33O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
TOSHKENT DAVLAT SHARQSHUNOSLIK INSTITUTI
QOSIMJON SODIQOV
TURKIY TIL TARIXI
5220700 – Sharq mumtoz filologiyasi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavrlik bosqichida o‘qiyotgan talabalar uchun qo‘llanma
Toshkent – 2009
Ushbu qo‘llanmada turkiy yozma yodgorliklar asosida o‘zbek adabiy tilining yuzaga kelishi va uning tarixiy taraqqiyoti, yozma yodgorliklarning fonetik, morfologik o‘zgachaliklari, atamashunoslik tarixi, matn uslubi masalalari yoritib berilgan.
Qo‘llanma Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutining Sharq mumtoz filologiyasi bo‘limida o‘qiyotgan talabalar uchun yozildi.
Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutining O‘quv-uslubiy kengashi nashrga tavsiya etgan (2009 yilning 13 noyabrida bo‘lib o‘tgan 1- majlis bayonnomasi).
T a q r i z ch i l a r:
filologiya fanlari doktori, professor H. Dadaboyev
filologiya fanlari nomzodi, dotsent Q. Omonov
© Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti, 2009 yil.
SO‘Z BOSHI
Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti Sharq mumtoz filologiyasi ta’lim yo‘nalishining o‘quv rejasiga “Turkiy til tarixi” fani kiritilgan. Ushbu fan turkiy (o‘zbek) adabiy tilining yuzaga kelishi va taraqqiyoti, ko‘hna turkiy bitiglarning til o‘zgachaliklari to‘g‘risidagi yalpi bilimlarni qamraydi. Fanni o‘qitishdan murod – talabalarga o‘zbek adabiy tilining kelib chiqishi, uning ildizlari, yuksalish bosqichlari, fonetik, grammatik o‘lchovlarining qat’iylashuv yo‘llari, turkiy til lug‘at boyligining ko‘lam-qamrovi, atamalarning yuzaga kelish tarixi, yozma til uslublari va ularning o‘ziga yarasha belgilari haqida bilim berishdir. Bosh vazifa – o‘tmishdan qolgan turkiy manbalarni, badiiy ijod namunalarini o‘qiy olish va ularni hozirgi o‘zbek tiliga ag‘darish uchun yetarli bilimlarni shakllantirish, turkiy yozma yodgorliklar ustida ilmiy ish yaratish yo‘llarini o‘rgatish hamda shu yo‘nalishda yetuk mutaxassislarni yetishtirishdan iborat.
Turkiy tilning ko‘p asrli tarixini bir yo‘la bir qo‘llanmada bayon qilish qiyin. Shuning uchun ushbu kitobda adabiy til tarixining eng eski – uning yuzaga kelishidan boshlab XVI yuzyillikning oxirlariga qadar kechgan taraqqiyoti to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Ilgingizdagi qo‘llanma bir urinishda, o‘quv rejasidagi bo‘shliqni to‘ldirish uchungina yozilgani yo‘q. U uzoq yillik izlanishlarim, talabalarga til tarixini o‘qitish yo‘lida to‘plangan tajribalarga tayangan holda yaratildi. Shu choqqacha yiqqan bilimlarimni, talabalar fan bo‘yicha bilishi kerak bo‘lgan narsalarning eng keraklilarini ushbu kitobga bitdim.
Qo‘llanmani chop ettirishda yaqindan ko‘maklashgan Sharq filologiyasi va tarix fakultetining dekani, himmatli va ochiqko‘ngil yigit Jasur Ziyamuhamedovga cheksiz hurmatimni bildiraman.
Do'stlaringiz bilan baham: |