Turk davlatlaridan tashqi o‘lkalarda turkiy tilning mavqei masalasi. Misr va Suriya tarixida mamluklar davlati (1250–1517 yillar) nomi bilan ataluvchi ijtimoiy-siyosiy tuzum chuqur iz qoldirgan. Mamluklar ayyubiy sultonlarning qo‘lida xizmat qilgan, kelib chiqishi qipchoq qullardan edi. Zamona zayli bilan qachonlardir bu yurtlarga qul (mamluk) sifatida sotib olib keltirilgan qipchoqlarning yetakchilari, qo‘shin boshliqlari mahalliy sultonu amirlarning kuchsizlanuvidan foydalanib, davlatni qo‘lga oldilar. Ushbu mamluk-qipchoq davlatining asoschisi Sulton Baybars edi.
Mamluklar zamonida davlat va jamiyat boshqaruvi turklarning qo‘liga o‘tdi. Mamlakatning madaniy, siyosiy ishlarida turklarning ta’siri kuchaydi. Buning oqibatida hukumdorlarning tili bo‘lmish turkiy tilga e’tibor qaratildi, hukumdorlarning tili sifatida turkiyning mavqei ko‘tarildi. Turkiy til mamluklar davlatining rasmiy tiliga aylandi. Bu kezlar arablarning turkiy tilni o‘rganishlari uchun grammatika va lug‘atlar, turli qo‘llanmalar yaratilgan. Misr va Suriyada turkiy adabiyot ham yuzaga kela boshladi. Amir va sultonlarning buyrug‘i bilan turkiy tilda badiiy asarlar ijod etildi, arab va fors tillaridan tarjimalar qilindi. Eng sara turkiy asarlar ularning kutubxonalari uchun ko‘chirtirildi. Bu kezlar Misr va Suriya bilan Anato‘li, Xuroson, Turkiston, Oltin O‘rda, Ozarbayjon o‘rtasida madaniy, adabiy aloqalar kengaydi. Yozishlaricha, Qohira madrasasida Oltin O‘rda va Turkistondan kelgan olimlar mudarrislik qilganlar (Eckmann 2003,52).
Mamluk-qipchoq adabiyotining eng eski namunasi Berka Faqihning she’ridir. Berka Faqih 1383 yili Iskandariyada Oltin O‘rdaning mashhur shoiri Qutbning “Xusrav-u Shirin” masnaviysini ko‘chirgan. Uning oxiriga o‘zi 51 baytli xotima ham yozib kiritgan.
Mamluk-qipchoq adabiyotining yirik namoyandasi Sayfi Saroiydir. Uning kelib chiqishi Saroy shahridan edi, keyinchalik Misrga ketdi. U 1391 yili Sa’diyning “Guliston” asarini turkiyga erkin tarjima qildi. Asar “Kitob-i Guliston bit-turkiy” deb ataladi.
Mamluklar davlatining ba’zi hukumdorlari ham ijod qilganlar. Ularning turkiy tildagi she’rlaridan yetib kelgan (Eckmann 2003,57–59).
Mamluk-qipchoq adabiyotida tarjima asarlar ham yuzaga keldi. 1510 yili Firdavsiyning “Shohnoma”si turkiyga tarjima qilingan. Tarjimoni Husayn b. Husan b. Muhammad al-Husayniydir.
Mamluklar davrida turkiy tilda ilmiy asarlar ham yaratilgan, arab yoki fors tillaridan turkiyga tarjima qilingan. O‘sha davrda yaratilgan fiqh kitoblari, tibbiy asarlar, chavandozlikka oid asarlardan bizgacha yetib kelgan (Eckmann 2003,60–66).
Fiqh(islom shariat ilmi)ga tegishli asarlar quyidagilardir: arab tilidan o‘girilgan “Irshodu-l-muluk vas-salotin”, “Kitobu-l-fiqh” asarlari, “Kitob muqaddimat Abil-Lays as-Samarqandiy”, fatvolar majmuasidan iborat “Kitob fil-fiqh bi-lisoni-turkiy” risolalaridir.
Tibbiyotga oid asarlar otlarning qiliqlari, otlarda uchraydigan kasalliklar va ularni davolash choralari to‘g‘risida, ot parvarishi bilan bog‘liq. Bular arabchadan tarjima qilingan “Kitob baytaratu-l-vozih” hamda forschadan o‘girilgan “Kitobu-l-xayl” risolasidir .
Chavandozlikka tegishlilari arabchadan tarjima etilgan “Xulosa” yoki “Kitob fi ilmun-nussob” hamda “Munyatu-l-quzob” asarlaridir.
Arablarga turkiy tilni o‘rgatish uchun yirik grammatik asarlar, qo‘llanmalar yaratilgan.
Turkiy til ayrim davrlarda Hindistonda ham amal qilgan. Hindistonda turkiy tilga Dehli sultonligi davrida, keyinchalik Boburiylar hukumronligi zamonida katta e’tibor qaratilgan edi. Atoqli jamoat arbobi, Zahiriddin Bobur o‘z saltanatida turkiy va forsiyning amal qiluviga katta e’tibor qaratdi, turkiy adabiyotning gullab yashnashiga imkoniyat yaratib berdi. U va uning farzandlari zamonida Hindistonda turkiy tilda yirik tarixiy, badiiy asarlar yaratildi. Bobur o‘z asarlarining ko‘pini o‘sha tuproqda ekanligi chog‘ida bitdi. “Boburnoma”, “Mubayyan”, she’riy devoni ham o‘sha chog‘lar Boburning saltanat davrida yozib tugallandi. Boburdan so‘ng turkiyda ijod etish an’anasini Kamron Mirzo va boshqalar davom ettirdi. Hindistonda yaratilgan badiiy adabiyot o‘zbek adabiyoti tarixi, adabiy tili (“chig‘atoy turkchasi”)ning noyob namunalaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |