Burgundiya – 1) 406-yil Reyn daryosi boʻylarida tashkil topgan germanlarining burgund qabilasi qirolligi. 436-yilda burgundlar xunnlar tomonidan magʻlub qilinishi natijasida ular Rim imperiyasi federati sifatida Savoyya yaqiniga kelib joylashgan. Shu yerda ular markazi Lion boʻlgan ikkinchi qirolliklarini tashkil qilishgan; 2) 933-yilda tashkil topgan qirollik boʻlib, uning tarkibiga B.ning tarixiy yerlari kirgan. 1033-yilda farzandsiz qirol Rudolfning vafotidan keyin “Muqaddas Rim imperiyasi” tarkibiga qoʻshib olingan; 3) Fransiyaning tarixiy yerlariga qoʻshni sifatida tashkil topib, 1361-yilgacha B. yerlarida mavjud boʻlgan gersoglik; 4) Fransiya va Germaniya yerlarida Valua gersogi tomonidan amalda mustaqil davlat sifatida tashkil qilingan gersoglik. 1364-1477-yillarda mavjud boʻlgan.
Burj pragmatik sanksiyasi– 1438-yil 7-iyulda qirol Karl VII tashabbusi bilan Fransiya ruhoniylari assambleyasi tomonidan Burj shahrida qabul qilingan hujjat. U fransuz (gallikan) cherkovining Rim Papasidan mustaqilligini va qirol hokimiyatiga boʻysinishini huquqiy jihatdan rasmiylashtirib berdi. Unda cherkov soborlarining papadan ustunligi, yepiskoplar va abbatlarning mahalliy kapitullar va monastir jamoalari tomonidan saylanishi (bunda qirol va lordlarning nomzodlarni tavsiya qilish huquqini nazarda tutgan holda) ilgari surilib, papalar tomonidan cherkov benefitsiarlari va annatlarni taqsimlashini bekor qildi hamda fransuz sud instansiyalarida ishlar qarab chiqilishigacha papa sudiga apellyatsiya qilish taqiqlandi.
Burjua – oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropada shahar aholisi, oʻrta tabaqa vakili. XV asr oxiridan shaharning yuqori tabaqasi ma’nosida qoʻllana boshlagan.
Butparastlik (ikonaborlik) – Vizantiyada VIII-IX asrlarning 1-yarmidagi ijtimoiy-siyosiy va diniy harakatlar. Birinchi navbatda Vizantiyaning harbiy muvaffaqiyatlari natijasida ta’siri mustahkamlanib olgan femlardagi harbiy-dehqon aslzodalar va Konstantinopoldagi savdo-hunarmandchilik doira vakillari bir qismining cherkov qudrati va rohiblikka qarshi kurashi boʻlib, monastir yerlarini musodara qilib, uni harbiylarga tarqatish uchun boʻlgan harakat edi. Imperatorlarning markaziy hokimiyat nufuzini koʻtarish va nazoratdan chiqib ketgan cherkov iyerarxlari va rohiblikka qarshi kurashi butlarga (sanam, ikonalarga) sigʻinishga qarshi mafkuraviy kurash koʻrinishida olib borildi. Cherkovning qoʻlida boʻlgan butlarga sigʻinish xalqqa ta’sir koʻrsatishning muhim quroli boʻlib, ayni vaqtda cherkov va monastirlarga katta foyda keltirgan. Bu harakat 726-yilda Isavrlar sulolasining hukmdori Lev II tomonidan boshlandi. B.ka qarshi kurash gʻoyasi monastir yer egaligining koʻpayishidan norozi boʻlgan aholi tomonidan ham qoʻllab-quvvatlandi. Imperiyaning sharqiy viloyatlari, Kichik Osiyo va Armaniston harakatga tayanch vazifasini oʻtadi. B.ni boʻlsa harbiylar qatlamining nufuzi oshib ketishidan xavotir olayotgan oliy ruhoniylar qatlami va rohibliklar, shahar aslzodalari, poytaxtning boy savdogar va hunarmandlari qoʻllab-quvvatladilar. Ayniqsa, imperator Konstantin V davrida B.ka qarshi kurash kuchaydi. U cherkov boyliklarini musodara qildi va monastir yerlarini sekulirizatsiya qilib, ularni harbiy-xizmatchilarga in’om etish siyosatini tutdi.