Bali – Fransiyada balyaj hududlarida asosan, sud vakolatini amalga oshiruvchi qirol amaldori.
Ballada (lot.ballo – raqsga tushaman) – xalq poeziyasidagi mashhur janrlardan biri. Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarining koʻpchiligida bir vaqtda, yani XIII asrdan shakllana boshlagan, lekin oradan ikki asr oʻtib uning dastlabki qaydlari yozilgan. Shu vaqt davomida B. ogʻzaki ijodda kuylanib kelingan. Dastlab bu atama oʻynoqi qoʻshiqni anglatgan. Qisqalik va dramatiklik, ba’zan hatto fojiaviy syujet, hayotiylik va reallik B. janrining oʻziga xos xususiyatlari boʻlgan. Oilaviy yoki ijtimoiy muammolar bilan bogʻliq boʻlgan psixologik kolliziya B.ning obyekti hisoblangan. B. qahramonlari doimo adolatsizlikka qarshi kurashib keluvchi gʻayratli kishilardir. Ilk xalq B.lari qahramonlik eposlari syujetlari bilan bogʻliq boʻlgan, koʻpgina B.lar tarixiy manba vazifasini ham bajaradi. Xalq poeziyasidagi eng yaxshi B.lardan biri Robin Gud haqidagi B. hisoblanadi.
Balyaj – oʻrta asrlarda Shimoliy Fransiyadagi kichik ma’muriy birliklar.
Banalitet (frans.banal – syuzerenga tegishli) – feodal Gʻarbiy Yevropasidagi monopol huquq. Unga koʻra dehqonlar albatta oʻz senorining (boshqanikida emas) tegirmoni, novvoyxona, vino tayyorlash xonalaridan foydalanishga majbur boʻlgan, foydalanganlik uchun haqni mahsulot yoki pul koʻrinishida toʻlagan. B.ni buzganligi uchun senor dehqonlardan jarima undirgan yoki uning mahsulotlarini musodara qilgan. B. dehqonlar uchun ogʻir boʻlgan feodal majburiyatlardan biri boʻlgan. B. nisbatan X asrdan boshlab Fransiyada keng tarqalgan va shu yerda oʻz nomini olgan. B.ga oʻxshash institutlarni feodalizm davrida barcha joyda uchratish mumkin boʻlgan.
Bank (lot.banca. sarrof peshtaxtasi) – toʻlov va kredit ishlarida vositachilikni amalga oshiruvchi moliyaviy tashkilot. Oʻrta asrlarda tovar-pul munosabatlarining taraqqiyoti bank ishiga boʻlgan ehtiyojni keltirib chiqargan. Tarkibida turli miqdorda qimmatbaho metallar mavjud boʻlgan koʻp miqdordagi pullar bilan muomala qilishda savdogarlar bir mamlakatdan boshqasiga oʻtganda pullarni ayirboshlashga majbur boʻlishgan. Chunki oʻrta asrlar sharoitida nafaqat davlat miqyosida, balki yirikroq gersoglik va knyazliklarda alohida pullar muomalada boʻlgan. Bu esa shu soha bilan shugʻullanuvchi maxsus idoralarning paydo boʻlishiga turtki bergan. B. ishi dastlab Shimoliy Italiyada (Lombardiyada) X-XI asrlarda paydo boʻlgan. Xuddi shu asrlardan boshlab bu yerda ayirboshlovchi sarroflar faoliyat koʻrsata boshlagan. XII asrda boʻlsa shu yerda savdogar-bankirlar paydo boʻlgan, ular pullarni almashtirish, sudxoʻrlik, bir mamlakatdan boshqa mamlakatga pul koʻchirish, pullarni saqlash va shu kabilar bilan shugʻullanishgan. XII asrdan boshlab boshqa Yevropa davlatlarida ham B. ishi shakllana boshlaydi. B. operatsiyalari bilan alohida shaxslardan (asosan, italyan va yahudiylar) tashqari katolik cherkovi (xususan diniy-ritsarlik ordenlari, mas. tampliyerlar birinchi boʻlib bank cheklarini va buxgalteriya hujjatlarini muomalaga chiqargan) ham shugʻullangan. Rim kuriyasining oʻzi yirik kredit va sudxoʻrlik operatsiyalarini bajargan. Ta’kidlash kerakki, 1179-yilda katolik cherkovi xristianlarga sudxoʻrlik bilan shugʻullanishni taqiqlashi ham xristianlarning bu faoliyat bilan shugʻullanishlariga toʻsqinlik qilmagan. Ssudalar berish kabi B. operatsiyalari anchayin qaltis va tavakkal ish boʻlgan, chunki ssuda olgan qirollar yoki yirik feodallar uni toʻlashdan qochib yurishgan. Bunday holatga tushgan bankir xonavayron boʻlgan. 1407-yilda Genuyada birinchi B. – Muqaddas Georgiy (Genuya respublikasining kollektiv B.) tashkil topgan. Oʻrta asrlarning keyingi davriga kelganda ayrim bankirlik xonadonlari, asosan, florensiyaliklar (Bardilar, Perussilar, Medichilar) yirik siyosiy qudrat sohibiga aylanadilar, ularning B. kapitallari Yevropaning qator davlatlarini zabt etadilar, qirollar va imperatorlar unga qaram boʻlib qolishadi. M: Bardilar va Perussilar pullariga Yuz yillik urush olib borilgan, Medichilar butun bir davlatlarni moliyalashtirish bilan birga (ingliz qirollari Eduard II va Eduard III lar uning kreditorlari hisoblangan) amalda Florensiyaning hukmdorlari hisoblangan. Bankirlar xonadoni boʻlgan Medichilar Rim, Milan, Piza, Jeneva, Avinion, Bryugge, London va boshqa shaharlarda oʻz filiallariga ega boʻlgan. XV asrlarga kelganda Yevropa mamlakatlarida yirik B.-sudxoʻrlik firmalari paydo boʻla boshlaydi. M: Germaniyaning Valzerlar va Baum-gartnerlar firmalari, Fuggurlar firmasi Gabsburglarni va papalarni pul bilan ta’minlab turishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |