Alma-mater (lot. emizuvchi ona) – oʻrta asrlarning ilk universitetlariga nisbatan qoʻllanilgan tushuncha. Oʻsha davrda talabalar oʻz universitetlarini (asosan falsafa va ilohiyot yoʻnalishlarda) “ozuqa beruvchi ona”, ya’ni ma’naviy ozuqa ulashuvchi ma’nosida shu nom bilan atashgan. Majoziy ma’noda shaxs ta’lim olgan yoki olayotgan ta’lim muassasasiga nisbatan ishlatuvchi atama boʻlib, yarim erkalash, yarim hazil ma’nosida qoʻllanadi. Yana oʻrta asrlarga mansub universitetlarga ham shu nom bilan murojaat qilinadi. Samarqand davlat universiteti ham oʻziga xos A. hisoblanadi.
Almenda (nem. allemende – hammaga tegishli nimadir) – oʻrta asrlar Gʻarbiy Yevropa davlatlarida bir yoki bir necha hududiy jamoalarning (markalarning) barcha a’zolari umumiy foydalanishi ostida boʻlgan yer-mulklar (yaylov, oʻrmon, baliq ovi joyi, oʻtloq va boʻsh yerlar). Aynan shu nom bilan german tilli qabila va xalqlarda uchragan. Lekin boshqacha nomlar bilan oʻrta asrlarda deyarli hamma joyda kuzatilgan. Avval boshda jamoaning har bir a’zosi uchun A. bir xil boʻlgan. Asta-sekinlik bilan A. kamayib borgan, uning ustidan egalik qilish feodallar qoʻliga oʻta borgan, ular endi bunday yer-mulklardan foydalanganligi uchun dehqonlardan toʻlov talab qila boshlagan. Butun oʻrta asrlar davomida dehqonlar A. uchun feodallar bilan kurashib kelgan (mas. 1381-yilgi Uot Tayler qoʻzgʻalonidagi “Smitfild” dasturi talabalaridan birida A. haqidagi fikrlar bor). bozor munosabatlariga asoslangan xoʻjalikning kuchaya borishi bilan A. ham yoʻqolib bordi. M: Angliyada gʻov tutish natijasida A. bilan birga dehqon xoʻjaliklari yerlari yaylovlarga aylantirildi. Yangi zamon davriga kelganda yoʻqolib bordi.
Almenning (norv. almenning – barcha odamlar egaligi yoki mulki) – Skandinaviya davlatlarida ma’lum bir qishloq ahlining umumiy mulki ostidagi (egaligidagi) yer-mulklar (oʻrmon, yaylov, oʻzlashtirish uchun yaroqli yerlar va suvlar). Haydov (obikor) yerlarga ehtiyojmand kishilar qishloq ahlining (barcha qoʻshnilarning) umumiy roziligi bilan A.dan ajratib olishi mumkin boʻlgan. Bondlarga odatiy huquqlarda umumiy foydalanuvdagi yerlardan oʻz xoʻjaliklariga kesim yer olishga ruxsat berilgan. XIV asrning boshlarida Daniya va Norvegiyada qirollik hokimiyati A. ustidan oʻz hukmronligi toʻligʻicha oʻrnatgan boʻlsa, Shvetsiyada bu asrda A. viloyatlar va okruglarda hali mavjud boʻlgan. 1542-yilga kelib ishlov berilmaydigan yerlarning barchasi taxt mulki deb e’lon qilingan.