Qosimjon Sodiqov.
KIRISH
T a y a n ch t u sh u n ch a l a r: umumxalq tili, adabiy til, og‘zaki til, yozma til,yozma yodgorliklar; yozma tilning tarixiy bosqichlari.
E’ t i b o r q a r a t i l a y o t g a n m a s a l a l a r:
Og‘zaki va yozma tilning o‘tmishdagi atamalari.
O‘zbek tilining tarixiy bosqichlari. Til tarixini davrlashtirish.
Til tarixini o‘rganishning tayanch manbalari.
Turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tilining tarixi meloddan burungi davrlarga ildiz otgan, uning tarixi qadimgi oltoy davridan boshlanadi.
Tilning tarixiy taraqqiyoti to‘g‘risida so‘z borganda umumxalq tili va adabiy til tushunchalari amal qiladi.
Bundan tashqari, jonli tilning og‘zaki va yozma ko‘rinishi bor. O‘tmishda har ikkovining ham o‘z atamasi bo‘lgan. Yusuf Xos Hojib o‘zining “Qutadg‘u bilig” asarida yozma tilni bitig söz deb atagan edi. Qadimgi turkiy tilda bitig – “bitig, yozuv; xat, kitob; yozma hujjat” anglamlariga ega. U “yozmoq, bitmak” ma’nosidagi biti- fe’lidan yasalgan. Bitig söz atamasi “bitilgan so‘z; kitobiy so‘z; matn”, tilshunoslik tushunchasi bilan aytganda, “yozma til, adabiy til” ma’nosini beradi. Mana o‘sha atamaning Yusuf Xos Hojib baytlaridagi misoli:
Balağat bilä xat teŋäšsä qalï,
Ei egü til bu bitig söz tili.
(Balog‘at bilan xat tenglashsa agar,
Yozma til juda ezgu til bo‘ladi) (QB.2655).
Fikrni yozma ko‘rinishda, ya’ni matnda ifodalash usuli bitig söz yaŋï deyilgan. Yusuf Xos Hojib yozma til fikrni ifodalashning eng yaxshi yo‘lidir, deya ta’kidlaydi:
Nekü ter ešitkil İlä sir teŋi,
Ei egü yaŋ bu bitig söz yaŋï.
(Ila-sir tengi [ya’ni yoshi Ila daryosiday uzun, ko‘pni ko‘rgan donishmand] bu to‘g‘rida nima degan, eshitgil:
Yozma til usuli juda yaxshi usuldir) (QB.2656).
“Og‘zaki til”ni Yusuf Xos Hojib tilin söz deb atagan. O‘sha atamaning misoli:
Yoq ersä bitig bu kišilär ara,
Tilin sözkä kim bütgäy erdi kör-ä.
(Bu kishilar orasida yozuv yo‘q ersa,
Og‘zaki so‘zga kim ham ishongan bo‘lar edi, ko‘rgin) (QB.2660).
Adib Ahmad Yugnakiy o‘zining “Hibatu-l-haqoyiq” asarida ağïz til degan atamani qo‘llagan. Bu atamadagi ağïz – “og‘zaki” degani, ağïz til esa “og‘zaki til”, ya’ni “nutq” degan ma’noni anglatadi. Demak, bu atama ostida “kishining nutqi” ko‘zda tutiladi. Mana o‘sha misol:
Ağïz til bezägi koni söz turur,
Köni sözlä sözni, tiliŋni bezä. –
(Nutqning bezagi to‘g‘ri so‘z turur,
To‘g‘ri so‘zla so‘zni, tilingni (nutqingni) beza) (AH.155–156).
Muhimi shundaki, umumxalq tilining ham, adabiy tilning ham o‘z tarixi bor. Jumladan, o‘zbek umumxalq tilining tarixi oltoy davridan boshlanadi. Yozma adabiy tilning tarixi esa turkiy matn tuzish an’anasining boshlanishi, yozma til o‘lchovlarining yuzaga kelishi va ularning qat’iylashuvi bilan bog‘liq. Shunga ko‘ra, o‘zbek adabiy tilining tarixi yozma yodgorliklari ma’lum bo‘lgan qadimgi turk davridan (Birinchi va Ikkinchi turk xoqonliqlari davrida yaratilgan bitiglar tilidan) boshlanadi. Turkiy xalqlarning bulardan-da eski, hatto meloddan burungi davrlarga tegishli yozuv yodgorliklari ham topilgan. Biroq ular yirik matnlar emas, turli buyumlar sirtidagi bir-ikki so‘z va yo qisqa jumlali yozuvlardir. Ular yozma til tarixini o‘rganish uchun ozlik qiladi. Shuning uchun, hozircha, adabiy til tarixini turklarda yozuv madaniyati yuksalgan, savodxonlik darajasi yuqori bo‘lgan ko‘k turk xoqonliqlari davridan boshlaganimiz ma’qul.
O‘zbek tili o‘zining uzoq asrli tarixiy takomili davrida bir qancha bosqichni o‘tgan.
Tilimiz tarixining ilk bosqichi eng eski chog‘lardan boshlab melodning V yuzyilliklariga qadar bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu bosqichni shartli ravishda eng qadimgi turkiy til deb ataymiz. Ilmiy asarlarda bu davrning ilk bosqichi “oltoy”, keyingi bosqichi “xun davri” deb yuritiladi. Melodiy VI asrdan qadimgi turkiy adabiy til davri boshlanadi. Bu davr adabiy, ya’ni yozma til tarixining ilk bosqichidir, chunki turkiy yozma adabiy til ana shu kezda yuzaga kelgan. Bu davr to‘g‘risida so‘z ketganda unga yozma adabiy til atamasini qo‘shib ishlatganimiz ma’qul. Keng e’tirof etilishicha, “qadimgi turkiy yozma adabiy til” davri VI–X yuzyilliklarni qamraydi. Turkiy tilning eng ko‘hna yozuv yodgorliklari o‘sha chog‘lardan qolgan. Turkiy, xususan, o‘zbek adabiy tilining tarixi ham mazkur yozma yodgorliklar tilidan boshlanadi. Bu davr quyidagi bosqichlarga bo‘linadi: 1) Ko‘k turk yozma yodgorliklari tili (Bu guruhga Birinchi va Ikkinchi turk xoqonliqlari davrida yaratilgan ko‘k turk yozuvli urxun va yenisey, tuva, talas, farg‘ona yodgorliklarining tili kiradi); 2) Uyg‘ur xoqonliq va davlatlarida yaratilgan ko‘k turk, uyg‘ur, moniy, brahma, sug‘d yozuvlaridagi yozma yodgorliklar tili (turkshunoslik asarlarida “qadimgi uyg‘ur tili” deb ham atalmoqda).
XI asrdan eski turkiy adabiy til davri boshlanadi. Bu bosqich XIV yuzyillikning boshlariga qadar davom etgan. Muhimi shundaki, bu davrning ilk bosqichlarida, xususan, qoraxoniylar davrida yaratilgan yozma yodgorliklar tili “qadimgi turkiy til” davrida yaratilgan bitiglar tiliga juda yaqin, ularda qadimgi yozma til an’analari davom etgan. Birgina misol: Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida keltirilgan turkiy og‘zaki ijod namunalari ham til, ham badiiy jihatdan ancha burungi davrlarga ildiz otgan. Yoki mashhur “Qutadg‘u bilig” dostonining tili, lug‘at qatlamidagi sanoqli arabcha, forscha so‘zlarni demaganda, ko‘k turk bitiglarining tili bilan aytarli birday.
Eski turkiy adabiy til davri quyidagi bosqichlarni birlashtiradi: 1) Qoraxoniylar davri tili (qoraxoniylar davrida yaratilgan yozma yodgorliklar tili); 2) “Chig‘atoy turkiysi”; 3) Eski xorazm turkiysi (Oltin O‘rda va Xorazm muhitida amal qilgan adabiy til); 4) Eski qipchoq tili (Misrda yozilgan grammatik asarlar va lug‘atlar hamda g‘arbiy turk o‘lkalarida qipchoqlar yaratgan asarlar tili); 5) Eski anato‘li turkchasi (Bu XIII–XV asrlarda o‘g‘uz turklari qo‘llagan yozma adabiy tildir. Keyinchalik buning negizida usmonli turkchasi otini olgan adabiy til yuzaga keldi);
Eski o‘zbek adabiy tili (XIV asrdan XX yuzyillikning boshlariga qadar). Bu davrda ham “chig‘atoy turkiysi” davom etdi. XIII–XVI asrlarning adabiy tili “chig‘atoy turkiysi” oti bilan yuritiladi. Bu davr eski o‘zbek adabiy tilining eng yashnagan bosqichidir. O‘sha yuksalishning ta’siri va an’analari XX yuzyillikning boshlariga qadar keldi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Bu davr XX asrning boshlaridan to shu kungacha amal qilmoqda.
Boshqa fanlarda bo‘lgani singari til tarixining ham o‘z chegarasi, o‘rganishga asos bo‘lib xizmat qiluvchi manbalari bor. Til tarixi yozuv yodgorliklariga tayangan holda muayyan tilning yuzaga kelishi, uning tarixiy taraqqiyoti, hozirgi ko‘rinishiga kelgunga qadar yuz bergan o‘zgarishlar, ularning yuz berishida amal qilgan qonuniyatlarni tadqiq etadi. Turkiy, xususan, o‘zbek tilining tarixi quyidagi tayanch manbalar asosida o‘rganiladi:
1. O‘tmishdan qolgan yozma yodgorliklar. Til tarixini o‘rganishda eng ishonchli manba bizgacha yetib kelgan yozuv yodgorliklaridir. Turkiy tilda yaratilgan diniy-falsafiy asarlar, badiiy adabiyot namunalari, tarix kitoblari, epigrafik matnlar, qabrtosh yozuvlari, huquq ishlariga, xo‘jalik ishlariga tegishli bitiglar va boshqa yozma obidalar turkiy tillar tarixini o‘rganishda eng muhim manbalar sanaladi. Muhimi shundaki, ilk va o‘rta asrlarda turkiy tildagina emas, xitoy, sug‘d, fors, arab tillarida turkiy tillar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi asarlar, lug‘at va grammatika kitoblari yaratilgan. Ushbu asarlar ham turkiy tillar tarixini o‘rganishda tayanch manbalar bo‘la oladi.
2. Xalq og‘zaki ijodi (folklor) materiallari. Xalq afsonayu dostonlari, rivoyatu ertaklari, qo‘shiqlari, maqol va iboralarining ayrimlari juda eski zamonlarga ildiz otgan. Folklor materiallari badiiy tafakkurdagi eski an’analarga, til an’analariga izchil amal qiladi. Asrlar bo‘yi yuzaga kelgan ushbu ijod namunalari eski til belgilarini yaxshi saqlaydi. Shuning uchun xalq og‘zaki ijodi asarlari tilidan til tarixi materiali sifatida ham foydalanish mumkin.
3. Hozirgi turkiy tillar va ularning shevalari. Turkiy tillar va xalq shevalari eski turkiy tilning yuzyilliklar osha fonetik, leksik-semantik, grammatik, stilistik jihatdan o‘zgarib, takomillashib, turkiy xalqlarning ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayoti talablariga bo‘ysungan holdagi hozirgi ko‘rinishidir. Ayniqsa, xalq tili o‘tmish an’analarini o‘zida yaxshi saqlaydi.
4. Joy otlari (toponimlar), geografik atamalar, xalq otlari (etnonimlar). Shahar, qishloq otlari, suv otlari (gidronimlar) va boshqa geografik atamalar, etnonimlar tilning eski qoldiqlarini o‘zida aks ettirgan bo‘ladi. Shuning uchun ham ular til tarixini o‘rganishdagi muhim manbalardan bo‘la oladi.
S o‘ r o q v a t o p sh i r i q l a r:
Lutfan umumxalq tili va adabiy til, og‘zaki va yozma til tushunchalarini izohlab bering. O‘tmishda bular qanday atalgan?
O‘zbek tilining tarixi qanday bosqichlarga bo‘lib o‘rganiladi?
O‘zbek tilining tarixi qanday manbalar asosida o‘rganiladi? O‘rnaklar bilan tushuntiring.
Do'stlaringiz bilan baham: |