www.ziyouz.com
kutubxonasi
3
Ammo uning qo‘qonlik o‘rtog‘i har narsaga qiziqadigan odam bo‘lgani uchun do‘stining
maslahatiga unamay, savolini davom ettiradi:
— Bu beka shunday kunda sayohatga chiqishiga bois ne ekan?
O‘rtog‘i kulib:
— Bo‘lmasa, u ham bizning ayollarimizga o‘xshab uyda xamir qorib, non yopib, ovqat
pishirib o‘tirsinmi? U otasining uyida o‘zi bek, o‘zi xon, degani degan, aytgani aytgan,
do‘stim. Bir necha yil bo‘ldi, onasi vafot etgan. Otasi shu qizining ko‘ngliga qarab
boshqaga uylanmay kelyapti. Qizini juda yaxshi ko‘radi u. Qizini shunaqangi erkalatadiki,
xuddi oshiq-ma’shuq deysan.
— Yo‘q, uni uyda o‘tirib xamir qorsin, ovqat pishirsin deyotganim yo‘q, — dedi qo‘qonlik
o‘rtog‘i, — loaqal bayram kuni sovg‘a-salom bilan otasini ko‘rgani kelganlarni kutib olish
uchun uyda o‘tirsa bo‘lardi.
Do‘sti uning so‘zini bo‘ldi:
— Ey, og‘rimagan boshimga oltin isirg‘a, yaxshisi, bozorga boraylik-da, oladigan
qo‘yimizni tanlaylik.
Dabdabali arava ikki kishining yonidan o‘tib, shahar chekkasiga yo‘l oldi, undan ham
o‘tib, bog‘chalar tomon burildi-da, hokimga qarashli katta yer oldiga borib to‘xtadi. Bu
aravani kutib olishga odatlangan hokimning korandalari bu safar ham yugurib, unga
peshvoz chiqishdi. Arava to‘xtashi bilan aravakash otdan irg‘ib tushdi-da, uning jilovidan
ushladi. Bekaning qo‘lidan ushlab tushirish uchun g‘ulomlardan biri arava yoniga chopdi.
Marjon ismli chaqqon va uddaburon bir g‘ulomni beka o‘ziga yaqin tutardi. U arava
oldiga keldi-yu, lekin pardani ko‘tarishga yuragi betlamay turib qoldi. Bekaning o‘zi esa
na pardani ko‘tarar va na arava ichidan boshini chiqarib qarardi. Beka xizmatida arava
yonida kelgan g‘ulomlar ham, uning istiqboliga chiqqan korandalar ham Jahonning
aravadan tushishini sabrsizlik bilan kutishardi. Beka hadeganda aravadan
tushavermagach, ular besaranjom bo‘la boshladi. Bekaning qashqa oti esa odamdan
ko‘ra ham tinchsizlanib, oyog‘i bilan yer depsir, go‘yo o‘z egasini chaqirganday yoki, u
tezroq chiqa qolsin, deganday zo‘r berib kishnardi. Otboqar har qancha urinsa ham, uni
tinchita olmasdi. Nihoyat parda ko‘tarildi-da, ichidan ellik yoshlar chamasidagi juda
salobatli, uzun-mo‘l kiyimli, boshidan tortib bo‘ynigacha katta ro‘mol o‘rab olgan bir ayol
aravadan tushdi. Bu ayol Jahonning oqsochi, sirdoshi va mahrami Hayzuron edi.
Hayzuron yerga oyog‘ini qo‘yib bekasini aravadan tushirish uchun unga qo‘lini cho‘zdi.
Jahon aravadan tusharkan, hamma uning dillarga o‘t tutashtiradigan husn-jamolini
ko‘rishga oshiqardi. O‘sha kuni u ov kiyimlarini, ya’ni uzun shim, orqa etagi ochiq uzun
kamzul va ustidan yana ipak kimxobdan to‘nga o‘xshatib tikilgan rido tashlab olgandi.
Boshida esa qiyiqchaga o‘xshagan, chakkasini qoshlarigacha bekitgan bir ro‘mol. Oftob
urmasin uchun yelkasiga uning peshini tushirib ham olgandi. Shamolda kiyimi ko‘tarilib,
yuzidan boshqa a’zolari ko‘rinib qolishidan ehtiyot qilib, u ridosi ustidan belini ham
bog‘lab olgandi.
Jahon uzun bo‘yli, barvasta bo‘lib, chehrasida salobat, sog‘lomlik va husn barq urib
turardi. Uning shahlo ko‘zlari shunaqangi boqardiki, sehr-jodu bundan ortiq bo‘lmas.
Jahonga bir qaragan yoki u bilan so‘zlashgan har qanday odam aqlu hushidan begona
bo‘lar, o‘zini yo‘qotib qo‘yar, tili kalimaga kelmay qolardi. Butun inon-ixtiyorini Jahonga
berardi-yu, bir o‘yinchoq kabi qizga bo‘ysunishdan boshqa chorasi qolmasdi.
Jahonning ovga yoki biror sayohatga otlanayotganini eshitganlar bir ko‘rib qolish uchun
yo‘liga peshvoz chiqar, uning kutib turganlar bilan tabassum aralash salomlashib o‘tishi
odamlarni o‘zida yo‘q xushnud etardi. Ammo bugungi holat tamoman o‘zgacha edi.
Qizning chehrasidagi g‘am ko‘lankasi, tabassumi bilan yashirmoqchi bo‘layotgan
ko‘zlaridagi yosh odamlarni hayratda qoldirdi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |