www.ziyouz.com
kutubxonasi
9
— Taajjub, — dedi Hayzuron, — Afshin Zirg‘omning boshlig‘i ekanini, Zirg‘omning
maqsadi musulmon askarlari orasida shuhrat qozonib, Afshin qo‘mondonlaridan biri
darajasiga ko‘tarilish, uning bayrog‘i ostida bo‘lish ekanini bilmaysanmi?
— Yo‘q, oyijon, Zirg‘om Afshinga tobe emas, u xalifa qorovullarining boshlig‘i, — dedi
Jahon. Hayzuronning chehrasida hayronlik alomati zohir bo‘ldi.
— Shu so‘zlaring rostligiga o‘zing to‘la ishonasanmi?
Jahon unga tikilib, tabassum qildi:
— Ha, albatta, mening unga ishonchim sizning podshohlar mening visolimga
yetisholmay yurganiga ishonchingizdan ham zo‘rroq, — dedi-da, qo‘lini cho‘ntagiga tiqib:
— Ancha bo‘ldi, undan xat olgandim. U yaqinda Farg‘onaga kelishini yozgan. Lekin nima
uchundir hanuz daragi yo‘q, — dedi.
U xatni chiqarib: «Mana o‘zingiz o‘qib ko‘ring», deb Hayzuronga uzatdi. Xat qadimiy
pahlaviy tilida yozilgan edi:
«Somurroda yashayotgan Zirg‘omdan, Farg‘onadagi ko‘nglim farishtasi Jahonga!
Sayidam! Men seni hamma vaqt sayidam deb atayman, chunki sen butun borliqning
sayidasisan, mening sevgilimsan. Sen qalbimning — butun vujudimning xojasisan.
Farg‘onadan chiqqanimdan buyon ancha yillar o‘tib ketdi. Shu vaqtgacha senga maktub
yozmadim, to‘g‘risi, buni o‘zimga ep ko‘rmadim. Hokimning qizi, sayida, malakxil’at
Jahonga xat yozishni mendek bir faqir yetimga kim qo‘yibdi, deb o‘yladim. Sen bilan
vidolashayotgan kunim ulug‘ martabaga erishish uchun qo‘limdan kelganicha tirishaman,
sening martabangga yaqinlasha olsam, ostonangga kelib boshimni uraman-da, jufti
halollikka roziligingni so‘rayman. Bordi-yu, o‘shanday yuqori martabaga erisha olmasam,
baxtim qaro ekan deyman-da, peshanamga urib, hajringda zor-zor yig‘lab dunyodan
o‘taman, degan edim.
Men bu yerga kelib askarlikka yozildim. Og‘ir jang maydonlariga sening nomingni
qalbimga jo qilib kirdim. Nomingni o‘zida saqlayotgan ko‘ksimni o‘qlarga tutdim.
Muborak, aziz noming meni hamma falokatlardan omon saqladi.
Men askarlik xizmatida turli lavozimlarda bo‘lib, oxiri xalifa saroyida qorovullar boshlig‘i
vazifasiga erishganimdan keyin senga sevinch xabarini yo‘llayapman.
Sen, ehtimol: — Bu martabaga ko‘tarilishdan maqsading nima? — deb so‘rarsan.
Ochig‘ini aytsam, maqsadim shu martaba tufayli sening visolingga yetishdir. Sensiz
hayot hayot emas menga.
Men janob hokimni ziyorat qilishga, sevgilim Jahonni ko‘rishga musharraf bo‘lish uchun
Farg‘onaga borishni niyat qilgan edim, xalifalikka putur yetkazadigan ba’zi tashvishli
yumushlar chiqib qolmaganda, allaqachon Farg‘onada bo‘lardim.
Farg‘ona safariga otlanish uchun hozir qulay bir chora topildi. O‘zing bilasanki, xalifa
Mu’tasim Bag‘dod yaqinida turk askarlariga atab Somurro degan maxsus shaharcha bino
qilgan. Men ham shu yerda turk askarlari bilan birgaman.
Islom mamlakati — Bag‘dodda paydo bo‘lgan turli isyonchi guruhlarni xalifa o‘sha turk
askarlari kuchi bilan bostirmoqchi.
Turk askarlari shahar atrofidagi aholi bilan aralashsa, kuch-quvvati, shijoati ketib
qolishidan qo‘rqqan Mu’tasim Movarounnahrdan cho‘ri turk qizlarini sotib olib, o‘sha
askarlarni uylantirmoqchi, Farg‘onaga borib cho‘rilar sotib olish uchun bir qancha
kishilarni tanlab qo‘ydi. O‘sha kishilar bilan birga men ham vatanimga borib kelmoqchi
ekanimni xalifaga aytib, ruxsat oldim. Shoyad, yaqin orada diydor ko‘rishsak. Xatni
senga yetkazishni ishonchli kishilarimdan biriga topshirdim. Oyim-dan senga salom».
Hayzuron xatni o‘qib bo‘lgach, Jahonni quchoqlab o‘pdi:
— Senga ham, Zirg‘omga ham muhabbat muborak bo‘lsin. Zirg‘om, albatta, senga
munosib yigit. «Kishi hayotda mol-mulki bilan emas, balki odamiy fazilatlari bilan qadrli»
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |