Buyuk geografik kashfiyotlar – yevropalik sayyohlar va dengizchilar tomonidan XV asr oʻrtalaridan XVII asr oʻrtalarigacha boʻlgan davrda amalga oshirilgan geografik kashfiyotlar (oʻzlariga noʻma’lum boʻlgan joylar haqida ma’lumot berish). Ular orasida eng muhimlari 1492-yilda Kolumb tomonidan Amerikaning ochilishi, Vasko da Gama tomonidan 1497-1499-yillarda Yevropadan Hindistonga dengiz yoʻlining ochilishi, 1519-1522-yillarda Magellan boshchiligida dunyo boʻylab birinchi dengiz sayohatining amalga oshirilishi va boshqalarni koʻrsatib oʻtish mumkin. Shu bilan birga, Yerning shar shaklida ekanligining ilmiy jihatdan isbotlanishi, Osiyo va Amerika qit’alari oʻrtasida okean mavjudligi va boshqalar aniqlangan.
Buyuk knyaz– qadimgi Rusda va feodal tarqoqlik davrida oliy knyazlik faxriy unvoni. X asrdan xalqaro shartnomalarida Kiyev Rusi knyazlari shu titul bilan keltirilgan.
Byurgerlik (nem. burg – qal’a, shahar) – XI asr Yevropadagi har qanday shaharning aholisi. XII-XIII asrlarda shaharlarning toʻliq huquqli aholisi. Ular soliq va toʻlovlarni toʻlash bilan birga harbiy majburiyat ham bajargan. Keyinroq ular ma’lum bir yer maydoni yoki uning bir qismiga egalik qilishi mumkin boʻlgan. XIV-XV asrlarda byurgerlar yetarlicha boy shahar aholisini bildirgan. Fransiya va Italiyada uning sinonimlari ishlatilgan. Mas. burjua, popolan va boshqalar.
~ D ~
Dangasa qirollar – franklar qirolligining merovinglar sulolasi qirollariga berilgan laqab. Ular faqat nomigagina mamlakat hukmdori sifatida tan olingan. Haqiqiy amaldagi hokimiyat mayordomlar qoʻlida boʻlgan. «Dangasa qirollar davri» 639-yilda (qirol Dagobert I vafotidan keyin) boshlanib, 751-yilda, Pipin Pakana davrida qirol Xilderik IIIni monasturga yuborishi bilan tugaydi.
“Dahshatli sud kitobi” – Vilgelm I Bosqinchi buyrugʻi bilan 1086-yilda qirol amaldorlari tomonidan Angliyada oʻtkazilgan aholini roʻyxatga olish ma’lumotlari. Roʻyxatga olish birinchi navbatda xazina uhcun oʻtkazildi: soliq olinadigan obyektlarni va tojning moddiy resurslarini bilish maqsad qilindi. Qirol roʻyxatga olish natijasida oʻz vassallarining mulklari miqdori va daromadlari haqida toʻliq ma’lumotga ega boʻldi. Ushbu roʻyxatga olishning ikkinchi nomi “Qiyomat daftari” boʻlib, bu nom roʻyxatga olish ishlari xuddi qiyomat kuni amalga oshiriladigan soʻrovdagi singari haqiqatdagi ma’lumotlar asosida oʻtkazilganiga tenglashtirilganligidan kelib chiqqan. “D.S.” nomi boʻlsa Angliya tarixida birinchi marta umummiqyosda aholining daromadlarini roʻyxatga olishdan qoʻrquv va dahshatga tushganligi bilan izohlanadi. Chunki bu XI asrda faqat Angliyada emas, balki butun Yevropadagi katta tadbir edi. Vilgelmdan boshqa Gʻarbiy Yevropaning biror mamlakatida bunday tadbirni oʻtkazishga hech bir hukmdor jur’at eta olmagan.
Damua’zo – qurol tashib yuruvchi xizmatkor boʻlib, senorlar va ritsarlar ularni tarbiyalash uchun 7 yoshidan bolaning otasidan olishgan va zarur bilim va koʻnikmaga ega boʻlguncha tarbiyalashgan. Ularning yuqori darajasi ritsarlik darajasini olgunga qadar davom etgan.
Daniya bosqini – VIII asr oxirlarida boshlangan va asosan Angliyaga qarshi Skandinaviya xalqlarining harbiy bosqinchilik yurishlari. Mazkur harbiy yurishlar 1035-yilda Knut Muqaddasning Angliyaga bosqinidan keyin oʻz nihoyasiga yetgan.