Bioxilma-xillik oʻzi nima? – degan savolga koʻpchilik mujmal qilib bu “tabiat” yoki “yovvoyi hayvonlar” deb javob beradi. Ammo Bioxilma-xillik ancha keng tushuncha boʻlib, u hayotning barcha turlarini va sayyoramizda mavjud tabiiy tizimlarni oʻz ichiga oladi.
Bioxilma-xillik turgʻun tushuncha emas. U tabiat barcha biologik qismlarining oʻzaro bogʻliqligi va bir-birini taqozo etishini tan oladi. Koʻpincha mazkur tushunchaning uch darajasi farqlanadi: turlarning biologik rang-barangligi – barcha oʻsimliklar va hayvonlarning, shu jumladan, turli bakteriyalar va mikroorganizmlarning rang-barangligi; genetik rang-baranglik – turlardagi genetik materialning rangbarangligi va ularning oʻrtasidagi bioxilma-xillik; ekologik tizimlarning rang-barangligi – ekologik tizimlarning boyligi (masalan, togʻ oʻrmonlari, choʻllar yoki savannalar, sahrolar va dengizlar va h.k.). Bu uch daraja jamuljam holda bioxilma-xillikni tashkil etadi. Shu sababli, mazkur darajalarning har birini asrash umuman bioxilma-xillikni asrash uchun muhimdir.
Bioxilma-xillikka boshqacha koʻz bilan qarash ham mumkin. Chunonchi, biz “biosfera”da, yaʼni sayyoramizning jonli qismida yashaymiz, deb aytish mumkin. Biosfera – juda faol substansiya, lekin oʻzining turli biologik qismlarining boyligi tufayli, u hayotni asrash nuqtayi nazaridan juda barqarordir. Biosfera faqat biologik hayotning boyligi tufayli sirtdan koʻrsatilgan taʼsirlar (shoklar, qoʻzgʻatishlar)ga dosh beradi.
Bunda aralashuvlar tabiiy (masalan, quyosh faolligidagi tafovut) yoki odamlar qoʻli bilan amalga oshirilgan (oʻrmonlarni kesish, qurilish yoʻli bilan vayron qilish va h.k.) boʻlishi mumkin. Yerda hayotning rang-barangligi qancha kamaysa, biosferaning sirtdan aralashuvlarga taʼsirchanligi shuncha ortadi. Bioxilma-xillik qancha kam boʻlsa, sayyoramizning uzoq muddatli istiqbolda yashab qolish imkoniyatlari shuncha oz boʻladi.
Bioxilma-xillik mamlakatimizda xalqning iqtisodiy, estetik, sogʻliqni saqlashga oid va madaniy farovonligining muhim manbai hisoblanadi. Ammo butun dunyoda bioxilma-xillik kamayib borayotgani, chunonchi, noyob genlar, turlar va ekologik tizimlar yoʻq boʻlib ketayotgani yurtimizga ham tahdid solmoqda.
Buning sababi bitta – odamlar. Odamlar shunday bir sharoitlarni yaratdilarki, ularda yoʻq boʻlib ketgan turlar miqdori 65 million yil oldingi dinozavrlar davridan boshlab butun tarix mobaynida yoʻq boʻlib ketgan turlar miqdoridan ham koʻproqdir.
Agar bioxilma-xillik yoʻqolishining hozirgi tezligi saqlanib qolsa, odamlarning tabiiy yashash joylarini buzish, ifloslash, iqlimni oʻzgartirish borasidagi harakatlari natijasida sayyoramizdagi turlarning yarmi 100-yildan ham kamroq vaqt ichida yoʻq boʻlib ketadi.
Masalan, soʻnggi 40 yil davomida baliq ovlash yiliga 20 mln. tonnadan 135 mln. tonnaga oshdi. Baliq zaxiralarining 75 foizi yoʻqolib ketdi. Shunga qaramasdan Yer yuzida yashovchi insonlarning har beshinchisining ovqatlanish ratsioniga baliq kiradi.
Bioxilma-xillikka odamlar taʼsirining bosh omillari biologik resurslar isteʼmolining oʻsib borayotgani, insonning ishlab chiqarish faoliyati, qishloq xoʻjaligi hamda odamlar yashaydigan joylar kengayib borayotganidir.
Bu odamlar rivojlanish jarayonlarini, oʻz isteʼmoli, savdo-sotiq va hokazolarni butunlay toʻxtatishi kerak, degan maʼnoni anglatadimi?
Yoʻq, anglatmaydi. Ammo, insonning hayot faoliyati va mavjudligi uchun neʼmatlar ishlab chiqarish jarayonida Bioxilmaxillikka ziyon-zahmat yetkazmaslik va uni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish yoʻllarini topish ustida barcha odamlar bosh qotirishlari lozim.
Bioxilma-xillikning ahamiyati nima?
Bioxilmaxillik – odamlar hayoti uchun muhim resurslar manbai. Bioxilmaxillikning yovvoyi va xonaki (madaniylashtirilgan) komponentlaridan biz oziq-ovqat, kiyim-kechak, ovqat pishirish va uy qurish, mebel yasash uchun yogʻoch, tibbiyot, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun materiallar olamiz.
Bioxilmaxillikdan olinadigan foydani ikki qismga ajratish mumkin.
Biologik xizmatlar: Oʻzbekiston asosan qishloq xoʻjalik mamlakati. Ammo qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarish toʻlaligicha tabiat sifatiga bogʻliq. Bioxilma-xillik maqbul sifatni quvvatlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatadi. Biologik turlar rang-barangligi qancha kam boʻlsa, ular shuncha kam xizmatlar koʻrsatadi va qishloq xoʻjalik ishlab chiqarishi hamda qishloqlardagi hayot uchun tabiiy resurslar sifati shuncha past boʻladi.
Mahsulotlardan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish: Mamlakatimizda Bioxilma-xillik mahsulotlaridan foydalanish yonilgʻi sifatida ishlatish uchun yogʻoch yigʻish, ovchilik, oziq-ovqat sifatida ishlatiladigan oʻsimliklarni, dorivor giyohlarni terish va hokazolar orqali amalga oshiriladi. Bioxilma-xillik mahsulotlaridan foydalanish koʻpincha nooqilona amalga oshiriladi. Yaʼni, tabiat tiklashga qodir boʻlgan darajadan koʻproq yigʻiladi.
Yurtimizda ham yildan-yilga bioxilma-xillik yoʻqolib bormoqda. Buning asosiy sababi bioxilma-xillik mavjud tabiiy joylar asosan qishloq xoʻjaligining kengayishi hisobiga buzilib ketyapti.
Bunday muammolarning oldini olish, aholining ekologik madaniyatini yana-da yuksaltirish, yoshlarda tabiatga ehtirom tuygʻusini kuchaytirish, biologik xilma-xillikni asrashga yoʻnaltirilgan loyihalarda jamoatchilikning faolligini yana-da oshirish dolzarb vazifadir.
“Biologik xilma-xillik” deganda yerda, dengizda va boshqa ekotizimlarda yashaydigan va o‘sadigan hamma jonli organizmlar tushunilib, ushbu tushunchaga bitta tur doirasidagi, turlararo va ekotizimlar xilma-xilligi ham kiradi (Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyasi).
Bugungi kunda bioxilma-xillikka xavflar qatorida yashash joylarining degradatsiyasi, shu jumladan yashash joylarining (shu jumladan mavsumiy yashash joylari) qisqarishi, parchalanishi, ozuqa saqlovchi va boshqa funksiyalarning pasayishi; turlarning yashash joylaridan ruxsat etilgan me’yordan ortiq ov qilinishi; to‘g‘ridan- to‘g‘ri yo‘q qilish (tasodifan va/yoki qasddan yo‘q qilish); ifloslanish (tabiiy, kimyoviy, biologik); invaziv (begona) turlar (antropogen, tabiiy); iqlim o‘zgarishi kabi omillar sanab o’tilishi mumkin.
Kritik muhim yashash muhiti – bu muhim ahamiyatli biologik xilma-xillikka ega hudud, shu jumladan: (i) yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yoki yo‘qolib borayotgan turlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan yashash muhiti; (ii) endemik va/yoki chegaralangan arealdagi turlar uchun katta ahamiyatli yashash muhiti; (iii) sayyora miqyosida ahamiyatli ko‘chib yuruvchi va/yoki gala-gala bo‘lib yashaydigan hayvonlar turlarining to‘planishini saqlaydigan yashash muhiti; (iv) jiddiy tahdid ostidagi va/yoki noyob xususiyatlarga ega ekotizimlar; (v) muhim evolutsion jarayonlar bilan bog‘liq hududlar.
Respublikamizdagi Ustyurt platosi ba’zi yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi va yo‘qolib borayotgan turlar uchun kritik muhim yashash muhiti deb sanaladi. Shu bilan birga, mineral resurslariga, ayniqsa uglevodorodlarga boy Ustyurt platosi hududida neft va gaz sanoati tez sur’at bilan rivojlanib, bioxilma-xillikka ma’lum salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Bioxilma-xillikka salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida xalqaro moliyaviy muassasalar tomonidan Ekvator Tamoyillari (ET) qabul qilindi. ET xavflarni boshqarish tizimi sifatida loyihalar doirasidagi ekologik va ijtimoiy xavflarni aniqlash, baholash va boshqarish uchun qo‘llaniladi.
Moliyaviy institutlar tomonidan ETni qabul qilishdan maqsad – moliyalashtiriladigan loyihalarda ijtimoiy talablar va ekologik boshqaruvning eng yaxshi tajribalari aks ettirilishiga kafolat berishdan iborat. Shu bilan birga, kreditni ajratish bo‘yicha qaror qabul qilinganda, ishlab chiqarishda Xalqaro moliyaviy korporatsiyaning ekologik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha Faoliyat Standartlariga muvofiqligi darajasi e’tiborga olinadi. Yangi loyihalarni amalga oshirishga moliyaviy muassasani jalb etishda hamda amaldagi loyihalarni kengaytirish yoki modernizatsiyalash maqsadida ularga sezilarli ekologik va ijtimoiy xavflar yoki ta’sirning xususiyati va miqyosi o‘zgarishi bilan bog‘liq tuzatishlar kiritishda ETdan foydalaniladi.
Muayyan loyiha doirasida ET tatbiq etilganda, moliyaviy muassasa tomonidan, avvalo loyiha doirasidagi ekologik va ijtimoiy xavflar darajasi o‘rganilib, unga xavf darajasi nuqtai nazardan ma’lum kategoriyani berish talab etiladi. Xavf darajasi yuqori bo‘lgan loyiha oldida miqdoriy ekologik ko‘rsatkichlardan foydalangan holda atrof-muhitga ta’sirni baholash va natijalarni mahalliy aholiga e’lon qilish vazifasi qo‘yiladi. Kredit sarmoyasini ajratish sharti doimo hisobot va nazorat bo‘lishini talab qiladi.
O‘zbekiston Respublikasida Ekvator Tamoyillariga amal qilayotgan xalqaro institutlar va kompaniyalar ekologik va ijtimoiy baholash tartibini (protsedurasini) Xalqaro moliyaviy korporatsiyaning Ijtimoiy va ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha Faoliyat standartlariga hamda Butunjahon bankining Atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liq va xavfsizlik bo‘yicha tashkilotlar guruhi yo‘l-yo‘riqnomalariga muvofiq o‘tkazmoqda. Baholash tartibi loyihada amaldagi standartlarga rioya qilinishi yoki undan voz kechilishi sabablarining har tomonlama asoslanganini talab etadi. Amaldagi standartlar o‘zida minimal talablarni ifodalaydi, biroq qo‘shimcha talablar ham qo‘llanilishi mumkin.
BMTTD, Global ekologik jamg’arma hamda O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasining hamkorlikdagi “O’zbekiston neft va gaz tarmog’iga bioxilma-xillikni saqlash tamoyillarini integratsiyalash” loyihasi materiallari bo’yicha
Anjumanda Toshkent shahar hokimiyati, Toshkent shahar IIB, Fanlar Akademiyasi hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
Anjuman ishtirokchilarga tizimda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan tadbirlar to‘g‘risida, xususan noqonuniy daraxt kesilish holatlarining oldini olish borasida axborot berildi.
Qayd etildiki, respublikada o‘simlik dunyosi obyektlari 4 500 turdan, hayvonot dunyosi – 15 700 turdan ortiq. Shulardan 324 tur o‘simlik va 184 tur hayvonot dunyosi obyektlari O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan.
Bugungi kunda respublikada yuridik maqomga ega bo‘lgan jami 13 ta (1.5 mln. ga) muhofaza etiladigan tabiiy hududlar mavjud, bulardan 3 tasi Qo‘mitaga, 8 tasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga va 1 tasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga qarashli.
O‘simlik dunyosining 591 ta turidan 341 tasi (60,57%), hayvonot dunyosining barcha 250 ta turi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning 464 ta ob’ektidan 326 tasining (84,9%) geobazasi 1:200 000 masshtabda xarita ma’lumotlari davlat kadastri yagona tizimiga kiritildi, ularning ArcGIS elektron dasturiy ta’minoti tatbiq qilinmoqda.
Qo‘mita tomonidan o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha yil boshidan jami 2345 ta nazorat tadbirlari olib borilgan bo‘lib, 2962 ta (yoki 2017 yilning shu davriga nisbatan 817 ta ko‘p) qonun buzilishi holatlari aniqlangan. SHulardan o‘simlik dunyosi bo‘yicha – 2023 ta; ovchilik qoidalarining buzilishi holati bo‘yicha – 264 ta; baliq ovlash bo‘yicha – 675 ta.
Aniqlangan 2716 holatlar bo‘yicha 385 mln so‘m jarima qo‘llanilgan, qolgan holatlar bo‘yicha sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘rnatilgan taribda ko‘rib chiqish va chora ko‘rish uchun taqdim etilgan. SHuningdek, atrof-muhitga etkazilgan zarar 3,76 mlrd.so‘m miqdorida hisoblangan, shundan 576,3 mln.so‘m undirilgan.
Tadbirda ta’kidlanganidek, fuqarolarning ko‘p sonli murojaatlari, takliflari o‘rganilib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimiyati o‘rtasida “Toshkent shahri hududidagi manzarali daraxt va butalar muhofazasini kuchaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlarining oldini olish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini ajratishda daraxtlar va ko‘p yillik butalarni saqlash qolish tizimini tashkillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaror imzolandi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda amaldagi qonunchilik qayta ko‘rib chiqilib, o‘simlik va hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar uchun belgilanadigan da’vo summalari, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanish uchun to‘lov summalari miqdorlarini xalqaro mezonlardan kelib chiqqan holda indeksatsiya qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishlari qarorlari qabul qilinganligi qayd etildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi Qonunining ijrosini ta’minlash va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda fuqarolarning rekreatsiya, ekologik va boshqa turdagi turizmlarga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-yanvardagi “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda bo‘lishni tartibga solishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 13-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda bo‘lish uchun to‘lov har bir tashrif buyuruvchi uchun sutkasiga eng kam oylik ish haqining 5 foizi miqdorida amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoniga muvofiq va tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 255-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga muvofiq, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga, o‘simlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanishga, suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlandi.
Hozirda Qo‘mita tegishli vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘simlik va hayvonot dunyosi obyektlarining davlat hisobi va monitoringini yuritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Shu bilan birga tadbir davomida bugungi kunda biologik xilma-xillikni muhofaza qiliish borasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi mazkur yo‘nalishda “Biologik xilma-xillik to‘g‘risida”gi, “Asosan suvda suzuvchi qushlar yashash joylari sifatida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq joylari to‘g‘risida”gi, “Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risida”gi, “Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi konvensiyalarga qo‘shilgan.
Bugungi kunda ushbu konvensiyalar vazifalarini amalga oshirish yuzasidan qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikdagi loyihalar bajarilmoqda. Xususan, hozirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Global ekologik jamg‘armaning “Biologik xilma-xillikning global muhim turlari uchun asosiy tog‘ hududlarida tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va o‘rmon ho‘jaligi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Tadbirda, hozirgi kunda mazkur loyiha doirasida qor qoploni va u yashaydigan hududlarni muhofaza qilish sohasida transchegaraviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni mustahkamlash bo‘yicha Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikiston kabi qo‘shni davlatlar tegishli vazirliklari bilan muzokaralar olib borilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |