Autodafe (isp. va portugal. auto de fe – e’tiqod ishi) – inkvizitsiya hukmini tantanavor e’lon qilish, shuningdek ushbu hukmni bajarish (asosan, omma oldida gulxanda yoqish). Asosan, oʻrta asrlar Ispaniyasida keng tarqalgan. XIII asrda birinchi marotaba qoʻllanilgan. Odatda bayram kunlari shaharning bosh maydonida qirol, saroy ahli, shahar hukumati va xalq ommasi ishtirokida amalga oshirilgan. A. ishtirok etish xudojoʻylikni namoyon etgan. Hukm e’lon qilingandan soʻng mahkumlar dunyoviy hokimiyatga topshirilgan. Ana shu hokimiyat oshkora ravishda oʻlimga hukm qilgan. Hukmdan soʻng tavba qilganlar olovda kuydirilishdan oldin boʻgʻib oʻldirilgan, tavba qilmaganlar tiriklayin gulxanda kuydirilgan. A. hukmiga nafaqat daxriylar, balki dunyoviy hokimiyatga noqobil kishilar ham tortilgan. Mahkum qilinganlarning mol-mulki qirollik yoki cherkov xazinasi foydasiga musodara qilingan. Oxirgi A. Valensiyada (Ispaniya) 1826-yilda amalga oshirilgan.
Avar xoqonligi – avar xoni Bayan tomonidan Pannoniya hududlarida 562-yilda tuzgan davlat birlashmasi. Asosini Volga va Kaspiy boʻylarida yashovchi turkiy tilli qabilalar (huddi bolgarlar va xazarlar kabi) boʻlgan avarlar tashkil qilgan. A.X.ning asosiy harbiy qudratini qal’alar (“xring”) tizimi tashkil qilgan. Xoqonlar Vizantiya yerlariga, shuningdek, franklar va langobardlar qirolliklari hududlariga doimiy ravishda hujumlar uyushtirib turgan. Avarlarga halokatli zarba 791-yilda Buyuk Karl tomonidan berilgan. Oxirgi “xring”lar franklarning zarbalari natijasida 796-yilda qulaydi.
Avantyuristlar – Angliyada uzoq dengiz yoʻllari ortidagi mamlakatlar bilan savdo qiluvchi tadbirkorlar shu nom bilan atalgan.
Averroizm – oʻrta asr falsafasi yoʻnalishlaridan biri boʻlib, uning asoschisi arab mutafakkiri Ibn Roʻshd (yevropacha talqinda Averroes) hisoblanadi. Ispaniyada arablar hukmronligi davrida lotinchaga oʻgirilgach, Gʻarbiy Yevropada keng tarqaldi. Gʻarbiy Yevropadagi Parij shahri XIII asrga kelganda A. markaziga aylanadi (shuning uchun “Parij averroizmi” degan tushuncha boʻlgan.) XIV-XVI asrlarda Paduya va Bolonya universitetlari A.ning markaziga aylandi. Averroistlarning asosiy kuchi Parij universitetining artistlik fakultetida toʻplangan (Siger Brabandskiy va boshq.).
Avgustinlar – XIII asr oʻrtalarida (nizomi 1256-yilda tasdiqlangan) Italiyadagi bir qancha gadoylik diniy guruhlarining birlashishi natijasida tashkil topgan diniy gadoylik ordenlaridan biri. Orden rohiblarining hayoti “Avliyo Avgustin nizomi” deb ataluvchi hujjatlarga asoslangan boʻlib, u Avgustin oʻlimidan bir necha asrlar oʻtgach tuzilgan va din ahli tomonidan rohiblikka yaqin boʻlgan me’yor (norma) yashashni istaganganlar tomonidan foydalanilgan. Oʻzining eng gullab yashnagan davrida (XV asr oʻrtalari) orden oʻz tarkibiga 30 ming atrofida rohiblarni birlashtirgan. Missionerlik, ilohiyotdan ta’lim berishga, daxriylikka qarshi kurash ordenning asosiy faoliyat yoʻnalishlari boʻlgan. Germaniya Reformatsiyaning tashabbuskori boʻlgan Martin Lyuter shu orden vakili hisoblangan.
Avstraziya – franklar qirolligining sharqida, Maas va Mozel daryolari havzasida, shuningdek Reynning sharqidagi yerlarda joylashgan tarixiy viloyat. Oʻz davrida Neystriya viloyati bilan raqobatda boʻlgan.
Axen (Aaxen) – Germaniyadagi shahar. Milodiy I asrdan ma’lum. VIII asr oxirlari IX asr boshlarida Buyuk Karlning qarorgohi va imperiyaning amaldagi poytaxti boʻlgan. To XVI asrgacha mazkur shaharda german qirollarining toj kiyish marosimi oʻtkazib kelingan.