Alisher Navoiyning o‘zbek adabiy tilini yuksaltirishdagi ulushi
Turkiy adabiy tilning rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar orasida ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyga (Nizomuddin Mir Alisher Navoiy bin G‘iyosuddin Bahodur) tenglashadigani chiqmadi.
Alisher Navoiy merosini quyidagi turkumlarga ajratish mumkin:
I. Devonlari: 1) “Xazoyinu-l-moniy” (“Ma’nolar xazinasi”. Bu to‘rt devonni o‘ziga birlashtiradi: “G‘aroyibu-s-sig‘ar” (“Bolalik qiziqliqlari”); “Navodiru-sh-shabob” (“Yigitlik nodiralari”); “Badoyiu-l-vasat” (“O‘rta yosh badialari”); “Favoyidu-l-kibar” (“Qarilik foydalari”).
2) Forscha devoni (“Devon-i Foniy”).
II. Dostonlari. Bularning beshtasi “Xamsa” tarkibida: 1) “Hayratu-l-abror” (“Yaxshilarning hayrati”); 2) “Farhod-u Shirin”; 3) “Layli-vu Majnun”; 4) “Sab’a-i sayyora”; 5) “Sadd-i Sikandari” (“Iskandar devori”). Yana bir dostoni “Lisonu-t-tayr” (“Qush tili”)dir.
III. Tazkiralari: 1) “Majolisu-n-nafois”; 2) “Nasoyimu-l-muhabba min shamoyimi-l-futuvva”.
IV. Filologik asarlari: 1) “Risola-i muammo”; 2) “Me’zonu-l-avzon” (“Vaznlar mezoni”); 3) “Muhokamatu-l-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”); 4) “Sab’at abhur” lug‘ati.
V. Tarixga oid asarlari: 1) “Tarix-i anbiyo-vu hukamo”; 2) “Tarix-i muluk-i Ajam”; 3) “Zubdatu-t-tavorix” (“Tarixlar xulosasi”).
VI. Diniy-axloqiy asarlari: 1) “Munojot”; 2) “Arbain” (“Qirq hadis”) = “Nasru-l-laoliy” (“Marvaridlar sochmasi”); 3) “Nazmu-l-javohir” (“Javharlar tizmasi”); 4) “Siroju-l-muslimin” (“Musulmonlar chirog‘i”); 5) “Mahbubu-l-qulub”.
VII. Manoqiblar (avtobiografik asarlar): 1) “Holat-i Sayyid Hasan Ardsher”; 2) “Xamsatu-l-mutaxayyirin”; 3) “Holat-i Pahlavon Muhammad”.
VIII. Hujjatlar: “Vaqfiyya”; 2) “Munshaot”.
Alisher Navoiy asarlari tilining hozirgi o‘zbek shevalariga munosabati xususida o‘zbek tilshunoslari orasida har turli qarashlar yuradi. Shulardan biri Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”da Navoiy asarlarining tili haqida keltirgan so‘zlari asosida yuzaga keldi. Chunonchi, Bobur Farg‘ona viloyatiting poytaxti Andijon ta’rifida yozadi: Eli türkdür. Šahri-vu bāzārïsïda türkî bilmäs kiši yoqtur. Eliniŋ lafzï qalam bilä rāsttur. Ne üčün-kim, Mir ‘Ališer Navāyînïŋ musannafātï bāvujud-kim, Hirida našu namā tapïptur, bu til bilädür (B.critical.5).
Zahiriddin Boburning ushbu so‘zlarini ro‘kach qilib, ba’zi olimlar Navoiy asarlari tilining asosini andijon shevasi tashkil etgan deya qaraydilar (Дониёров 1968). Boshqa bir olimlar Navoiyning Andijonda bo‘lmaganligini vaj’ qilib, bu fikrni inkor etadilar (Aбдуллаев 1968).
Ta’kidlash joizki, bu o‘rinda Bobur haq. Tarixda Navoiy merosiga, qolaversa, uning ijodiga, mahoratiga xolis baho berganlardan biri ham Bobur bo‘ladi. Biroq, “Boburnoma”dagi ma’lumotlarni, to‘g‘rirog‘i, matnni xato tushunish, noto‘g‘ri talqin etish oqibatida olimlarimiz ichida turli bahslar kelib chiqmoqda.
Anglashilmovchilik matndagi Eliniŋ lafzï qalam bilä rāsttur jumlasining xato talqin etilayotganida. Buni ular “andijon elining tili (ya’ni shevasi) adabiy til bilan mos keladi” deya izohlaganlar. Shunday bo‘lgan taqdirda buning davomidagi Navoiy asarlari xususida aytilgan mulohazalar ham o‘z-o‘zidan shunga bog‘lanadi-qoladi. O‘sha qarashni quvvatlaydigan bo‘lsak, matnni “Hirotda yuksakliklarga erishgan Navoiy asarlarining tili ham ayni shevaga mos” deya talqin etishdan boshqa yo‘l qolmaydi.
Fikrimizning isboti uchun Bobur aytgan o‘sha jumlalarning ma’nisini bir boshdan chaqib ko‘raylik. E’tibor berilsa, muallif, matnda Farg‘ona viloyati to‘g‘risida ma’lumot bera turib, bu yurtning xalqi turklar, tilining esa turkiy til ekanligini ta’kidlamoqda. Matndagi Eliniŋ lafzï qalam bilä rāsttur jumlasi ikki xulosaga olib keladi: 1) mazkur jumlada Farg‘ona (Andijon) elining lafzi (ya’ni turkiy til) yozma shaklda (badiiy adabiyot orqali) mashhur ekanligi ta’kidlanmoqda; 2) bu jumla mantiqan xalq tili adabiy tilga yaqin ekanligini ham anglatadi. Adabiy til tarixida bunday hodisa uchrab turadi. Masalan, qoraxoniylar davri adabiy tilida koshg‘ar shevasi yetakchilik qilgan. Shundan kelib chiqib, o‘sha davr adabiy tili ayrim manbalarda “koshg‘ar tili” deb ham atalgan. Boburning yozmalaridan ham o‘sha davrda farg‘ona shevasi adabiy tilga yaqin ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Matn tahlilida davom etamiz. Bobur Hirot adabiy maktabining namoyandasi bo‘lgan Alisher Navoiy haqida so‘zlab, uning ham asarlari ushbu turkiy adabiy tilda ekanligini ta’kidlaydi. Buning bilan Bobur Navoiy asarlarining tiliga andijon shevasi asos bo‘lganligini emas, balki Farg‘ona va Hirot adabiy muhitlarida yagona adabiy til amal qilganini ta’kidlamoqda. Boburning ushbu ma’lumoti temuriylar davlatining barcha o‘lkalarida yagona turkiy adabiy til (eski o‘zbek adabiy tili // “chig‘atoy turkiysi”) amal qilganiga guvoh.
Mulohazalardan kelib chiqib, Boburning Farg‘ona elining tili to‘g‘risida yozgan so‘zlarini shunday talqin qilish mumkin: “Eli turkdir. Shahri va bozorlarida turkiy bilmas kishi yo‘qdir. Elining lafzi qalam bilan [yozma adabiyot tili, yozma adabiy til bilan] mosdir. Ne uchun-kim [ajablanarlisi], Mir Alisher Navoiyning tasniflari [asarlari], (uning o‘zi) Hiriyda o‘sib-ulg‘ayganligiga qaramay, ushbu tilda [Farg‘ona va Hirot adabiy muhitlari uchun yagona bo‘lgan adabiy tilda]dir”.
Navoiy asarlarining tili haqida so‘z ketganda uni o‘sha kezlardagi mavjud shevalarning birortasiga bog‘lab qo‘yish mumkin emas. U Xurosondagina emas, butun Temuriylar saltanatida, Oltin O‘rda, qolaversa, musulmon turk ellarida amal qilgan adabiy tilda ijod qildi. U o‘z ijodi bilan temuriylar zamonida amal qilgan butun bir adabiy oqimning boshida turdi, turkiy adabiy tilga yetakchilik qildi. Buni “Lisonu-t-tayr” asarida uning o‘zi ham ta’kidlagan edi:
Do'stlaringiz bilan baham: |