Al-Andalus – “Musulmonlar Ispaniyasi” ning arabcha nomi. Yaqin yillargacha (XX asrning 80-yillarigacha) etimologik jihatdan kelib chiqishi vandallar (andallarga) taqalishini ilgari surilgan.
Albigoychilar – Janubiy Fransiyada XII-XIII asrlardagi daxriylik harakati qatnashchilari. Katarlar harakatining markazlaridan biri boʻlgan Langedok provinsiyasidagi Albi shahri nomidan olingan. A. xudoning uch xil xususiyatligini (triyedinstve), cherkov marosimlari va sirli (ilohiy) ibodatlarini, jahannamni, a’rofat, xochga, butga, murdalarga sigʻinishni rad etishgan, papaning hokimiyatini tan olmaganlar. Cherkov yer egaligi va ushr soligʻiga qarshi chiqqanlar. Harakatning asosini hunarmandlar tashkil etgan, keyinchalik dehqonlarning keng ommasi ham mayda feodallarga qoʻshilgan. Salib yurishlari natijasida A. tor-mor etilgan, ularning oxirgi kurtaklari inkvizitsiya tomonidan yoʻq qilingan.
Albigoychilar urushi – Fransiyaning janubida (Langedok) daxriy albigoychilarga (katarlar va valdenslar) qarshi qaratilgan urush. Atama ushbu daxriylik harakatining markazlaridan biri boʻlgan Albi shahri nomidan olingan. Daxriylarga qarshi 1-Salib yurishi III Lateran sobori tomonidan 1179-yilda e’lon qilingan. Lekin unda ishtirok etish xohishini bildirganlarning kamligi tufayli Langedokning ayrim hududlarini talagan salibchilar 1181-yilda urushni toʻxtatganlar. 1208-yilda papa legatining Langedokda oʻldirilganligi bahonasi bilan papa Innokentiy III daxriylarga qarshi yangi salib yurishini e’lon qildi. 1209-yilda baron Simon de Monfor boshchiligidagi salibchilarning katta qoʻshini Langedokka bostirib kiradi. Salibchilar hal qiluvchi gʻalabani 1213-yilda, Myure ostonalarida qoʻlga kiritdi. Ushbu yurish talon-tarojlik, ommaviy xunrezlik bilan kechgan. Birgina Beze shahridagi cherkovda asosan, qariyalar, ayollar va bolalardan iborat yetti mingga yaqin kishi oʻldirilgan. Bir paytlar gullab yashnagan Fransiyaning janubi xarobazorga aylandi. Egallangan yerlarning katta qismi Simon de Monforga (1218-yilda halok boʻldi) tegdi. 1224-yildan boshlab albigoychilarga qarshi urushga Fransiya qiroli Lyudovik IX qoʻshildi. 1229-yilda u oʻz domeniga Tuluza grafligini va unga tutash qator hududlarni qoʻshib oldi. Daxriylarning oxirgi tayanchi boʻlgan Monsyuger qasri 1244-yilda egallandi.
Albissi – kelib chiqishi Aressoga borib taqaluvchi Florensiyadagi qadimgi urugʻlardan biri. 1210-yildan boshlab ushbu xonadon vakillari Florensiyada oliy davlat lavozimlarini egallaganlar va gvelflar partiyasida ta’sirli rolni oʻynab kelgan, shaharning savdo-sanoat doiralariga boshchilik qilgan. Chompi qoʻzgʻaloni davrida shaharni tark etishgan. 1382-yildan amalda Florensiya hukumatiga boshchilik qilgan. Medichilar xonadoni bilan raqobatda boʻlgan. 1434-yilda A.lar hokimiyatini Kazimo Medichi agʻdargan va ushbu xonadon vakillari Florensiyani tark etishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |