Manzilimiz: 120100, Guliston shahri, 4-mavze, Ishlab chiqarish texnologiyalari fakulteti binosi,3-qavat «Oziq-ovqat texnologiyalari» kafedrasi.
2-mavzu: Yog`-moy mahsulotlarini saqlash va qadoqlash texnologiyalari
va usullari
Reja:
1.1.Yog`-moy mahsulotlarini saqlash va qadoqlash texnologiyasi fanining rivojlanishi haqida.
1.2.Yog`-moy mahsulotlarini saqlash va qadoqlash texnologiyasini xalq xo`jaligidagi ahamiyati.
1.3.Qadoqlash usullari va qo`llanilishiga bog`liq holda qo`yiladigan talablar. Qadoqlash usullarini amalga oshirish uchun qo`llaniladigan tayyorlov jarayonlari, ularning sinflanishi va maqsadi.
Tayanch so`z va iboralar: yog`-moymahsulotlari, saqlash, qadoqlash, qadoqlash usullari.
1.1. Yog`-moymahsulotlarini saqlash va qadoqlash texnologiyasi fanining rivojlanishi haqida.
Moyli o`simliklarni etishtirish va ulardan moy olish odamzod taraqqiyotining qadimiy davrlariga borib taqaladi. Arxeologik hujjatlar G`arb va Sharq mamlakatlarida o`simlik moylari ishlab chiqarish va ulardan foydalanish odamzodga qadim zamonlardan buyon ma’lum ekanligini ko`rsatadi.
Ibtidoiy jamoalarning tabiatdan yig`ib olayotgan o`simlik mevalari va ovchilik bilan o`zlashtirib olayotgan hayvon va parrandalar zahirasi odamlarning iste’mol talablarini bora-bora qondiraolmay qoldi, jamoalar va tabiat o`rtasida hayot uchun kurash keskinlashdi. Bunday holat ibtidoiy jamoalarda katta iqtisodiy o`zgarishlar hosil bo`lishiga zamin yaratdi. Odamlar shu zamonlardan boshlab yovvoyi o`simlik va hayvonlarni madaniylashtiraboshladi.
Misr piramidalari va ehromlari ochib ko`rilganda sopol idishlarda yog` mahsulotlari, ayrim hollarda palma moyi qoldiqlari va uning parchalanishidan hosil bo`lgan palmitin kislotasi topilgan. Qadimgi misr tarixchilarning bergan ma’lumotlari bo`yicha, Nil daryosi sohillarida tola va moy olish uchun zig`ir etishtirishgan. Birinchi aniq ma’lumotlar, eramizdan oldingi III –II asrlarda, misr papiruslarida yozilgan bo`lib, Misrda zig`ir, kunjut, kanakunjut urug`laridan presslash yo`li bilan moy olinganligi to`g`risida xabarlar qoldirilgan. O`simlik moylari presslab olinganligi to`g`risida ma’lumotlar Yunoniston faylasufi Gerodot (eramizdan oldingi V asr) tomonidan ham yozib qoldirilgan1 .
Rim davlat arbobi va yozuvchisi Katon (eramizdan oldingi III-II asrlar) er to`g`risidagi traktatlarida qishloq ho`jaligi anjomlari xaqida gapirib, Pompeya yaqinidagi qazilmalar paytida topilgan, zaytun mevasini ezib, maydalab beruvchi press to`g`risida yozadi. Bu anjom mevaning yumshoq qismidan zaytun moyi olish uchun ishlatiladigan richagli press ekanligi aniqlanadi2.
Roje Fransua o`zining “Yog`lar industriyasi” nomli kitobida qadim zamonlarda zaytun mevasining ustki yumshoq qismidan “bokira moy” olinganligi va bunday moy olishda ponali va richagli presslardan, tosh juvozlardan foydalanilganligi haqida ma’lumotlar bergan.3
Paxta o`simligi – g`o`zaning kelib chiqishi to`g`risida aniq ma’lumotlar yozib qoldirilmagan. Shu narsa ma’lumki, paxta qadim zamonlardan beri Hindiston, Xitoy, Misr, Shimoliy Afrika, Braziliya, Peru, Meksika mamlakatlarida, Sharqiy Osiyo orollarida va O`rta Osiyoda etishtirilgan. Paxta mahalliy o`simlik bo`lganmi, yoki biron bir sabab bilan bu yurtlarga kelib qolganmi – hechkim bilmaydi. Ko`pchilik mualliflar paxtani tub mahalliy o`simlik hisoblab, buning tasdig`iga paxta chigitining ba’zilari silliq, boshqalari tukdor ekanligini, o`simlik ko`p yillik ekanligini takidlashadi, ba’zilar esa – g`o`za bir yillik o`simlik toifasiga kirishini aytishadi. Shu bilan birgalikda och qizg`ish rangli Misr paxtasi va boshqa turdagi paxta o`simligi borligi to`g`risida ham ma’lumotlar berilgan. Paxta o`simligi turlari ko`p bo`lishligidan qat’iy nazar, ularning barchasidan hayratda qolarlik darajada o`xshash ikki xil mahsulot – paxta momig`i va chigit olinadi. Paxta momig`i asosan alfa-stellyuloza hisoblanadi, turli chigit tarkibidagi moylar esa fizik va kimyoviy xususiyatlari bilan bir-biridan ko`p farqlanmaydigan lipidlardan iborat.
Paxta xom ashyosidan tola ajratish mashinasi – “Jin” (djin) ixtiro qilinmaguncha chigit moyli urug` sifatida ishlatilmagan. Bu apparat paydo bo`lgunicha chigitdan tola ajratish qiyin bo`lgan. Shu sababli paxta xom ashyosini etishtirish sekin rivojlangan. Eli Vitney jin apparatining ixtirochisi hisoblanadi. U 1794 yilda jin apparati uchun patent oldi. Apparatning asosiy elementi doira shaklidagi arra bo`lib, tor tirqichdan o`tayotganda arra tishlaridan tola tirqich sirtiga o`rnatilgan moslama yordamida ilib olib qolinadi. Bu prinstip hozirgi zamonaviy jin apparatlarida ham saqlanib qolgan4.
Yog`-moy sanoati respublika oziq-ovqat sanoatining etakchi tarmoqlaridan biri. O`zbekistonda qadimdan o`simlik moyi, kunjut, zig`ir, indov, maxsar urug`i, paxta chigiti, poliz ekinlari urug`laridan juvozlarda olingan. O`zbekistonda paxta chigitidan moy oluvchi dastlabki zavod 1884 yili Qo`qonda qurilgan. 1913 yili 30 ta kichik yog` zavodi 57 ming t paxta moyi ishlab chiqarilgan. Respublikada yillik quvvati 3,5 mln. t moyli o`simlik urug`larini qayta ishlaydigan 20 ta korxona ishlab turibdi. Sanoatning bu tarmog`ida paxta, soya, raps moylari, meva danaklari hamda sabzavot urug`laridan olinib, atir-upa, farmastevtika va oziq-ovqat sanoati tarmoqlarida ishlatiladigan yog`lar, margarin mahsulotlari, mayonez, kir sovun, atir sovun, texnika maqsadlari uchun boshqa turli mahsulotlar ishlab chiqariladi. O`simlik moyi ishlab chiqarishda yiliga o`rtacha 2,1 mln. t dan ko`proq paxta chigiti ishlatiladi raps, zig`ir, maxsar urug`i, shuningdek import bo`yicha olinadigan soya dukkagi qayta ishlanadi. Respublika yog`-moy sanoati oziq-ovqat sanoati umumiy mahsuloti hajmining 40% ga yaqinini beradi. Tarmoq korxonalarida ishlab chiqariladigan mahsulotlar, xususan paxta moyi eksportga chiqariladi. Koson, Guliston yog` ekstraktsiya zavodlari (bir kunda 1200 t chigitni qayta ishlaydi), Farg`ona yog`-moy kombinati (quvvati kuniga 840 t chigit), Qo`qon yog`-moy kombinati (quvvati kuniga 810 t chigit), Kattaqo`rg`on yog`-moy kombinati; (quvvati kuniga 950 t chigit), Denov yog`-ekstraktsiya zavodi (800t). urganch yog`-moy kombinati (800 t) tarmoqdagi eng yirik korxonalardir.
Qo`qon yog`-moy kombinati tarkibida meva danaklari va sabzavot urug`laridan moy ishlab chiqaradigan maxsus zavod (quvvati kuniga 50 t danak) ishlaydi. Bu zavodda 15 nomdagi meva danagi moylari (o`rik, shaftoli, pomidor, uzum va b.) ishlab chiqarish o`zlashtirildi. Toshkent yog`-moy kombinatida margarin mahsulotlari (yillik quvvati 52,4 ming t) va mayonez (yillik quvvati 2 ming t), tarmoqdagi 10 korxona Farg`ona, Yangiyo`l, Andijon, Urganch, Kattaqo`rg`on va b. Yog`-moy kombinatlarida kir sovun (yalpi yillik umumiy quvvati 103,7 ming t) ishlab chiqariladi. Farg`ona yog`-moy kombinatida yiliga 16,7 ming t turli kichik o`lchamdagi (25, 40, 100 grammli) atirsovunlar ishlab chiqaradigan liniya qurilmoqda, glisterin (yillik quvvati 2 ming t) ishlab chiqarish o`zlashtirildi. Tarmoq korxonalarida texnologik jarayonlari avtomatlashtirish, xorijiy firmalar uskunalari bilan jihozlash ishlari davom ettirilmoqda. Korxonalarni texnikaviy jihatdan qayta jihozlash ishlari davom ettirilmoqda. Korxonalarni texnikaviy jihatdan qayta jihozlashda Krupp, Sket (Germaniya), «Alfa-Laval» (Shvestiya), «Jon Braun 2», «Karver», «Kraun» (AQSh), «Maststoni», «Bollista», (Italiya), Germaniya, Polsha, Ukraina, Rossiya firmalari bilan hamkorlik yaxshi samara bermoqda.
1997 yilning oxiridan boshlab «Qarshi yog`-ekstraktsiya» HJ qoshida «Yog`moytamakisanoati» uyushmasi va Singapur kompaniyasi bilan tuzilgan «Qarshi yog`» qo`shma korxonasi faoliyat ko`rsata boshladi. Bu korxonada dezodoratsiya qilingan yog` 2 litrli PET idishlarga qadoqlanadi, yana bu korxonada 0,66 litrli PET idishlarda mineral suv qadoqlanadi. Bu mahsulotlar do`kon peshtaxtalarida turib qolayotgan yo`q.
Xuddi shuningdek Andijon yog`-moy HJ qoshida «Yog`moytamakisanoati» uyushmasi, Belgiyaning «Flarus», «Upland Enterprayz» kompaniyalari bilan ta’sischiligida «Andijon Fraun Oyl Kompani» qo`shma korxonasi tuzilish arafasida bo`lib, bu korxonada ham dezodoratsiya qilingan toza o`simlik yog`i ishlab chiqarilib, 0,6-1,1 litrli PET idishlarga qadoqlash yo`lga qo`yiladi. Umuman chet el kompaniyalarining investitsiyalaridan foydalanib dezodoratsiyatsexlarini qurishdan maqsad sifatli yog` olish bilan birga ekstraktsiya yo`li bilan olingan texnik yog`dan ham iste’mol yog`i olinib, halqimizni o`simlik yog`iga bo`lgan talabini to`laroq qondirishdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |