Baron (lot.baro – kishi, erkak) – 1) Gʻarbiy Yevropada feodal iyerarxiyasi shakllanishi davrida qirolning bevosita vassallari shu nom bilan atalgan; 2) Oʻrta asrlarning keyingi davrlarida B. dvoryanlik tituliga (unvon) aylanadi. Fransiya va Germaniyada B.lik graf titulidan past boʻlgan, Angliyada vikont unvonidan keyin turgan va dvoryanlik iyerarxiyasida beshinchi oʻrinni egallagan; 3) Umuman olganda oliy dvoryanlik titulining vakili. Angliyada “oliy” B.lar XIII asrdan e’tiboran alohida imtiyozli ijtimoiy guruhga aylanib bordi va parlamentda lordlar palatasining merosiy a’zolariga aylanishdi.
Baronet – oʻrta asrlar Angliyasida merosiy dvoryanlik unvoni.
Barshina (panshina) (rus.) – majburan ishlab berishga qaratilgan feodal rentasi. Feodalizm davrida qaram dehqonlarning katta yer egasiga ishlab berishi. Dastlab ilk oʻrta asrlar davridan boshlab Gʻarbiy Yevropada shakllana boshlagan va XI asrda Italiya va Fransiyada, XII asrda Angliya va XI-XIII asrlarda Germaniyaning Gʻarbiy qismida shakllangan. Dastlab B. vaqtiga qarab hafta va oylarning ma’lum kunlarida amalda boʻlgan. Feodallarning yerlarida yer maydonining miqdoriga qarab kishilar boʻlib tashlangan. Shu bilan birga, dehqonlar oʻzlarining huquqiy jihatdan holatiga koʻra B.ni haftada ma’lum kunlari ishlab bergan. M: qaram dehqonlar haftada 4 kun, yarim qaram dehqonlar 2 kun, servlar 2 kundan 4 kungacha, boshqa toifadagi qaram dehqonlar 1 yoki 2 kun ishlagan. B. haqidagi ma’lumotlar Fransiya, Angliya, Gʻarbiy Germaniya va Shimoliy Italiyadagi yer toʻgʻrisidagi yozishmalarda, ayrim varvar haqiqatlari va boshqa manbalarda uchraydi. XIII asrdan XV asrgacha boʻlgan vaqtda Angliya va Fransiyada shaharlarning keng miqyosdagi rivojlanishi natijasida B. sekinlik bilan yoʻqolib bordi.
Bashmak – XV asr va XVI asr boshlarida Janubiy-Gʻarbiy Germaniyada dehqonlarning yashirin tashkiloti. XV asrning 30-40-yillarida Janubiy Shvarsvald, Elzas va Reynning yuqori oqimida joylashgan bir qancha hududlarda paydo boʻlgan. Dehqonlarning oyoq kiyimi tasviri tushirilgan bayroqlarga ega boʻlgan harakat feodallarga qarshi boʻlgan. Harakatning yirik rahbarlaridan biri Shletshtatd burgomistri Gans Ulman boʻlgan. B.larning oxirgi harakatlari haqidagi ma’lumotlar 1502, 1513, 1517-yillarga tegishli.
Bastard – nikohsiz tugʻilgan farzand. Oʻrta asrlar Yevropasida qonunga koʻra taxtga faqatgina qonuniy nikohdan tugʻilgan farzandigina oʻtirishi ta’kidlangan. Franklar qiroli Teodorix I qirol Xlodvikning B.i boʻlgan va shu sababli davlatni boshqa farzandlari bilan birga boshqargan. Normandiya gersogi Vilgelm II ham noqonuniy farzand sifatida Angliya taxtiga oʻtirgan.