ILK VA O‘RTA ASRLARDA MARKAZIY OSIYODAGI TIL VAZIYATI
VI–VIII asrlarda bir chegarasi Oltoydan tortib markiziy Mo‘g‘ulistonga qadar, ikkinchi yog‘i Sharqiy Turkistondan tortib Kaspiyga qadar ulkan hududda amal qilgan Birinchi va Ikkinchi ko‘k turk xoqonliqlarining rasmiy tili turkiy til edi. Saltanatning davlat va jamiyat boshqaruvi, xalqaro diplomatik munosabatlari, rasmiy yozishmalar turkiy tilda olib borilgan. Rasman ko‘k turk yozuvi amalda bo‘lgan. Badiiy adabiyot, ilmiy va tarixiy asarlar, xonlarning tuzuklari, yorliqlari va chet ellar bilan yozishmalari turk tilida va ko‘k turk yozuvida bitilgan. Hatto turkiy til Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab xalqaro til sifatida amal qilgan. Ko‘k turk xoqonliqlari keyinchalik uning o‘rnida yuzaga kelgan uyg‘ur xoqonlig‘i zamonida Markaziy Osiyoda, ayniqsa Buyuk ipak yo‘lida keng yoyilgan sug‘d tiliga, o‘rni bilan tabg‘ach (xitoy) tiliga ham e’tibor qaratilgan. Masalan, monumental matnlar bitishda, turkiy til bilan barobar, sug‘d, ba’zan tabg‘ach tillaridan ham foydalanilgan. Buni o‘sha kezlardan qolgan ikki, uch tilli bitiglarda ham kuzatishimiz mumkin. Chunonchi, 732 yili tiklangan Kul tigin bitigi ikki tilli: asosiy matn turkchada, toshning ters yuzida xitoycha yozuvi ham bor. To‘quz o‘g‘uz (uyg‘ur) xoqoni Alp Bilga (xitoy manbalarida Baoi) xotirasiga 820–821 yillarda tiklangan Qorabalg‘asun obidasi uch til – turkiy, sug‘dcha va xitoy tilida bitilgan. Bu dalillar turk muhitida, ona tili bilan birga, mazkur tillarga ham alohida e’tibor qaratilganidan dalolat beradi. Ko‘k turk xoqonliqlarining ayrim o‘lkalarida, xoqonliqqa qaram va unga qo‘shni yurtlarda, turklar bilan aralash yashaydigan boshqa qavmlar ichida ikki tillilik ham amal qilgan. Masalan, Sug‘dda va xoqonliq hududidagi sug‘dlar ko‘chib kelib o‘rnashgan ayrim kentlarda, sug‘d-turk qo‘shtilliligi, Xorazmda xorazm-turk, qo‘shni Toharda va turk xoqonlig‘i, keyinchalik uyg‘ur xoqonlig‘ining Toharga qo‘shni viloyatlarida, asosan, to‘xrilar orasida to‘xri-turk qo‘shtilliligi ham amalda bo‘lgan.
O‘tmishda yaratilgan matnlar ichida ikki, uch tillilari ham anchagina. Lekin matn ikkitilliligi bilan jamiyat orasidagi bilingvizm (qo‘shtillilik) hodisasini qorishtirmaslik kerak. Chunonchi, yuqorida qayd etilgan o‘lkalarda xorazm-turk, sug‘d-turk, to‘xri-turk qo‘shtilliligi bo‘lgan. Lekin tabg‘ach-turk qo‘shtilliligi turk jamiyati o‘tmishida uchramaydi. Turkiy yodgorliklarda xitoycha matnlarning berilishi xitoy tilining mavqeini nazarda tutgan holda shakllangan. Islom davrida turklar orasida arab tilining o‘rganilishi va arabiy savodxonlikning yuqori darajada bo‘lganligini ham qo‘shtillilik hodisasi deb sanamaslik kerak. Turkiy til keyingi davrlarda yuzaga kelgan turkiy davlat va saltanatlarning rasmiy tili sifatida amal qildi. Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘atit turk” asarida turkiy tilning obro‘-e’tibori, boshqa tillar o‘rtasidagi mavqei, O‘rta va Markaziy Osiyodagi til vaziyati to‘g‘risida to‘la ma’lumot bergan edi. U turkiy tilning Sharq xalqlari o‘rtasidagi mavqei xususida to‘xtalib, uni “arab tili bilan ikki uloqchi ot singari teng poyga qilib o‘zib borayotgan turk tili” deya ta’riflaydi (MK.I.46).
Turk bo‘lmagan jamoalar ichida turk tilini o‘rganishning kerakligi xususida yozadi: “Ularning [turklarning] o‘qlaridan saqlanmoq uchun ularning xatti-harakatlarini mahkam tutmoq har bir aqlli kishiga loyiq va munosibdir. Bularga yaqin bo‘lish uchun eng asosiy yo‘l – ularning tillarida so‘zlashishdir, chunki ular bu tilda so‘zlashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, o‘zlarini yaqin tutadilar, ularga zarar bermaydilar. Hatto ular o‘z panohida turgan boshqalarning gunohini ham kechib yuboradilar.
Ishonchli bir buxorolik olimdan va nisoburlik boshqa bir ishonchli olimdan shunday eshitgan edim, ular bu so‘zni payg‘ambarga nisbat berib aytgan edilar: payg‘ambar qiyomatning belgilari, oxir zamon fitnalari va o‘g‘uz turklarining xuruji haqida gapirganda, shunday degan edi: turk tilini o‘rganing, chunki ularning hukmronligi uzoq davom etadi.
Hadisning to‘g‘ri yoki to‘g‘ri emasligining javobgarligi aytgan kishilar gardaniga. Agar to‘g‘ri bo‘lsa, turk tilini o‘rganish vojib(zarur)dir; hadis to‘g‘ri bo‘lmagan taqdirda ham uni o‘rganish zarurligini aql taqazo qiladi (MK.I.43–44).
Mahmud Koshg‘ariy o‘z asarida turkiy qavmlarning yerlashuvi, bu o‘lkalardagi xalqlarning tillari to‘g‘risida ham keng ma’lumot beradi. Asarda ta’kidlanishicha, Rumga yaqin birinchi qabila päčänäk, so‘ng qїwčaq, oğuz, yämäk, bašğїrt, basmїl, qay, yabaqu, tatar, qїrqїz keladi. Qirqizlar Chin yaqinidadir. Bu qabilalarning yeri Rum yonidan kun chiqargacha cho‘zilgan. “Devonu lug‘atit turk”ka kiritilgan xaritada ko‘rsatiluvicha, bu yurtlar G‘arbdan Sharqqa tomon cho‘zilgan.
Muallif yana davom etadi: So‘ng čigil, so‘ng tuxsї, so‘ng yağma, so‘ng їğraq, so‘ng čaruq, so‘ng čumul, so‘ng uyğur, so‘ng taŋut, so‘ng xїtay. Xitoy – Chindir. So‘ngra tawğač, bu Mochindir (MK.I.64). “Devonu lug‘atit turk” asariga kiritilgan xaritada bu qabilalarning yurtlari janub bilan shimol o‘rtasida berilgan.
Turk ellarining chegaralari to‘g‘risida ham Mahmud Koshg‘ariyning o‘z qarashlari bor. Chunonchi, u Qaz so‘ziga izoh berar ekan, yozadi: “Qaz – Afrasiyob qizining nomi... Ba’zilar turk shaharlari chegarasi Marvash – Shohijondan boshlanishini so‘zlaydilar. Chunki Qazning otasi Toŋa Alp Er – Afrasiyobdir. U Tahmurasdan uch yuz yil keyin Marvni bino qilgan. Ba’zilar butun Mavoraunnahrni turklar o‘lkalaridan deb hisoblaganlar. U Yankänd dan boshlanadi. Uning bir oti Dïzrujïn dir. U sariqligiga ko‘ra, mis shahri demakdir. Bu Buxoroga yaqindir. Bu yerda Afrasiyobning qizi – Qazning eri Sïyavuš o‘ldirilgan. Majusiy-otashparastlar har yili bir kun bu yerga kelib, Sïyavuš o‘lgan joy atrofida yig‘laydilar. Mollar so‘yib, qurbonlik qiladilar. So‘yilgan mol qonini uning mozori tepasiga to‘kadilar. Ularning odatlari shunday. Butun Mavoraunnahr, Yankand dan Sharqqacha bo‘lgan o‘lkalarni turk shaharlaridan deb hisoblashning asosi shuki, Samarqand – Semizkänd, Taškänd – Šaš, Özkänd, Tünkänd nomlarining hammasi turkchadir. Känd turkcha shahar demakdir. Ular bu shaharlarni qurdilar va shunday nom qo‘ydilar. Hozirgacha ham shunday kelmoqda. Bu yerlarda forslar ko‘paygach, so‘ng ular Ajam shaharlari kabi bo‘lgan. Hozir turk o‘lkalarining chegarasi Äbisgün dengizi bilan o‘ralgan. Rum o‘lkasidan va Özjänd dan Chingacha cho‘ziladi. Uzunligi besh ming farsax, eni uch ming farsax, hammasi sakkiz ming farsaxdir” (MK.III.163–164). Mahmud Koshg‘ariyning “Känd turkcha shahar demakdir. Ular bu shaharlarni qurdilar va shunday nom qo‘ydilar. Hozirgacha ham shunday kelmoqda. Bu yerlarda forslar ko‘paygach, so‘ng ular Ajam shaharlari kabi bo‘lgan” degan ma’lumotlari Mavoraunnahrning sanab o‘tilgan o‘lkalari turklar tomonidan bunyod etilgani, keyinchalik bu yerlarda forsiyzabonlar nufuzining ham oshganligi, joy otlarining esa forscha atab ketilganidan dalolat beradi (İnčüögüz – Sirdaryā, Keš (~Käš) – Shahrisabz singari joy otlarining yuzaga kelishi bunga misol).
Mahmud Koshg‘ariy yuzyilliklar osha Markaziy Osiyo tuprog‘ida yashab kelgan etnik guruhlar va ularning tillari to‘g‘risida ham aniq-taniq ma’lumot keltiradi. Jumladan, u mazkur o‘lkalarda yashovchi soğdaq, känčäk, arğu larni “ikki tilda so‘zlashuvchilar” deya ta’kidlaydi. Uning yozishicha, xo‘tanliklar, tubutlar va tangutlarning ba’zilari kabi ikki tilda so‘zlaydiganlar va boshqa shaharlarga borib yurganlar tilida buzuqlik bor. Bular bu yerlarga so‘ng kelganlar (MK.I.65).
Mochinliklar va chinliklarning ayricha tillari bor bo‘lsa ham, shaharliklar turkchani yaxshi biladilar. Olimning yana ta’kidlashicha, ularning turklar bilan yozishmalari turkchadir (MK.I.65).
Tubutlarning tillari alohida. Shuningdek, xo‘tanliklarning ham ayrim yozuvlari va ayrim tillari bor. Tubutlar ham, xo‘tanliklar ham turkchani yaxshi bilmaydilar (MK.I.65).
Mahmud Koshg‘ariyning yozishicha, Balasağun, Tїraz, Mädinätülbäyzä shaharlarining xalqlari sug‘dcha va turkcha so‘zlaganlar (MK.I.66). Ushbu fakt ikki masalaga e’tibor qaratishni talab etadi: birinchidan, bu o‘rinda shu o‘lkalarda ikki tilda so‘zlashuvchi ikki xalq yashaganligi ko‘zda tutilmoqda; ikkinchidan esa bu o‘lka xalqlarining (soğdaq, känčäk, arğu larning) ikki tilliligi. Ma’lumki, ko‘k turk, uyg‘ur xoqonliqlari va qoraxoniylar davrida bu o‘lkalarda turklar bilan birga savdo yohud boshqa ijtimoiy-siyosiy jarayonlar ta’sirida kelib o‘rnashib qolgan sug‘dlar ham yashar edi. Mahmud Koshg‘ariy soğdaq (ya’ni sug‘d) xalqini ikki tilda so‘zlashuvchilar deb ta’kidlaganda (MK.I.65) ko‘proq shu o‘lkalardagi sug‘dlarni ko‘zda tutgan ko‘rinadi.
Ko‘k turk, uyg‘ur xoqonliqlari va qoraxoniylar davrida Balasag‘un aholisi ikki tilli edi. Mahmud Koshg‘ariyning yozishicha, balasag‘unliklar sug‘dcha va turkcha so‘zlaganlar (MK.I.66). Xalqning ikki tilli ekanligining boisi, bu yerda turklar bilan birga sug‘dlar ham yashagan. Lekin qoraxoniylar davriga kelib, bu yerlik sug‘dlarning turklashuv jarayoni yuz bera boshlagan ko‘rinadi. Mahmud Koshg‘ariy soğdaq so‘ziga izoh bera turib: “Soğdaq – Balasag‘unga joylashgan bir qavm. Ular Samarqand va Buxoro o‘rtasidagi So‘g‘ddan bo‘lib, keyin turklashib ketgan odamlar” deb yozgan edi (MK.I.437).
Olim koshg‘arliklar to‘g‘risida ma’lumot berar ekan, “Qashqarda kanchakcha so‘zlashadigan qishloqlar bor. Shahar o‘rtasida turuvchilar “xoqoniy turkchasi”da so‘zlaydilar” deb yozadi (MK.I.66). Bundan anglashiladiki, Koshg‘ar tevaragida kanchaklar yashaydigan qishloqlar ham bo‘lgan va ular ikki tilli edi. Shahar ichidagilar esa turkiy adabiy tilda (“xoqoniy turkchasi”da) so‘zlaganlar.
Muhimi shundaki, Mahmud Koshg‘ariy känčäk larni turklarning bir toifasi deb ta’riflaydi (MK.I.444). Shunga ko‘ra, “kanchakcha” atamasini turkiy shevalarning biri deb qarash mumkin.
“Devonu lug‘atit turk”da Uyğur mamlakati va uning eli to‘g‘risida ham keng ma’lumot berilgan. Mahmud Koshg‘ariyga ko‘ra Uyğur – besh shaharli viloyat ismidir. Uning yozishicha, Uyg‘ur viloyatida beshta shahar bo‘lib, u yerning aholisi g‘irt kofirlar va nihoyatda mohir otuvchilardir. U shaharlarni Zulqarnayn bino qilgan. Bular: Sülmi, Qoču, Čanbalїq, Bešbalїq, Yaŋїbalїq shaharlaridir (MK.I.136).
“Devonu lug‘atit turk”da keltirilgan xaritada bu o‘lka Bilādu Uyğur deb qayd etilgan.
Mahmud Koshg‘ariy bu o‘lka xalqining tili va yozuv madaniyati haqida ham ma’lumot bergan. U yozadi: “Uyg‘urlarning tili sof turkcha. Lekin o‘zlari so‘zlashadigan yana bir xil shevasi ham bor. Uyg‘urlar kitobning bosh qismida ko‘rsatilgan 24 harfdan iborat turkiy yozuvni qo‘llaydi. Kitob va xat-janglarini shu yozuv bilan yozadi. Uyg‘urlarning chinliklarnikiga o‘xshaydigan yana bir xil yozuvi ham bor. Rasmiy xat-jang va hujjatlarini shu yozuvda yozadi. Bu yozuvni musulmon bo‘lmagan uyg‘urlar bilan chinliklardan boshqalar o‘qiy olmaydi” (МК.I.40).
Mahmud Koshg‘ariy Qoču ni uyg‘urlar viloyatidagi bir shahar sifatida keltirgan (MK.I.136).
“Devonu lug‘atit turk”da keltirilgan xaritada ham bu shaharlar bir chiziq bo‘ylab joylashgan. Ushbu xaritada ko‘rsatilishicha, bu viloyat janubdan Küčä, sharqiy tomondan Kemi Talas bilan chegaralanadi. Buning bayoni asarda yaxshi berilgan. Chunonchi, Mahmud Koshg‘ariy Küčä haqida yozib, uni uyg‘urlar chegarasidagi shahar (MK.I.384), Kemi Talas ni esa musulmonlar chegarasidagi shahar deb ta’kidlaydi (MK.I.347).
Do'stlaringiz bilan baham: |