CHORVADORLARNING SHAXSIY VA MEHNAT GIGIYENASI
Chorvachilik xodimlarining sihat-salomatligi ular mehnat qiladigan muhitning sanitariya-gigiyena holati bilan belgilanadi. Bunga havoning harorati, namligi, harakati. zaharli gazlar, hayvonlarga qarashda har xil mashina va mexanizmlar bilan ishlashda bo‘ladigan xavf - xatar va boshqalar kiradi.
Chorvadorlarning ish qobiliyatini oshirishda ish reja va shaxsiy gigiyena ham alohida rol’ o‘ynaydi. Aksariyat cho‘chqachilik, qo‘ychilik, parrandachilik va otchilik fermalarida chorvadorlarning ishlari bir smenali qilib tashkillashtirilgan. Bir smenada ishlaganda ularning ish kuni juda ham cho‘zilib, hatto uch marotaba tanaffus qilishga to‘g’ri keladi.
Sutchilik fsrmalarida ish ikki smenali qilib tashkil etilgan. Bunday ishlashda ikki sog’uvchi almashib xizmat qiladi. Birinchi sut sog’uvchi ertalab, ikkinchisi kechqurun sog’adi va bir haftadan keyin joylarini almashtiradi. Bunday usul sut sog’uvchilarni ishlarini yengillashtiradi, ular vaqtida dam oladilar.
Chorvadorlarning ish sharoitlarini yaxshilash va mehnat unumdorligini oshirishda ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizasiyalashtirish (oziqa tayyorlash va tarqatish, avtosug’orish, mashinada sog’ish, chang yutgichlar bilan hayvonlarni tozalash, elektr yordamida jun qirqish, go‘ngni tozalash va tashish) juda katta ahamiyatga egadir. Fermalarni material-texnik bazasini o‘sishi, mahsulot ishlab chiqarishda yangi texnologiyalar qo‘llash ishlab chiqarishga ilg’or usullarni joriy etilishi chorvadorlar mehnat unumdorligini oshiradi.
Chorvachilik binolarida mikroiqlim sharoitlarini yaxshilash chorvadorlar uchun juda muhimdir. Ayniqsa yelvizakka, havodagi zaharli gazlar, changlar va mikroorganizmlarga qarshi kurashish alohida ahamiyatga egadir.
Molxona sharoitida ham, yaylov sharoitida ham obi-havo sharoitlarini ish vaktida o‘zgarishi organizmni sovishi, shamollash va revmatizm kasalliklari, quyosh va issiqlik urishi kabi hollarga sabab bo‘ladi. Organizm sovib ketmasligi uchun kam issiqlik o‘tkazuvchi, havo o‘tkazmaydigan va namlik yutmaydigan kiyimlar (junli mato, mo‘yna, paxta va ba’zan bir paxtali-qog’ozli gazmollar) tanlanadi. Sovuq vaqtlarda ishlaganda esa harakat qilishga qiynamaydigan, siqmaydigan va havoni yaxshi o‘tkazadigan kiyimlar tanlanadi.
Chorvadorlar ba’zida xavfli yuqumli kasalliklar bilan kasallangan hayvonlarni boqadi va parvarish qiladilar. Shunda kuydirgi, brusellyoz, sil, oqsil, qutirish, saramas, temiratki va ba’zi bir oshqozon-ichak kasalliklarini qo‘zg’atuvchilari xayvonlardan odamga yuqishi mumkin. Ba’zi xayvonlar (buqalar, erkak cho‘chqalar, otlar) bilan extiyot bo‘lib muomala qilinmasa, chorvadorlarga zarar yetkazishi mumkin (suzish, tishlash, tepish va boshqalar). Shunday noxushliklar bo‘lmasligi uchun har bir chorvador hayvonlarni saqlash va parvarish qilishda xavfsizlik qoidalarini bilishlari lozim. Ularni asosiy qoidalar bilan zooveterinariya mutaxassislari tanishtiradi. Naslli buqalar, erkak cho‘chqalar, qo‘chqorlar, naslli ayg’irlar, tuyalarga qarash va ot -tuyalarga minishga 18 yoshga yetmagan o‘smirlar va bo‘g’oz ayollarga ruxsat etilmaydi.
Yildan-yilga hayvonlarni saqlash texnologiyasi mukamallashib bormoqda, fermalarga yangi-yangi mashina va mexanizmlar keltirilmokda, chorvachilik madaniyati oshib bormoqda. Fermaning hamma xizmatchilari ishlatiladigan mashinalardan foydalanishni bilishlari, boshqarishlari va texnika xavfsizligi qoidalarini bilishlarini o‘z vazifalari deb bilmoqlari zarur. Buning uchun har bir fermalarda tegishli yo‘l-yo‘riqlar o‘tkaziladi.
Agar favqulodda biror baxtsiz hodisa ro‘y bersa, jabrlangan kishiga birinchi tez tibbiy yordamni berish, tezda vrachni chaqirish yoki tezda kasalxonaga jo‘natish zarur. Odamlarni ish vaqtida xavfsizligini ta’minlash, xayvonlarni saqlash va ularni parvarish qilishdagi xavfsizliklarga xo‘jalik rahbarlari, bosh mutaxassislar, bo‘lim va ferma rahbarlari to‘liq javob beradi. Mexanizmlarni ishlatish davrida xavfsizlik qoidalariga bosh injener, mexanik va xo‘jalik raxbarining o‘rinbosarlari javob beradilar.
Chorvadorlarning ishlarini yengillatish va sanitariya-gigiyena sharoitini yaxshilash uchun quyidagi tadbir-choralarni amalga oshirish lozim:
a) oziqlarni tayyorlash va tarqatish, xayvonlarni sug’orish, sigirlarni sog’ish, qo‘ylarni junini qirkish, go‘ngni yig’ishtirish va chiqarish hamda fermadagi boshqa ishlarni mexanizasiyalashtirish;
b) hayvonlarni molxonalarda saqlaganda zaruriy sanitariya-gigiyena sharoiti bilan ta’minlash, jumladan vaqtida go‘ngdan tozalash va sifatli to‘shamalarni ishlatish, kanalizasiya va ventilyasiyani to‘g’ri va doimo ishlashi;
v) chorvadorlar uchun alohida xonalar ajratish, ularni kiyim va poyafzallar bilan ta’minlash, yuvinish joylariga sovun va sochiq qo‘yib qo‘yish, zaruriy dori-darmon va bog’lash materiallari bilan ta’minlash;
g) maishiy bo‘lim va ferma maydonida, chorva binolari yaqiniga doimiy hojatxona va yozgi lagerlarda esa vaqtinchalik hojatxonalar qurilishi kerak.
Qurilgan va qurilayotgan chorvachilik fermalarida bufet, oshxona, ma’naviyat-ma’rifat xonasi, dam olish xonasi va boshqa maishiy xonalar bo‘lishi zarur.
Chorvachilik fermalari va binolarida dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizasiya tadbir-choralarini utkazish veterinariya mutaxassislari nazorati ostida bajariladi. Bu ishlarni bajaradigan kishilar oldindan texnika va hayot faoliyati xavfsizligini bilishlari kerak. Bunday ishlarni bajarishda homilador va emizadigan bolasi bor ayollar hamda yosh bolalar qo‘yilmaydi.
Idishlar, asbob-uskunalar, dezinfeksiya mashinalari ariq, daryo va ko‘l-hovuz suvlarida yuvilishi mumkin emas. Ishlagan kishilarning ish kiyimlari yuviladi va o‘zlari esa dushda cho‘miladilar.
Go‘sht va sut kombinatlarida ishlaydigan xodimlar doimo toza xalat, ro‘mol, qalpoq va boshqa zaruriy narsalar bilan ta’minlanadi. Ularning tirnog’i olingan va cho‘ntaklarida metall buyumlar bo‘lmasligi kerak. Xotin-qizlarga ish vaqtida taqinchoqlar taqishga ruxsat etilmaydi.
Go‘sht kombinatlaridagi teri va kolbasa sexlarida ko‘pincha har xil kasalliklar uchrab turadi. Shuning uchun maxsus kiyim va poyafzallarsiz ishlashga ruxsat etilmaydi. Chiqindi zavodlarida ishlaydigai ishchilar paratif A, B, kuydirgi, brusellyoz va boshqa kasalliklarga qarshi emlanadi. Qo‘llarida yarasi, terisi yulingan kishilar vaqtincha ishga qo‘yilmaydi.
Tik turib ko‘p ishlaydigan kishilarda qorni ichida bosim oshishidan chov, qorin dabbasi, ayollarda qinni pastga tushishi, bachadon holatini o‘zgarishi, oyoq tomirlarini shishi ya’ni varikoz va shu kabi kasalliklar ko‘p uchraydi.
Odamlar bir joyda ko‘p ishlashlari tufayli ovqat hazm qilish buziladi, sanchiq, qabziyat, bavosil, ayollarda esa hayz ko‘rish sikli buziladi.
Chorvadorlar sog’ligini saqlash va ish unumdorligini oshirishda ularning o‘zlari shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishlari katta ahamiyatga ega. Ishga qabul qilinadigan kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Keyin esa xar 3 oyda qaytadan tekshirilib turiladi. Tuberkulyoz, brusellyoz, surunkali dizenteriya va teri kasalliklari bilan kasal kishilar ishga olinmaydi. Chorvadorlarda favqulodda kasallik qo‘zg’atuvchi bakteriyalar topilsa ishdan chetlatiladi, gelmintlar tuxumi topilsa degelmintizasiya qilinadi.
Sigirlarni qo‘l bilan sog’ishda sog’uvchilarni ko‘pincha qo‘l muskullari (barmoqlarni uvishib qolishi, qattiq og’riqlar, barmoqlarni shishi) kasalliklari, qo‘l terilarini qo‘pollashishi, qabariqlar va boshqalar uchraydi. Bu kasalliklarning oldini olish maqsadida sog’uvchilar ertalab va ishdan keyin qo‘llariga suv harorati +360 - 38°C li vanna qabul qiladilar, keyin qo‘l terilariga ozroq vazelin yoki mol yog’i surtib o‘zi massaj qiladi.
Maishiy xonalar va chorvachilik binolarida qo‘l yuvish idishlari, sovun, toza sochiq va idishda qo‘lni yuvib dezinfeksiya qiladigan eritma (1:2000 kaliy permanganat, xlorli ohak eritmasi va boshqalar) bo‘lishi kerak. Chorva xodimlari fermalarga faqat veterinariya sanitariya kuzatuv punkti orqali kiradilar. U yerda kiyim va poyafzallar uchun shaxsiy shkaf, qo‘l yuvish, cho‘milish va kir yuvish xonasi, idishlarni zararsizlantirish xonasi va hojatxona bo‘ladi. Oyoq kiyimlarini har doim dezinfeksiya qilish uchun fermaga kirish yo‘lida va molxonalar eshigi oldida dezgilamlar jihozlanadi.
Kasal hayvonlarga (brusellyoz, o‘pka sili) xizmat qiladigan kishilar maxsus sanitariya kiyimlari va poyafzallar (xalat, kombinezon, qalpoq yoki ro‘mol, rezina fartuk, etik va qo‘lqop) bilan ta’minlanishi zarur. Bu kiyimlar faqat ishlagan vaqtda foydalaniladi, ishdan keyin cho‘miladigan yerga yaqin, dezinfeksiya qilish joyiga qo‘yiladi. Izolyatorda qo‘l yuvish va dezinfeksiya eritmasi solingan idish ham bo‘ladi. Xizmat qiluvchi kishilar kasal hayvonlar saqlanadigan binolarga oziq-ovqat va ichimlik suvini keltirishlari ta’qiqlanadi.
Yuqumli kasallik mikroblari bilan ifloslangan go‘ng va halok bo‘lgan hayvonlarning o‘ligi rezina etikda, kombinezonda va rezina qo‘lqoplarda yig’ishtiriladi. Ishdan keyin shu kiyimlar tuliq dezinfeksiya qilinadi. Xalatlar, sochiq va boshqa kiyimlar haftasiga bir marta 1% li ishqor eritmasi yoki 2% li soda eritmasida ivitilib, keyin 30 daqiqa qaynatiladi, keyin esa issiq suvda sovun bilan yuviladi. Klenka fartuklar, rezina qo‘lqop va etik har kuni iflosliklardan tozalanadi va sovunli - karbol, 2 - 3% li lizol yoki shunga o‘xshash eritmalar bilan chayqaladi. Maxsus kiyim va poyafzallar veterinariya mutaxassislari nazoratida dezinfeksiya qilinadi.
Shunday qilib, veterinariya-sanitariya tadbir-choralarini qat’iy bajarish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish chorvadorlarning yuqumli kasalliklar bilan kasallanishining oldini oladi hamda sog’lom hayvonlar orasida yuqumli kasalliklarni tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |