Partanarakšit Karnavajiki türk tilinčä ewirmiš Maytri simit nom bitig (MS.145).
X asrda yashab o‘tgan beshbaliqlik mashhur tarjimon Shingku Sheli tudung ham o‘z tarjimalarida ana shu atamani qo‘llagan. Uning tavg‘achcha (xitoycha) versiya asosida turkiyga o‘girilgan “Syuan-szan kechmishi” asari turk tilida ekanligi ta’kidlanadi: Tawğač tilintin yana bešbalïqlïğ Šïŋqu Šeli tuduŋ yaŋïrtï türk tilinčä ewirmiš (Tavg‘ach tilidan yana beshbaliqlik Shingku Sheli tudung turk tiliga o‘girdi) (ST.V.87). Türk tili atamasi Shingqu Shelining boshqa bir tarjimasi – “Vujud va ko‘ngilni anglash kitobi”da ham uchraydi. Unda asar qanday tildan o‘girilgani to‘g‘risida shunday ma’lumot berilgan: Šïŋqu Šeli tuduŋ tawğač tilintin türk tilinčä ewirü tegintim (Shingqu Sheli tutung tavg‘ach tilidan turk tiliga tarjima qildim) (Hazai 1975,95). Lekin bu tarjimon ijodiga mansub “Oltun tusli yorug‘” sutrasining yakunida asar tavg‘achchadan turk-uyg‘ur tiliga o‘girilgan deb qayd etilgan: bešbalïqlïğ Šïŋqu Šeli tuduŋ tawğač tilintin türk uyğur tilinčä ikiläyü ewirmiš Altun öŋlüg yaruq yaltïrïqlïğ qopta kötrülmiš nom eligi atlïğ nom bitig tügädi (Beshbaliqlik Shingqu Sheli tudung tavg‘ach tilidan turk-uyg‘ur tiliga tarjima qilgan “Oltin rangli nurli yaltiroqli hammadan ustun turadigan no‘m tojdori” otli no‘m bitig tugadi). Chamasi, mazkur atama asar qulyozmasining ko‘chirilgan davri (XVII asr) bilan bog‘liq qo‘llangan chiqar.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” dostonida asarning tili türkčä deb atalgan (türkčä qošuq, türkčä masal singari):
Bu türkčä qošuqlar tüzättim seŋä,
Oqïrda unïtma du‘a qïl meŋä.
(Bu turkcha qo‘shiqlarni sen uchun bitdim,
O‘qirda unutma, meni duo qil) (QB.58).
Alisher Navoiy o‘z asarlarida turkiy tilda so‘zlashuvchilarni türk (türk, türk ulusï), türkigoular, atrāk nomlari bilan tilga oladi. Turkiy tilni esa türk (türk tili, türk lafzï, türk alfāzï), türkčä (türkčä, türkčä til), türkî (türkî, türkî alfāz) deb ataydi. Ulug‘ mutafakkirning ta’kidlashicha, uning asarlari ana shu tildadir. Masalan, “Lisonu-t-tayr”da bu to‘g‘rida shunday satrlarni o‘qiymiz:
Türk alfāzï bilä sürdüm maqāl (LT.253).
Türk alfāzï bilä taptï adā (LT.271).
Shundan kelib chiqib, Navoiy turkiy she’riyatni türk nazmï deb atagan edi.
Navoiy qo‘llagan atamani Zahiriddin Bobur asarlarida ham uchratamiz. Masalan, u “Boburnoma”da Andijon to‘g‘risida ma’lumot bera turib, elini türk, uning tilini türkî deb ataydi (BN.6). Yoki Navoiy ijodi haqida fikr yuritib, turkiyda “hech kim uningdek ko‘p va xo‘p” bitmaganligini ta’kidlaydi: türkî til bilä tā še‘r aytupturlar, heč kim anča köp va xob aytqan emäs (BN.153).
Muhammad Solih o‘zining “Shayboniynoma” asarida Shayboniyxon fazilatlarini ta’riflar ekan, uning turkiy asarlarini türkî ab’yāt, tilini esa türkčä til deb atagan:
Türkî ab’yātï erür šarbat-ï nāb,
Fārsî še’rlarï ham serāb (ŠN.29).
Türkčä til bilä îmālarï bar (ŠN.30).
Bu atama keyingi asrlarda yaratilgan asarlarda ham uchraydi. Lekin türk atamasining xalq nomi sifatidagi qo‘llanuv doirasi toraygan: uni Anato‘li turklarigina o‘zining va tilining oti sifatida saqlab qoldi. Butun turkiy tillar oilasiga nisbatan esa tirkî (türkî, türkî tillär singari) atamasini qo‘llaymiz.
Hozirgi zamon orientalistikasida XV asrning ikkinchi yarmi – XVI asr boshlaridagi turkiy adabiyotning klassik bosqichini chig‘atoy adabiyoti, tilini esa turkiy, eski o‘zbek tili nomlari bilan yonma-yon “chig‘atoy tili”, “chig‘atoy turkiysi” deb atalmoqda. Ushbu atamaning kelib chiqishi Chingizxonning o‘g‘li Chig‘atoyxon otiga bog‘lanadi. Ma’lumki, Chingizxon o‘zi bosib olgan yerlarni o‘g‘illariga ulashganda, O‘rta Osiyo yerlari Chig‘atoyga tekkan edi. Shunga ko‘ra, bu yerlar “Chig‘atoy eli”, yerli xalqlar esa “Chig‘atoy ulusi”, xalqning tili esa “Chig‘atoy tili” deb atalgan. Bu ot o‘zining semantik taraqqiyoti davomida kishi otidan ma’muriy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy atamaga aylangan. Ta’kidlash kerakki, “Chig‘atoy ulusi”, “Chig‘atoy tili” atamalarining mo‘g‘ullarga yoki ularning tiliga hech bir bog‘liqlig‘i yo‘q. Chunki, bu o‘lkada mo‘g‘ullar emas, turkiy ulus yashagan. “Chig‘atoy tili” atamasi ham turkiy tilning (eski o‘zbek tilining) nisbiy atamasidir.
Čïğatay so‘zi atama sifatida XIII asrdan boshlab qo‘llanilgan. Manbalarga qaraganda, bu atama boshlab (XIII–XIV asrlarda) Chig‘atoyxon sulolasi (turk-mo‘g‘ullar), davlat hokimiyatining oliy tabaqa vakillari, shuningdek, cherikka nisbatan qo‘llanilgan. Keyinchalik (XV asrda) butun Mavoraunnahr va Xurosondagi turk ulusiga nisbatan, XVI asrdan boshlab Mavoraunnahrdagi ham turkiy, ham forsiy tilli ulusga nisbatan qo‘llanilgan (Благова 1982,155–156).
XV–XVI asrlarda bu atamaning ijtimoiy-siyosiy vazifasi o‘ta kengaygan bir sharoitda butun Mavoraunnahr elini, uning xalqini, xalqining tilini ham ifodalay boshladi: yurtini, elini Čïğatay, Čïğatay eli, xalqini Čïğatay ulusï, uning tilini esa čïğatay türkîsi deyildi. Jumladan, Muhammad Solihning “Shayboniynoma” asarida:
Čïğatay el meni özbek demäsün,
Behuda fikr qïlïp ğam yemäsün (ŠN.111).
“Abushqa” lug‘atida “yurt” ma’nosida Čïğatay, Čïğatay diyārï atamalari qo‘llanilgan (DDT.96,276).
XVI asrda yuz bergan temuriylar saltanatining inqirozi va Mavoraunnahrda shayboniylar hokimiyatining o‘rnatiluvi, o‘zbek-qipchoqlarning bu o‘lkaga kirib keluvi oqibatida ushbu atama ham iste’moldan chiqa boshladi.
XIV asrda yaratilgan “Kitob-i tarjumon-i turkiy” asarida “turkiy”, “turkiy qipchoq tili” hamda “turkmancha”, “turkman tili” atamalari uchraydi. Muallifning ta’kidicha, kitob “turkiy qipchoq tili” qoidalariga bag‘ishlangan. “Turkmancha” yoki “turkman tili” materiallari esa o‘rni-o‘rni bilan qiyos sifatida keltiriladi. Chamasi, ushbu asarda “turkiy”, “turk qipchoq tili” atamasi bilan qipchoq lahjasi, “turkmancha”, “turkman tili” deyilganda esa o‘g‘uz lahjasi ko‘zda tutilgan.
“Attuhfatu-z-zakiyatu fil-lug‘atit turkiya” asarida ham kitob turkiy (qipchoq) tili grammatikasiga bag‘ishlanganligi ta’kidlangan. Ushbu asarda ham, o‘rni bilan, “qipchoq tili”, “turkman tili” atamalari uchraydi.
Alisher Navoiy “Nasoyimu-l-muhabbat”da Sayid Nasimiy haqida ma’lumot bera turib, shunday yozadi: Sayid Nasimî - ‘Irāq va Rum tarafïdağï mülkdin erkändür. Rumî va türkmänî til bilä nazm aytïpdur (NM.437). Bu jumlada Navoiy Rumî va türkmänî til atamasi ostida turkiyning o‘g‘uz lahjasini ko‘zda tutgan.
O‘tmishda o‘zbek xalqi va uning tilini anglatgan atamalardan boshqa biri sart dir. Sart (sartha) so‘zi Yusuf Xos Hojib va Mahmud Koshg‘ariy asarlarida “savdogar” ma’nosini bildirgan. Masalan, “Qutadg‘u bilig”da: Nekü ter ešitkil bu sartlar bašï (Bu savdogarlar boshi nima deydi, eshitgin) (QB.474). Yoki: Sartnïŋ azuqï arïğ bolsa, yol üzä yer (Savdogarning moli toza bo‘lsa, yo‘l ustida yoyadi. So‘zma-so‘z: Savdogarning ozig‘i halol bo‘lsa, yo‘l ustida yeydi) (MK.I.97).
Ushbu so‘z etnonim sifatida keyingi davrlardan boshlab ishlatilgan. U boshlab forsigo‘ylarni, keyinchalik turkiy o‘troq ulusga nisbatan ham qo‘llanilgan.
“Muhokamatu-l-lug‘atayn”da Alisher Navoiy forsiy tilda so‘zlovchilarni sart (sart, sart ulusï, sart eli) hamda fārsîgoy otlari bilan tilga oladi. Ularning tilini esa sart tili, sart lafzï, fārsî (fārsî, fārsî til, fārsî alfāz) deb ataydi.
Bu so‘zning “Boburnoma”dagi ma’nosi e’tiborga molik. Zahiriddin Bobur Marg‘ilon (Marğïnān)ni ta’riflar ekan, uning eli sartlar ekanini ta’kidlaydi. U yozadi: Eli sarttur va muštzan-u puršaru šor eldür. Jaŋaralïq rasmï Māvarāunnahrda šāye‘dur. Samarqand-u Buxārāda nāmdār jaŋaralar aksar marğïnānidur (BN.7).
Kobul viloyatining ta’rifida sartlarni tojik va atrok (turklar) bilan qorishtirmaydi; ayri oladi. U shunday yozadi: Julgasïda va tüzläridä atrāk-u aymaq va ’arābdur. Šahrïda va ba’zi kentläridä sartlardur. Yana ba’zi kentläridä va vilāyatïda pašāyi-vu parāji va tājik-u baraki va afğāndur (BN.120). Ushbu viloyatda yashovchi ellarning tili xususida yozadi: On bir-on ikki lafz bilä Kābul vilāyatïda talaffuz qïlurlar: ’arabî, fārsî, türkî, moğulî, hindî, afğānî, pašāyî, parājî, gabrî, barakî, lamğānî. Munča muhtalif aqvām-u muğāyir alfāz ma’lum emäs-kim, heč vilāyatta bolğay (o‘sha joyda).
“Boburnoma”dan olingan misollarga e’tibor berilsa, muallif Kobul viloyatidagi xalqlarning tili to‘g‘risida ma’lumot berar ekan, sart yoki tojik tilini eslamaydi, u arabiy, forsiy, turkiy, mug‘uliy va boshqa tillarni eslaydi, xolos. Yana Bobur Marg‘ilon elini ham sartlar deb ataydi. Chamasi, marg‘ilonlik sartlar deyilganda ustachilik bilan shug‘ullanuvchi (o‘troq hayot kechiruvchi) toifa ko‘zda tutilgan ko‘rinadi. Bulardan anglashiladiki, sart atamasi o‘sha chog‘lar ham forsiy, ham turkiy tilli o‘troq, shahar aholisiga nisbatan qo‘llanilgan.
Muhammad Solih ham “Shayboniynoma”sida Samarqand qamalini ta’riflab, uning xalqini sart deb tilga oladi: Sartlar asru zabun boldïlar (ŠN.125). Bu o‘rinda ham sart atamasi o‘troq, shahar eliga nisbatan qo‘llanilgan.
XVII asr tarixchisi Abulg‘oziy asarlarida ham sart atamasi bor. Shuningdek, XIX asr Qo‘qon tarixchilarining asarlarida-da bu ot tez-tez uchrab turadi. Bu kezlar XIII asrda O‘rta Osiyoga kelib o‘rnashgan o‘zbek qavmidan boshqa tub aholi (turkiy va tojiklar) sart deyilgan, chamasi. Shu sabab bo‘lib, XIX asrning ikkinchi yarmida rus tilshunoslari o‘z grammatikalarida o‘zbek tilini sart tili (сартовский язык) deb ataganlar.
Endi özbek atamasi to‘g‘risida ikki og‘iz. Bu atamaning kelib chiqishini turlicha talqin qiladilar. Ba’zi olimlar bu atamani Oltin O‘rda xoni O‘zbekning (1312–1342) otiga bog‘laydilar. Ularning fikricha, O‘zbekxon qaramog‘idagi ulus keyinchalik özbek otini olgan. Boshqa bir olimlar bu qarashni qo‘llamaydilar. Ularning ta’kidlashicha, XIV–XV asrlarda Oq O‘rdadagi turk-mo‘g‘ul qavmlari shu ot bilan yuritilgan. O‘zbekxon esa Ko‘k O‘rdaning xoni bo‘lib, o‘zbek qavmlari unga bo‘ysunmaganlar (qarang: Аҳмедов 1992,10–11).
Özbek atamasi XIII–XIV asrlarda yaratilgan forscha va arabcha manbalarda (jumladan, Juvayniy, Rashididdin, Xondamir va boshqalarning asarlarida) ham uchraydi. Ularda bu atama Dashti Qipchoqda yashovchi turk-mo‘g‘ul qavmiga nisbatan qo‘llanilgan. Hatto ayrim manbalarda To‘xtamishning o‘zbek xoni ekanligiga ishora bor (qarang: o‘sha joy va keyingi betlarda).
Keyingi davr manbalarining guvohlik beruvicha, bu atamaning ma’nosi kengayib, urug‘lar uyushmasini ham anglata boshlagan. Chunonchi, Mas’ud ibn Usmon Ko‘histoniyning yozishicha, o‘zbeklarning tarkibiga yigirmadan ortiq turk-mo‘g‘ul qavmlari kirgan. Yoki Ro‘zbekaxon (XVI asr) o‘zbeklarning uch toifadan iborat ekanini ta’kidlaydi: ular Shaybon ulusiga qarashli barcha qabilalar, qozoqlar va mang‘itlardir (Аҳмедов 1992,13–14).
Keyinchalik Dashti Qipchoqdagi o‘zbeklar uyushmasiga kirgan qavmlarning muayyan qismi o‘sha yerdagi qozoq, qoraqalpoq, boshqird va b. tarkibiga qo‘shilib ketganlar. Muayyan qismi Shayboniyxon qo‘shini bilan birga O‘rta Osiyoga kirib kela boshladilar va shu yerda turg‘un yashab qoldilar. Shayboniyxon cherigining katta qismi ham o‘zbeklardan edi.
XIII asrga qadar Mavoraunnahr va Xuroson turklari o‘zlarini özbek demaganlar. Bora-bora bu o‘lkaga kelib o‘rnashgan o‘zbeklarning mavqei orta boradi; davlat boshqaruvi ham ko‘proq shularning qo‘liga o‘ta boshlaydi. Ana shunday tarixiy jarayon ta’sirida yerli turklar ham özbek deb atala boshladi. Shunisi diqqatga sazovorki, kelib o‘rnashgan qavmlar burun qaysi urug‘-qabilaga tegishli bo‘lsalar, keyinchalik ham, hatto XX asr boshlarigacha ajdodiy-qabilaviy bo‘linish-belgilarini saqlab keldilar. Yaqin-yaqingacha o‘zbeklar orasida “qo‘ng‘irot urug‘i”, “nayman urug‘i”, “mang‘it urug‘i” singari otlarning saqlanib kelganligi bejiz emas.
Yuqoridagi ma’lumotlardan hozirgi o‘zbek xalqi XIV yuzyillikda Dashti Qipchoqda yuzaga kelgan, degan mutlaqo g‘ayri ilmiy xulosa kelib chiqmasligi kerak. O‘rta Osiyoda qadimdan yashab kelgan turkiy tub aholi hozirgi o‘zbek xalqining ota-bobolaridir. Dashti Qipchoqdan “o‘zbek” nomini olgan qavmning kelib o‘rnashishi hozirigi o‘zbeklarning to‘liq tarkib topishidagi keyingi bosqichlardan biri, xolos. Ularga qadar yerli turkiy xalq boshqa otlar bilan atalar edi. Hozirgi otini esa, keyinchalik, o‘zlariga kelib qo‘shilgan o‘zbeklardan oldilar. Demak, atama tarixi xalq tarixiga mutlaqo teng emas.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerak, hozirgi o‘zbeklarning shakllanuvida Dashti Qipchoqdan kelgan turkiy ulusning ta’sirini mutloq inkor etib ham bo‘lmaydi. Hozirgi o‘zbek xalqi uzoq tarixiy taraqqiyot ta’sirida, turli elat-urug‘larning birikuvidan tashkil topgan. Buni o‘zbek shevalarining o‘ta xilma-xilligida ham ko‘rish mumkin.
Özbek atamasi etnonim sifatida XIV asrdan boshlab qo‘llanilgan bo‘lsa-da, tilga nisbatan kech amal qilgan. Chunonchi, o‘sha kezlar o‘zbek qavmining shevasi özbek tili deb emas, türkî, qïpčaq tili deb atalgan. Qipchoq shevalari keyinchalik hozirgi tilshunosligimizda “eski o‘zbek adabiy tili” deb atalayotgan yozma tilga ham ta’sir eta boshlagan. Lekin u eski o‘zbek adabiy tilining tayanch dialektiga aylangan emas. Ya’ni adabiy til situatsiyasida keyin qo‘shilgan ulusning dialekti u qadar hal etuvchi o‘ringa ko‘tarila olgani yo‘q. Chunki bu davr Mavoraunnahr va Xuroson adabiy muhitida qadimgi va eski turkiy adabiy til an’analari va ta’siri ustuvor edi. Binobarin, XIII–XVI yuzyilliklardagi klassik adabiy til (“chig‘atoy turkiysi”) shu an’ana ta’sirida shakllangan. O‘zbek adabiy tilining keyingi davrlardagi taraqqiyoti ham bevosita ayni adabiy til davomida turadi. Bu tadrijiy jarayonni XVII asrdan XX asr boshlarigacha yashab o‘tgan Abulg‘oziy, Mashrab, Ogahiy, Muqimiy, Furqat va b. o‘nlab mumtoz adabiyotimiz namoyandalarining asarlari tilida yaqqol kuzatish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tili juda uzoq tarixga ega bo‘lib, uning hozirgi oti til tarixini o‘zida tugal aks ettirmaydi. Xuddi shunday holni boshqa turkiy (masalan, uyg‘ur, qozoq va b.) tillarda ham kuzatamiz. Bu hodisa turkiy tillarning, shular qatori, o‘zbek tilining o‘ta murakkab jarayonni bosib o‘tganidan dalolat beradi.
O‘zbeklar hozirgi otini keyinchalik qabul qildi va uzoq asrli tilini ham shunday atay boshladi. Bunga qadar o‘zbek tili türkčä, türk tili, türkî, čïğatay tili va boshqa nomlar bilan atab kelingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |