Taxtako‘pir - Gurlan tumanida joylashgan mazkur qishloqning bunday nomlanishiga ham ma’lum sabablar bor. Aytishlaricha bu hududda kichik bir ariqning narigi tomonida joylashgan bir uyda qari ayol yashagan va mazkur ariqdan o‘tish va qaytish uchun yog‘ochdan ko‘prik yasaydi. Ko‘prik o‘zbek tilida “u qirg‘oqdan bu qirg‘oqqa o‘tish uchun suv va quruqlik ustiga qurilgan inshoot” ma’nosida ishlatiladi. Keyinchalik bu ko‘prik o‘rnida mustahkam ko‘prik barpo etiladi, ko‘prik esa hudud nomi uchun asos bo‘lib hizmat qiladi. Bu hudud Taxtako‘pir deb nomlanadi. Taxtako‘pir nomidagi “taxta” so‘zi ko‘prikning yog‘ochdan yasalganligini anglatadi. “Ko‘pir” so‘zi esa mazkur hudud shevasida ko‘prik ma’nosini beradi. Ko‘prik so‘zi nafaqat qipchoq shevasida balki o‘g‘uz shevasida ham “ko‘pir” tarzida ishlatiladi. Bundan tashqari Taxtako‘pir joy nomi Qoraqalpogʻiston Respublikasida ham mavjud. "Taxtakoʻpir" atamasining kelib chiqishini 20-asrning boshlarida Quvonchyorma kanalining davomi boʻlgan Bosay kanali ustida xashar yoʻli bilan taxta (yogʻoch)dan qurilgan koʻprik (shevada "koʻpir") so‘zi bilan bog‘laydilar.
Qarg‘alar - Qarg‘a umumturkiy etnonim: oltoyliklar, boshqirdlar, qoraqalpoqlar, qirg‘izlar, xakaslar, o‘zbeklar (qo‘ng‘irot va yuz qabilalari) arkibida qayd qilingan urug‘. O‘zbek qipchoqlar va saroylar ichida qarg‘aoyoq yoki qarg‘aoyoqli urug‘i uchraydi. Qorako‘1 tumanida Qarg‘a, Gurlan, Bog‘ot umanlarida Qarg‘alar, Go‘zalkent, Sariosiyo tumanlarida Qarg‘ali toponimlari uchraydi (Qarg‘ali toponimi «qarg‘a ko‘p joy» ma’nosida bo‘lishi ham mumkin).
Yangiobod – Gurlan tumanidagi bu qishloq 18-20 – asrlarda paydo bo‘lgan degan taxminlar mavjud. Dastlab bu qishloq barpo etilgan davrlarda Beshuy nomi bilan atalgan. Bunga sabab xalq tilidan aytilgan taxminlarga ko‘ra mazkur qishloq paydo bo‘lgan ilk davrlarda faqatgina beshta xonadon mavjud bo‘lgan. Keyinchalik bu hududga Yangiobod nomi beriladi. Nomdagi “yangi” so‘zi barchamizga tushunarli hisoblanadi. “Obod” so‘ziga esa turlicha ta’riflar beriladi. Mahalliy xalq uni Yangiobod ya’ni obod qishloq tarzida ta’riflaydi. XIII asrda ijod qilgan Yoqut (Yoqut ibn Abdulloh ar-Rumi al-Hamaviy) o‘zining “Mujam al-buldon” asarida toponomikaga oid ma’lumotlar keltrib o‘tadi. Masalan, obod so‘ziga kelganda shuni aytish kerakki, deydi Yoqut, bu unsur shaharlar, qishloqlar va viloyatlar nomlari tarkibida ko‘p uchraydi. Bu so‘z forscha “aholi punkti” degan ma’noni anglatadi.20 Bundan kelib chiqib mazkur hududga yangi paydo bo‘lgan aholi punkti deb tarif bersak bo‘ladi.
Ovul – Asosan qishloq ma’nosida ishlatiladigan bu so‘z qishloq so‘zidan ancha oldin paydo bo‘lgan. XV-XVI asrlarda ko‘chmanchilar qishlaydigan hududlarga nisbatan ishlatilgan (“qishlov” – qishlaydigan joy). Keyinchalik ayl shaklida ham uchragan, ya’ni bir guruh o‘tovlar degan ma’noni ham anglatgan. Bundan ko‘rinib turibdiki ko‘chmanchilar qishlash uchun keladigan joylar ovul deb atalgan. O‘zbek tilining izohli lug‘atida bu so‘z “ko‘chmanchi chorvadorlar kelib o‘rnashgan joy, qishloq”21 tarzida talqin qilingan. Masalan: Qirg‘izovul, Qozoqovul, Turkmanovul.
Ovul so‘zi turk tili foydalanuvchilari dialektida (avul), qrim-tatar va qaraim tillarida, qoʻmiq tili dialektlarida awul hamda (awil) tarzida, noʻgʻoy, qoraqalpoq va oʻzbek tillarida (aul), tatar, boshqird, qirgʻiz (ayil, ajil), oltoy (ail) tillarida keng qoʻllanilgan. Ushbu soʻz qishloq, 1) odamlar va insonlar istiqomat qiluvchi kichik bir joy, bir nechta hatto birgina kulbadan tashkil topgan va boshqa yirik qishloq, shaharcha va shaharlardan anchayin uzoqda joylashgan turar joy; 2) oʻtovlar, chodir va shu kabi tez qurish inshootlari qurilgan koʻchmanchi xalq egallagan yer; 3) qabila va koʻchmanchi va ko‘chuvchi xalq, olomon ma'nolarida ishlatilgan. Arab va turkiy tillar sohiblari koʻchish jarayonida a:ẘmak va a:vår ya'ni yigʻilish, toʻplanish, aylanib yigʻlish, tevarak atrofga aylana boʻlib joylashish, atrofdan quyilib bir joyga kelish maʼnolariga ega feʼllaridan kelib chiqqanligi taxmin qilingan. Undan tashqari turk (ayil, evil) va mongol (ail, ayil) tillarida esa oila, uy, turargoh, koʻcha, oʻz uyi taraf, qoʻshni taraf, qishloq va qoʻylar boqiladigan uycha ham nazarda tutilgan22.
Do'stlaringiz bilan baham: |