Anabaptistlar – qayta choʻqinganlar. Xristianlikda rasmiyatchilikka qarshi chiqqanlar. Ular balogʻat yoshida choʻqinish tarafdorlari.
Anafema (yunon.anathyema – qargʻish, chetlatish, xoli qilish) – cherkov la’nati, cherkovdan xoli qilish. 451-yildagi Xalkidon soborida joriy qilingan. Dastlabki ma’nosi niyatga koʻra xudo yoʻliga qilingan qurbonlik; keyinroq – ajratish (jamoadan kimnidir), badargʻa qilish, la’natlash. Oʻrta asrlarda cherkovdan chetlashtirish inson uchun berilgan jazolarning eng ogʻiri hisoblangan. A. berish insonlarni narigi dunyodagi barcha qutqarilish imkoniyatlarini yoʻqqa chiqargan (“cherkovdan tashqarida najot yoʻq” degan aqida III asrda oʻrtalaridayoq paydo boʻlgan edi). Cherkovdan chetlashtirish odatda daxriylarga, ogʻir gunoh sodir etganlar va dindagi oʻz e’tiqodidan qaytganlarga nisbatan qoʻllanilgan. Rim papaligi A.dan siyosiy kurash vositasi sifatida foydalangan. M: papa Grigoriy VII german imperatori Genrix IV bilan ziddiyatlarida unga nisbatan ikki marta A. e’lon qilgan. Grigoriy IX va Innokentiy IV lar oʻzlariga boʻysunishni istamagan “Muqaddas Rim imperiyasi” imperatori Fridrix II uch marotaba (1227, 1239 va 1245-y.) A. e’lon qilgan. Pravoslav cherkovida ham A. qoʻllanilgan. M: 843-yilda Konstantinopol sobori ikonaborlik (butparastlik) A. qiladi.
Angariya – 1) dehqonlar oʻtaydigan barshina. Italiya janubida amalda boʻlgan; 2) Rim imperiyasi, Vizantiya va oʻrta asrlar Yevropasida davlat majburiyati turi.
Angellar – Vizantiyadagi imperatorlar sulolasi (1185-1204). Andronik I Komnin taxtdan agʻdarilgach, hokimiyat tepasiga kelgan. Isaak II Angel (hukmronligi 1185-1195, 1203-1204-yillarda oʻgʻli Aleksey IV bilan birgalikda). Aleksey III Angel (1195-1203) A. sulolasiga mansub imperatorlar hisoblanadi. A. proniyalar va imtiyozlarni tarqatish siyosatini yuritganlar, soliqlarni koʻpaytirganlar. Davlat xazinasini ayshu-ishrat va ziyofatlarga sarflaganlar. A. hukmronligi davri davlatning kuchsizlanishi, ichki ziddiyatar va sulolaviy kurashlar avj olgan davr sifatida xarakterlanadi. Armiya kuchsizlangan, flot xonavayron ahvolga tushgan. Imperiyani toʻlaligicha inqirozlar qamrab olgan, davlat chegaralari muntazam qisqarib borgan. A. Genuya va Piza shaharlariga koʻplab savdo imtiyozlarini berganligi tufayli imperiyaning Venetsiya bilan munosabatlari sovuqlashgan. A. Sitsiliya normandlarining hujumlarini qaytargan boʻlsada, ammo sharqda saljuqlardan magʻlubiyatga uchraganlar. A. davrida 3 va 4-salib yurishlari uyushtirilgan. 4-salib yurishlari davrida A. taxtdan agʻdarildi. Vizantiya deb atalgan davlat vaqtinchalik tarix sahnasidan oʻchib turdi. 1204-1318-yillarda Epir davlatida hukmronlik qilgan sulola ham A. deb atalgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |