Kelganidan keyin «qaerda eding» deb so‘rasak aytmaydi, yoki mujmal
bir javob qilib ketaveradi. Ba’zi mish-mishlarga qaraganda, u shahardagi otashxona
boshlig‘i bilan ko‘pincha xufiya suhbat qilarmish. Uning ichidan pishgan va hiylakorligi sir
emas.
— Fikrimcha, bu otashxona boshlig‘ining Bobak* Xurramiy boshliq maxfiy jamiyat
kishilari bilan tili bir bo‘lsa kerak. Bobak shu qadar kuchga egaki, musulmonlar xalifasi
undan qo‘rqib qoldi. Akang Somon shu jamiyat a’zosi bo‘lsa ham ajab emas. Mayli,
hechqisi yo‘q, xurramiylar hokimiyatni forslarga olib berish va musulmonlarga qarshi
jang qilish tadbirlarini ko‘rishmoqda, — dedi Hayzuron.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |