Adabiy tilning o‘tmishdagi atalishi
Yozma manbalarda, turkiy adabiy til turlicha atalgan. Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk”da o‘z davri yetakchi dialektlarini (sharqiy dialektlarni) birlashtirib turk tili, qolganlarini esa o‘z nomlari (o‘g‘uzcha, qipchoqcha) va b. bilan ataydi. Ana shu turk tili o‘rnida xoqoniya tili, xoqoniya turkchasi nomini ham qo‘llagan. Bu bilan u qoraxoniylar davlatining markaziy o‘lkalarida yashovchilar lahjasi (adabiy tilga asos bo‘luvchi yetakchi lahjalar)ni nazarda tutadi: “Tillarning yengili o‘g‘uzcha, eng to‘g‘risi, yaxshisi yag‘ma, tuxsi kabilarning tili va shuningdek, Ila, Ertish, Yamar, Etil vodiylaridan uyg‘ur shaharlarigacha bo‘lgan joylarda yashovchilar tilidir. Bularning ichida eng ochiq va ravon til xoqoniya o‘lkasida yashovchilarning tilidir “ ...” Shahar o‘rtasida turuvchilar xoqoniy turkchasida so‘zlaydilar” (MK.I.66). Mahmud Koshg‘ariy ushbu turk tili, xoqoniya tili, xoqoniya turkchasi atamalari bilan o‘z davri turkiy adabiy tilini ko‘zda tutgan edi.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida türkčä bilan bir qatorda buğraxan tili, xan tili atamalari ham qo‘llangan. Misoli shunday: Türkistän ellärindä buğraxan tilinčä bu kitābdïn yaxšïraq hargez-kim ersä tasnif qïlmadï (Turkiston ellarida bug‘raxon tilida biror kimsa hargiz bu kitobdan yaxshiroq yozgan emas) (QB.48). Bu bilan, chamasi, Bug‘raxon qaramog‘idagi o‘lkalarda yashovchilar lahjasiga tayangan adabiy til ko‘zda tutiladi.
Adib Ahmad Yugnakiy o‘zining “Hibatu-l-haqoyiq” asari to‘g‘risida so‘z yuritib, uning turkiy tilda ekanligini ta’kidlaydi. Uning keltirgan bayti: Anïn uš čïqardïm bu türkî kitāp (Shuningdek, bu turkiy kitobni ijod qildim) (AH.473). Asarning 1444 yili ko‘chirilgan samarqand qo‘lyozmasida Amir Arslon tarxon masnaviysi dostonga ilova qilingan. Amir Arslon masnaviysida qayd etilishicha, muallif bu kitobini kašğar tili~kašğarî til da yozgan:
Tamami erür kašğarî til bilä,
Ayïtmïš adib riqqat-i til bilä.
Ägär bilsä kašğar tilin har kiši
Bilür ol adibnïŋ nekim aymïšï.
((Kitob) koshg‘ar tili bilan yozib tugallandi,
Adib uni badiiy tilda ijod qildi.
Agar kim koshg‘ar tilini bilsa,
Adibning aytganlarini anglab yetadi) (AH.499–502).
Ushbu baytlardagi kašğar tili~kašğarî til atamasi qoraxoniylar markaziy o‘lkasidagi koshg‘ar (=qashqar) lahjasi (adabiy til) nazarda tutilgan deyish mumkin. Ushbu atama Mahmud Koshg‘ariy qayd etgan xoqoniya tilining o‘zidir. Chunki devonda qashqarliklar “xoqoniya turkchasi” da so‘zlashlari ta’kidlangan (MK.I. 66).
Mahmud Koshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Amir Arslon tarxon ma’lumotlaridan qoraxoniylar davri turkiy adabiy tiliga yetakchi dialektlar asos bo‘lib xizmat qilganligi ayon bo‘ladi. Ushbu yozma adabiy til turk tili, xoqoniya tili, bug‘raxon tili, koshg‘ar tili singari otlar bilan atalgan. XIII–XV asrlarda yuzaga kelib takomil topgan “chig‘atoy tili”, “chig‘atoy turkchasi” ana shu adabiy tilning davomida turadi.
Bu kezlarda čïğatay tili atamasi türkčä, türkî atamalari bilan yonma-yon qo‘llanilib, kitobiy adabiy tilni farqlash uchun ham xizmat qila boshladi. Abulg‘oziyning “Shajara-yi tarokima”da keltirgan quyidagi ma’lumotlari bunga dalildir. Tarixchi yozadi: Hamma uluğlar ham āddî kišilär tüšünsün dep, men bu tarixnï türkî til bilän aytdïm. Türkîni ham andaq aytup-men-kim, beš yašar oğlan tüšünür. Tüšüniš asan bolsun dep men čïğatay türkîsidin, fārsîča va arabčadïn bir dāna ham söz qošmadïm. Bu o‘rinda čïğatay türkîsi deyilganda XV–XVI asrlardagi kitobiy til ko‘zda tutilgan. Ushbu atama ham qoraxoniylar davri manbalarida qo‘llangan “bug‘raxon tili”, “xoqoniya tili”, “koshg‘ar tili” atamalari singari adabiy tilni anglatadi. Temuriylar zamonida Mavoraunnahr va Xuroson adabiy, madaniy muhitida shakllangan adabiy til (“chig‘atoy turkiysi”) shu o‘lkadagina emas, balki butun turk-musulmon muhitining kitobiy adabiy tili darajasiga ko‘tarilgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |