2-BOB. GURLAN TUMANIDAGI QISHLOQ VA MAHALLA NOMLARINING LEKSIK-SEMANTIK XUSUSIYATLARI VA IZOHI Onomastikada toponimlar bir necha nuqtai nazardan tahlilga tortiladi. Shunday tahlillardan biri toponimlarning leksik-semantik xususiyatlarini ko‘rsatishdir. So‘zlarning ma’noviy guruhlanishi ularning leksik-semantik xususiyatlarini ko‘rsatgani kabi toponimlarning leksik-semantik xususiyatlarini birma-bir tahlilga tortishdir. Biz Gurlan tumani toponimlarining ma’no xususiyatlarini tahlil qilar ekanmiz, mazkur hududagi aksariyat joy nomlarining qadimiyligini va vaqtlar o‘tsa ham o‘z asl nomini saqlab qolganligini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. Shu jihatdan ham alohida o‘rganish ob’yekti sifatida ushbu hududni tanladik va tahlilga tortdik.
2.1. Qishloq va mahalla nomlarining tarixiylik jihatidan o‘rganilishi O‘zbekiston hududidagi joy nomlari xususan Xorazm toponimiyasining o‘rganilishi o‘tgan asrda boshlangan va bugun ham davom etib kelmoqda. Bu borada ko‘plab olimlar o‘z izlanishlarini olib borishganlar. Shunga qaramasdan toponomikaga oid materiallar butunlay yakunlangani yo‘q. Quyida ushbu joy nomlarining ba’zilari xususida to‘xtalib o‘tamiz.
Do‘simbiy – Bu qishloq Xorazm viloyati Gurlan tumanida joylashgan bo‘lib hozirgi kunda shaharcha maqomiga ega hisoblanadi. Mazkur qishloq nomining kelib chiqishi Xiva xonligi bilan bog‘liq, ya’ni xonlikdagi shaxs nomi bilan aloqador. Do‘simbiy Qo‘ng‘irot urug‘iga mansub mard va jasur shaxs bo‘lgan. Kuragi yerga tegmagan bu polvonni Do‘sim polvon deyishgan. Do‘sim polvonga shimoliy hududlardan ya’ni Shohbeka arig‘ining ikki yon sohilidan yer ajratib beriladi . Bu ariq hozir ham mavjud bo‘lib, hozirgi kunda mahalliy aholi uni Shobeka, Shabika nomlari bilan ataydi. Bu nomdagi “shoh” so‘zi barchaga ma’lum. “Bika” so‘zini shu yerlik aholi ma’lumotiga qaraganda hukmdorning ayoliga berilgan unvon deyilgan. “Beka” so‘zi “Bekning va umuman hukmdorlarning, bayonlarning xotini, xonadon yoki xo‘jalikka boshchilik qiluvchi ayol” ma’nosini bildiradi . Mazkur so‘z bu hudud shevasida bika tarzida talaffuz qilinadi. Shohbeka bu – hukmdor o‘z ayoli uchun qurdirgan ariq deyiladi. Bu ariq hozirgi kunda ham mavjud bo‘lib o‘z shaklini biroz o‘zgartirgan. Keyinchalik ushbu ariq atroflarida yaxlit manzilgoh vujudga kelib u yerga Do‘sim polvon bek qilib saylanadi. Qo‘ng‘irot urug‘i ham qipchoqlarga mansub bo‘lganligi sababli Do‘sim polvonni bek emas biy deb atashadi ya’ni Do‘simbiy tarzida. Do‘simbiy so‘zini adabiy tilda ham ayni shu tarzda talaffuz qilishadi. Ba’zi manbalarda mazkur hudud Do‘simboy tarzida ifodalangan.