www.ziyouz.com
kutubxonasi
4
Jahon yuzidan pardasini ko‘tarib, bo‘ynini ochganini, sochini tashlab uyda yurganini
ko‘rsang, uning qanchalik shijoatli va dovyurak ekanligini payqaysan. Dastlab qaraganda
uning asli zoti forslardan bo‘lgan otasiga jilla ham o‘xshamasligidan taajjub qilasan kishi.
Lekin uning onasi cherkas ekanini bildingmi, tabiiyki, bu taajjub yo‘qoladi-da, qiz
onasiga tortganligiga qanoat hosil qilasan. Onasidan unga tashqi qiyofagina emas, balki
cherkaslarga xos kuch-quvvat, shijoat, erksevarlik, chavandozlik va ovchilik kabi
xislatlar ham o‘tgandi. Ziyraklik, o‘tkir aql kabi fazilatlar unga otasidan o‘tgandi. Mana
shunday fazilatlari tufayli u husnda ham, sipolikda ham zamonasining barkamol qizi
bo‘lib yetishgan hamda farg‘onaliklarning muhabbat va hurmatini qozonib, ular o‘rtasida
«Farg‘ona malagi» degan nom olgan.
Jahon aravadan tushdi. Ko‘rishish ishtiyoqida o‘zini kutib turganlarga ko‘zi tushishi
bilanoq, qalbidagi iztiroblarni sezdirib qo‘ymaslik uchun darrov ularga salom berdi. Keyin
mahramiga qarab, yoqimli ovoz bilan:
— Oyi, otim qani? — dedi. Qiz yoshligidan zo‘r mehr bilan tarbiyat qilgani uchun uni
sevib, erkalanib «oyi» deb chaqirardi. Jahon dilidagi gaplarni hamisha shu ayolga aytar,
undan hech qanday sirini yashirmasdi.
Jahon aravadan tezda tushavermaganining boisi ham muhim bir ish ustida mahrami
bilan kelishib olmoqchi bo‘lganida edi.
Hayzuron otboqarni imladi, u raqs tushayotganday o‘ynoqlab turgan otni Jahonga
ko‘ndalang qildi. Jahon jilmayib, astagina otning peshanasini siladi. Otning peshanasida
sherni eslatuvchi bir necha oq yol bo‘lgani uchun qiz uni «sher» deb atardi.
Peshanasini silayotgan odamni tanigan ot dumini silkib, oyoqlari bilan yer tepa boshladi.
Hayzuron qo‘l qovushtirib tik turganlarga qaradi:
— Sayidamiz ovga ketyaptilar, sizlar arava bilan bu yerda qolib, taom tayyorlab
turasizlar. Orangizdan chopqir ikki kishi orqamizdan yursin. Qilingan ovni olib kelishadi.
Shundan keyin Jahon lip etib o‘zining qashqa otiga minib oldi. Hayzuronning otboqari
Firuz bekasiga otini ko‘ndalang qildi-da, uni mindirib qo‘ydi.
— Endi sen orqangga qaytib, o‘sha ikki kishi bilan borasan, — dedi Hayzuron Firuzga
qarab.
Borishi kerak bo‘lgan ikki kishining biri Marjon edi.
Hayzuron otga qamchi bosib, sayidasi Jahonning otiga yetib oldi-da, ikkalasi yonma-yon
keta boshladi. Jahon kamonni yelkasiga taqib olgan, o‘qdoni esa egar qoshiga osig‘liq
edi. Tekis yerning ko‘p qismiga ekin ekilgan. Uzoq-uzoqdan shahar tevaragidagi tog‘lar
ko‘rinardi.
Odatda Jahon ovga chiqqanda qoplon va itboqarlarni birga olib yurar, kiyik, yovvoyi
eshak va tog‘ echkilarini tog‘ oralig‘idagi yo‘llar va vodiylarda ovlardi. Bugun kishilardan
xoli bo‘lish maqsadida hech kimni o‘ziga hamroh qilmadi. Uning «Ovga chiqaman»
degani bir bahona edi, xolos.
Jahon bilan Hayzuron ikkalasi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmaydigan xoli bir yerga
yetganlarida, Hayzuron mehribonlik bilan Jahonga qaradi-da:
— Mana endi ikkovimizdan bo‘lak hech kim yo‘q, sening ham, onangning ham maxfiy
sirlarini hech kimga izhor qilmaganim va qilmasligim o‘zingga ayon. Nega bunchalik
parishon ekaning sababini endi menga aytgin, — dedi.
Jahon qattiq xo‘rsindi-da:
— Oyi, qo‘ying, shu gapni so‘ramang. Ozgina bo‘lsa ham ko‘ngil ochish uchun ovga
chiqqanman, — dedi.
— Meni rostdan ham ov qilish uchun chiqdim, degan gapingga ishonadi deb o‘ylaysanmi?
Axir shu bahona bilan xoli joyi topib suhbatlashishimiz kerakligini senga aytgan o‘zim-
ku, yoki dilingdagi gap menga ma’lum emas deb o‘ylaysanmi? — dedi Hayzuron kulib.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |