Alebard (frans.) – uchiga harbiy bolta qoʻndirilgan qadimiy nayza. XIV-XVI asrlarda Yevropa mamlakatlari piyoda qoʻshinlarida foydalanilgan.
Alkabala (isp. alcabala, arab. al-kabala – soliq) – savdo soligʻi boʻlib, Ispaniyada arablar hukmronligi davridan boshlab joriy qilingan (XII asrdan to 1845-yilgacha, uning mustamlakalarida XVI asr 2-yarmi – XIX asr boshlari). Senorial va munisipial toʻlov sifatida olina boshlangan; 1342-yildan A. davlat soligʻiga aylangan (avval 5%, keyinroq XVII asrga kelganda mahsulot tan narxining 14% gacha yetgan), ba’zi vaqtlarda koʻchadigan mulklar sotuvining 10% miqdorini tashkil qilgan. Shuningdek, koʻchmas mulk sotuvining 5% va barcha koʻchmas mulklardan 1% miqdorida undirilgan. A. ayniqsa ispanlarning Niderlandiyadagi mustamlakachiligi davrida mashhur boʻlib ketgan. 1571-yilda gersog Alba barcha koʻchadigan va koʻchmas mulklardan 1%, koʻchmas mulklar savdosidan 5%, koʻchadigan mulklarning har bir savdosidan 10% qilib belgilagan. Bu 1572-yilgi umumxalq qoʻzgʻaloni boshlanishining sabablaridan biri boʻlib xizmat qilgan. Niderlandiya inqilobi davrida A. soligʻi bekor qilingan.
Alkald (isp.al-calde, arabcha al-qozi) – oʻrta asrlar Ispaniyasida viloyatlar boshqaruvchilari.
Allegoriya (yunon. kinoya, istiora, shama) – gʻoyalarni (tushunchalarni) aniq badiiy obraz yoki diolog orqali badiiy tasvirlash. A. sh’er, afsonalarda qoʻllaniladi. U mifologiya asosida paydo boʻlib, folklorlarda oʻz aksini topib, badiiy san’atda rivoj topgan. A.da din, sevgi, koʻngil, adolat, sharaf, urush, tinchlik, bahor, yoz, kuz, qish, oʻlim va shu kabilar tirik mavjudot sifatida tasvirlanadi va namoyon etiladi. M: urush va janglarni ajratib koʻrsatishda harbiy qurollar vositasida, yil fasllari – ularga mos ranglar bilan tasvirlanadi. Oʻrta asrlarda XIII asr oxiridan poeziya va san’atda kuchli kuzatiladi. Trubadurlarning koʻpchiligida, Volfram fon Eshenbaxda, Dante ijodida ham A. uchraydi.
Allod (qad.nem. al–toʻliq, yalpi va od–mulk, egalik) – Gʻarbiy Rim imperiyasi oʻrnida tashkil topgan varvar qirolliklari, Gʻarbiy Yevropaning ilk feodal davlatlarida shaxsiy-oilaviy yer egaligi. Ilk va keyingi (toʻliq) A. tarzida farqlanadi. Ilk A. – koʻchadigan mulklarga va koʻchmas mulklarga (haydov yerlari) boʻlgan cheklangan huquq merosiyligi (erkaklargina) tarzidagi egalik shakli. Yerlar bu paytda merosiy xususiy egalikda boʻlib, biroq ularni boshqarish huquqi jamoa ixtiyorida boʻlgan. Keyingi A.ning paydo boʻlishiga Xilperik I ning edikti (VI asr oxirlari) turtki boʻldi deb hisoblash mumkin. Keyingi A.– toʻliq va erkin tarzda tasarruf etishi mumkin boʻlgan kichik oilalar mulklaridir. Bunday mulkni vazifasini odatda yer oʻtagan; u meros qoldirish, sovgʻa qilish, keyinchalik oldi-sotdi predmeti boʻlib xizmat qila boshladi. Ya’ni, oila oʻzi egalik qilayotgan yer-mulkdan jamoa ixtiyorisiz foydalanishi mumkin boʻla boshladi. Keyingi A. avval vestgot va burgundlarda (VI ars boshlarida), keyin franklarda (VI asr oxirlarida), hammadan soʻng saks qabilalari orasida (IX asr boshlari) paydo boʻlgan. Keyingi yoki toʻliq A. – bu qoʻshnilarning yer boʻlaklari bilan galma-gal joylashgan kichik yer boʻlaklari (polosa)dan iborat zij (kompakt) yer maydoni. Bunday yerga egalik huquqini yer egasi uzoq vaqt saqlab qolishi qiyin boʻlgan, turli xil ta’sirlar va sabablar natijasida bunday A. turi nisbatan badavlat yer egalari qoʻliga oʻtib ketgan. Yer egalarining oʻzlari boʻlsa qaram dehqon holatiga oʻtgan. Katta va oʻrta yer egalari ixtiyoridagi A. avval benefitsiyga, keyinchalik feodga aylana borgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |