Benefitsial islohotlar – VIII asr 30-yillarida Karl Martell oʻtkazgan islohotlar. Merovinglarning oʻz drujinachilari va magnatlariga berilgan yerlarini oʻzlariga shaxsiy yer sifatida qoldirilishini bildirgan. Ammo yer egasi xizmatdan boʻyin tovlasa yoki sharoit oʻzgargani tufayli harbiy majburiyatni bajarmasa yer qaytarib olingan. Shu sababli Franklar davlatida benefitsiy yer egaligi shakllanib bordi. B. i. natijasida professional qoʻshin tashkil qilinishi bilan birga otliq qoʻshin ham asosiy harbiy kuchga aylanib borgan. Natijada oʻrta va mayda feodallar toifasi vujudga kelib, feodal iyerarxiyasining shakllanishini tezlashtirdi. Mazkur islohotlar Franklar davlatida feodal tartiblarning keyingi rivoji uchun juda muhim ahamiyatga ega boʻlgan.
Benefitsiariy – ilk oʻrta asrlar davrida vassal, bunda ular qirol yoki yirik yer egalariga yer tufayli qaram kishilarga nisbatan ishlatilgan. Ular erkin dehqonlar toifasidan ajralib turgan. Ular yer egasiga harbiy yoki boshqaruv ishlarida yordam bergan. B. koʻp hollarda avloddan avlodga oʻtib borgan.
Benefitsiy – 1) yerga egalik turi boʻlib, B. egalari yer egasiga harbiy, ma’muriy va boshqa ishlarda yordam bergan. Asosan, harbiy xizmat oʻtab bergan va askarlarga berilgan yer ham shu nom bilan atalgan. Yer egasi boʻlgan kishilar uning toʻliq egasi boʻlmagan va u vafot etgan taqdirda uning qarindoshi yoki farzandiga oʻtgan. B. keyinroq boshqacha tartiblarda ham berilgan. Mas. franklar davlatida VIII asrda harbiy xizmat evaziga allod yerlari umrbod muddatga berilgan. IX-X asrlarda ritsarlardan iborat professional armiya shakllana boshlashi bilan B.ning ham koʻrinishi oʻzgarib borib, feod koʻrinishini kasb eta boshlaydi. B.lar faqat qirol tomonidan emas, yirik feodallar tomonidan ham beriladigan boʻldi; 2) katolik cherkovida ruhoniylarga beriladigan mukofot tarzidagi yer maydoni boʻlib, VI asrdan boshlab berila boshlagan.
Beovulf – bizgacha yetib kelgan eng mashhur anglo-sakson qahramonlik dostonlaridan biri. Angliyaga normandlar bosqinidan avval, VIII asrda yaratilgan. Uning toʻliq shakllangan davri sifatida 1000-yillar koʻrsatiladi va uni “Iliada” va “Odessey” dostonlariga oʻxshatishadi. Qadimgi ingliz tilida yagona nusxada saqlanib qolgan doston ikki qismdan iborat. Dostonning bosh qahramoni gaut xalqi (hozirgi Shvetsiyaning janubidagi skand qabilasi) ning yosh jangchisi B. edi. Dostonning birinchi katta qismida B. Grenlandiyani ulkan odamlardan (Daniya) ozod qiladi. Ikkinchi qismida B. keksaygan holda gautlar yurtini 50 yil boshqarib ulkan ajdar bilan jang qilib, uni oʻldirib, yurtini ozod qiladi va oʻzi ham vafot etadi.