www.ziyouz.com
kutubxonasi
8
ZIRG‘OMNING MAKTUBI
Hayzuron Jahonga qaradi:
— Sayidam, gapimga nima deding?
— Meni shunchalik mubolag‘a bilan baland ko‘tarishingiz va sevib maqtashingiz bejiz
emas, chunki men qizingizman. Har bir ona o‘z qizini maqtashga tushib ketganida, «uni
talashib podshohlar bir-biri bilan jang qilishyapti», deyishdan ham toymaydi.
— Men, haqiqatni, rost gapni aytdim. Manaman degan Eron shohlari roziligingni
kutishayotgani yolg‘on emas-ku axir?
Jahon yelkasini qisdi. Bu gaplarga ishongisi kelmasdi:
— Eron shohlari-ya? Tavba, hozir ularning podshohlari bor ekanmi?
Jahon o‘zining qanchalik yuqori martabali qiz ekanini tushunib olish payti
yaqinlashayotganidan Hayzuron o‘zida yo‘q sevindi. Zotan, u bor gapni aytayotgan edi.
— Sayidam, yelkangni qisma, eronlarda shunday ulug‘ shohlar borki, ular bugun-erta
Xusraviylar hokimiyatini qayta tiklaydigan bo‘lib turishibdi. Tabariston hokimi Moziyorni,
Ardabil hokimi Bobak Xurramiyni bilmaysanmi? Ming-minglab qahramonlar bu shavkatli
amirlarning farmoyishida. Lekin shunga qaramay, Farg‘ona malagiga tiz cho‘kib, uning
bir karami uchun jon olib-jon berishmoqda.
Jahon, yechilib o‘tlab yurgan qashqa otiga nazar tashlarkan, Hayzuronning gapi
yoqmagandek bosh silkidi-da:
— Oyi, shohlaringizni boshimga uramanmi, menga Zirg‘omdan bo‘lak hech kim kerak
emas, Moziyorni, Bobakni ne qilay? Ardabil va Tabariston bilan bizning yurt orasida
qancha kunlik masofa bor?
— Gapimga ishonmasang, Bobak Xurramiy kimligini, niyati nimaligini akang Somondan
so‘ra, — dedi Hayzuron.
Jahon o‘zini qo‘lga oldi-da:
— Akam shunaqa bir kishini hadeb maqtayotganini eshitgandim shekilli, lekin o‘zingiz
bilasiz-ku, uning hech bir gapiga ishonmayman. Bu gapga e’tibor berganim ham yo‘q,
negaki, hech kim Zirg‘omning o‘rnini bosa olmaydi, amir va podshohlarni uning
tirnog‘iga ham olmayman, — dedi.
— U mamlakatlarni uzoq desang, mana qo‘shnimiz Ushrusananing amiri Afshin-chi? U
hozir Bag‘dodda hamma musulmon askarlarning bosh qo‘mondoni. U yaqinda otangni
ko‘rgani keladi. Otang o‘zlari yangi yil bayramida kelib ketgin, deb unga xat yozganlar,
— dedi Hayzuron.
Hayzuron bilan shu choqqacha bemalol gaplashib o‘tirgan Jahonning Afshin nomini
eshitishi bilan xayoli qochdi, tusi o‘zgardi, yuragiga g‘ashlik tushdi. «Bo‘ldi, uning otini
sira ham atamang», — deganday qo‘lini siltab, Hayzuronni gapdan to‘xtatdi.
Hayzuron yana gap boshlamoqchi edi, Jahon norozi ohangda: — Qo‘ying, uni gapirmang,
nomini eshitishga toqatim yo‘q. Siz sezib yurgan xafaligimning boisi ham xuddi
o‘shaning o‘zi. Uning yaqinda Farg‘onaga kelishini, yangi yil bayramini bizda o‘tkazishini
eshitib, o‘zimni qo‘ygani joy topolmayapman. Bayramni boshqa biror uzoqroq yerga
borib o‘tkazish qo‘limdan kelsa, albatta shunday qilaman, — dedi.
Jahon Afshinni shu qadar yomon ko‘rishidan ajablangan Hayzuron:
— Afshin senga biror yomonlik qilganmidi? — deb so‘radi.
— Yo‘q, menga yomonlik qilmagan, bir og‘iz gapirgan ham emas. Lekin u otamning
ziyoratiga kelganidan buyon yomon ko‘rib qolganman, aftiga qaragim kelmaydi. Kim
haqida nima deb o‘ylasam, xuddi shu o‘ylaganimdek bo‘lib chiqaveradi. Bunga o‘zim
ham hayronman.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |