Adlentado (isp. oldinda yurmoq, oʻzib ketmoq) – konkistadorlar qoʻshini yoʻlboshchisi.
Afina gersogligi – hozirgi Gretsiya hududida salibchilarning 4-salib yurishidan (1202-1204) bir yil keyin tuzgan davlati (1205-1458). 1224-yilgacha Fessalonika qirolligi, undan keyin Axey knyazligi vassalligini tan olgan. A.G. 1261-yilda Mixail VIII Paleolog Konstantinopolni egallab, Vizantiyani qayta tiklagan paytda, Vizantiya hududida salibchilarning Axey knyazligi bilan saqlanib qolgan ikki davlardan biri edi. 1456-yilda usmoniylar vassalligi ostiga oʻtgan boʻlsa, oradan ikki yil oʻtib toʻliq qoʻshib olindi.
Agiografiya(yunon. Hagios–muqaddas, grapho – yozaman, tasvirlayman) – cherkov adabiyoti janrlaridan biri boʻlib, unda asosan, muqaddas deb qaraluvchi shaxslarning hayot yoʻli yoritiladi. Gʻarbiy va Vizantiya agiografik adabiyoti madaniy, ijtimoiy va til tarixida katta ahamiyatga ega, chunki bunday adabiyot mualliflari (asosan, rohiblar) muqaddas kishilar hayot yoʻlini yoritish bilan birga oʻzlari yashagan davr haqida ham ma’lumotlar qoldirgan. Agiografik asarlar 1643-yildan boshlab Antverpendagi iyezuit-bollandchilar jamiyati tomonidan yaratila boshlangan. Jamiyatning asoschisi Iogann Bolland (1596-1665) hisoblanadi.
Agora(yunon.) – dastlab qadimgi yunon polislaridagi bozor maydoni. Bu yerda polis fuqarolari yigʻini oʻtkazilgan. Vizantiya shaharlaridagi davlat va shaharning qator muassasalari joylashgan markaziy maydon ham A. deb atalgan.
Akritlar– Vizantiyaning sharqiy hududlaridagi erkin dehqon–jangchilardan shakllantiriladigan chegarachi piyoda qoʻshin askarlari, ularning manzilgohlari Kichik Osiyo atrofida joylashgan. Sharqiy tomondan keladigan bosqinchilardan himoya qilgan.
Akvitaniya – Pireney va Luara daryolari oraligʻidagi hudud (Sezar davrida – Garonna); avval iberlar kelib oʻrnashgan. Keyinroq keltlar ushbu hududda istiqomat qila boshlaydi va Rim davlatining viloyatlaridan biriga aylanadi. 419-yilda bu yerda markazi Tuluza shahri boʻlgan vestgotlarning Tuluza qirolligi vujudga kelgan, VI asr boshlarida vestgotlarni bu yerdan franklar siqib chiqaradilar. 507-yilga kelganda A. franklar qirolligining tarkibiy qismiga aylandi. VII asrga kelganda A. deyarli mustaqil gersoglikka aylandi. VIII asrga kelib ushbu gersoglikni karolinglar tobe etishga erishdilar va u vassal gersoglikka aylandi, keyinchalik uning oʻrnida Tuluza va Septimaniya grafliklari ajralib chiqdi. 1137-yilda A.oxirgi gersogining merosxoʻri boʻlgan Eleonora Akvitanskayaning fransuz qiroli Lyudovik VII ga turmushga chiqishi bilan mazkur hudud Fransiyaning bir qismiga aylandi. Eleonoraning 1154-yilda ingliz qiroli Genrix Plantagenet bilan ikkinchi nikohidan keyin A. plantagenetlar sulolasi hukmronlik qilayotgan Angliya qirolligining ta’sir doirasiga oʻtib qoldi (1259-yilgi Parij tinchlik shartnomasiga muvofiq). Yuz yillik urush natijasida inglizlar Giyenadan (XIII asrdan boshlab A. shu nom bilan atala boshlagan) quvib chiqarildi, 1453-yilda toʻligʻicha yana Fransiyaga qoʻshib olindi.