Sochiluvchanlik. Moyli urug`larning sochiluvchanligi ularning tabiiy qiyalik burchagi qiymatiga bog`lik. To`kiluvchan moddalarning tabiiy qiyalik burchagi ularning gorizontal tekislikka nisbatan mahsulotning sirt yuzasi o`rtasida hosil qilingan burchagiga aytiladi.
Tabiiy kiyalik burchagi mahsulot turiga qarab turlicha bo`ladi. Mahsulot qancha sochiluvchan va sirti silliq bo`lsa, tabiiy qiyalik burchagi shuncha kichik bo`ladi. Ushbu hususiyat moyli urug`lar joylanganda ularga qarab omborxonalarning turi va shakli tanlab olinadi. Ba’zi bir urug`lar uchun tabiiy qiyalik burchagi (graduslarda) qo`yidagicha: pista urug`i 31-45; kanakunjut 34-46; Soya 25-32; Zig`ir 27-34; Paxta chigiti 42-45.
Mahsulotning bu xususiyati o`z yo`lida shu mahsulotning shakliga, o`lchamiga, namligiga va sirtning notekisligiga bog`lik. Umuman olganda tabiiy qiyalik burchagi mahsulotning ichki ishqalanish koeffistientiga bog`lik bo`lib, koeffistient kancha katta bo`lsa, tabiiy qiyalik burchagi ham shuncha katta bo`ladi. Yog`-moy ishlab chiqarish texnologiyasida sochiluvchanlik ba’zi bir o`rinlarda qo`l keladi. Bu esa mahsulotni bir apparatdan boshqasiga uzatish paytida transport vositasisiz to`g`ridan-to`g`ri oqizish trubalaridan foydalanish imkonini beradi.
O`z-o`zidan xillarga ajralishi. Bu xususiyat urug`larning o`lchami va zichligiga qarab turli xillarga ajralib qolishiga sabab bo`ladi. Urug`larni saqlash va qayta ishlashda bu xodisa aks ta’sir etadi. Chunki ko`p xollarda xillarga ajralib kolgan mahsulotning laboratoriya tahlillari bir xil ko`rsatgichlar buyicha turlicha qiymatga ega bo`ladi. Masalan, bir urug` uyumi uchun har xil namlik, har xil moylilik, turli zichliliklar chiqadi. Shu tufayli xom ashyoning ushbu xususiyatini e’tiborga olib, laboratoriya na’munalarini olayotgan paytda imkon boricha mahsulotning hamma yuzasidan, turli chuqurlikdan namuna olish muhim bo`ladi.
G`ovaklik. Xom ashyoning g`ovakligi deb, mahsulot zarrachalari orasidagi havo hajmining shu mahsulotning umumiy hajmiga nisbatiga aytiladi. G`ovaklik mahsulotning namligi, zarrachalarning shakli va o`lchamlari, ularning sirt tuzilishi va bundan kelib chiqadigan ishqalanish va boshqa faktorlarga bog`liq. Shuning uchun ko`pchilik moyli urug`lar uchun g`ovaklik keng ko`lamda o`zgarib turadi. Masalan, kanop urug`i uchun g`ovaklik 35-45%, kungaboqar uchun esa 60-80% gacha etishi mumkin. Bir xil sharoitda bir turdagi urug`lar uchun o`lchami kattaroq bo`lgan urug`larning g`ovakligi katta va u uyum ostiga qarab asta-sekin kamayadi, chunki, yuqori qism mahsulot og`irligi ta’sirida pastki qatlamda g`ovaklik kamayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |