Muhokamatu-l-lug‘atayn” asari
Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy o‘zining “Muhokamatu-l-lug‘atayn” (“Ikki tilning muhokamasi”) asarini hijriy 905 (melodiy 1499) yilda yozdi. Ushbu risola muallifning yigitlik zhtiroslari va jo‘shqin hissiyotlar ta’sirida yaratilgan emas. Navoiy bu asarini tirikligining so‘nggi kezlarida – uzoq hayotiy tajriba to‘plagan, ilmiy dunyoqarashi maqomiga yetgan, tafakkur doirasi peshlangan bir chog‘da yozdi.
“Muhokamatu-l-lug‘atayn”ning to‘rt qo‘lyozma nusxasi ma’lum:
Nusxalardan birinchisi Istanbuldagi To‘pqopi saroyi muzeyi Revan kutubxonasida 808 raqami ostida saqlanayotgan Navoiy kulliyoti tarkibida. Ushbu qo‘lyozma 1497 yili ko‘chirilgan.
Asarning yana bir nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Fotih bo‘limida saqlanayotgan 4056 raqamli Navoiy kulliyotiga kirgan.
Parij nusxasi. Ushbu nusxa Milliy kutubxonada saqlanayotgan (Suppl. Turc. 316–317- raqamli qo‘lyozma) Navoiy kulliyoti tarkibida. Qo‘lyozma 1526–1527 yillarda ko‘chirilgan.
Asarning yana bir qo‘lyozmasi Budapeshtda saqlanmoqda.
“Muhokamatu-l-lug‘atayn” birinchi marta 1841 yili Parijda M. Katremer tomonidan nashr etildi. 1882 yili Bog‘chasaroyda I. G‘aspirali, 1895 yili Istanbulda Ahmad Javdat nashr ettirdi. Asar 1917 yili Qo‘qonda toshbosma usulda chop etilgan. Toshkentda Parso Shamsiev asarni uch qayta bostirdi: 1940 yili O. Usmon bilan birgalikda lotin alifbosida kirish so‘z, matn va hozirgi o‘zbekcha talqinini berdi. Ushbu nashrga asarning parij nusxasi asos qilib olingan edi. Yana 1948 va 1967 yillarda yakka o‘zi kirill xatida nashr ettirdi.
Asar Anqara, Ashgabad, Urumchida ham chop etilgan.
1996 yili asar Anqarada Turk tili qurumi tomonidan yangidan chop ettirildi (‘Ali Şir Nevayi. Muhakemetü’l-luğateyn (İki Dilin Muhakemesi). Hazırlayan F. Sema Barutçu Özönder). Mazkur nashr asarning mavjud qo‘lyozmalari asosida yig‘ma-qiyosiy matn ko‘rinishida tayyorlangan.
Asarning toshkent nashrlari ichida eng to‘lig‘i 1940 yildagisi sanaladi. Unda matn boshdan oxir keltirilgan. Lekin keyingi ikki nashri (1948 va 1967) ayrim qisqartishlar bilan bosilgan: siyosat taqazosi bilan asarning ayrim o‘rinlari, arabcha diniy mazmunli iboralar tushirib qoldirilgan. Jumladan, kitob muqaddimasidagi tangriga bag‘ishlangan hamdu sano berilmagan. Muhimi shundaki, bu qismda Ollohning marhamatu qudratini madh etuvchi uch ajoyib ruboiy ham bor. Yana toshkent nashrida Navoiyning arab tilini ta’riflab yozgan ayrim jumlalari ham tushirilgan.
Anqara nashrida qayd etilganlarning bari to‘liq.
“Muhokamatu-l-lug‘atayn” turkiy tilning gullagan bir chog‘ida, uning ilmiy grammatikasi sifatida dunyoga keldi.
“Muhokamatu-l-lug‘atayn” – tilshunoslik asari. Muallif ushbu risolasi bilan turkiy tilshunoslik tarixiga o‘zining katta ulushini qo‘shdi. Navoiyning ushbu asarni yozishdan niyati turli oilaga tegishli ikki buyuk til – turkiy va fors tilini (fārsî, fārsî til, sart tili, sart lafzï deb ataydi uni) shunchaki chog‘ishtirib chiqish emas. Uning maqsadi turkiyning fonetik, lug‘aviy, morfologik va uslubiy imkoniyatlari cheksiz ekanligi, uning badiiy adabiyotda ham, davlat ishlari, diplomatik munosabatlarda, fan sohasida ham to‘la javob bera olishini ilmiy jihatdan asoslab berish edi. Shuning uchun ham u til faktlarini ilmiy nuqtai nazardan tahlil etadi.
Navoiy Sharqda dovrug‘i ketgan to‘rtta tilga e’tiborni tortadi: arab, turkiy, forsiy, hindiy. Bularning baridan arab tili nafislik bilan ajralgan va badiiylik bezagi bilan mo‘’jiza ko‘rsatuvchandir. Bu tilda Olloh (maliki allam jalla va alo)ning kalomi nozil bo‘lgan va payg‘ambarning saodatga elituvchi hadislari o‘sha tilda aytilgan. Bundan so‘ng uch nav til borki, bular asl va mo‘’tabardir.
Shundan so‘ng muallif turkiy va forsiyning qiyosiy tahliliga o‘tadi. U turkiy lug‘atning uslubiy afzalliklarini ko‘rsatish maqsadida forsiyda tengdoshi yo‘q yuzta fe’lni keltiradi. Ularning yuzta (yuz lafz) ekanligini muallifning o‘zi ham ta’kidlaydi. Qizig‘i shundaki, toshkent nashrida ushbu fe’llar to‘qson to‘qqizta. Buning boisi, asarning bizga yetib kelgan qo‘lyozma nusxalarida ularning soni turlicha: to‘pqopi va parij nusxalarida to‘qson to‘qqiz, fotih va budapesht nusxalarida yuztadir. Ushbu ikki nusxada boshqa qo‘lyozmada tushib qolgan yuzinchi fe’l ham bor. U čïmdïlamaq fe’li bo‘lib, tartibda qïčïğlamaq so‘zidan keyin keladi. Tanqidiy matn tayyorlash jarayonida anqara nashrida matnga ana shu fe’l ham kiritilgan. Bundan ko‘rinadiki, haligi nushani ko‘chirayotgan kotib bu so‘zni tasodifan tushurib qoldirgan.
Navoiy keltirgan nozik ma’noli fe’llar quyidagi tartibdadir: quwarmaq-u quruqšamaq va üšärmäk-u jïyjaymaq va öŋdäymäk-u čigräymäk va dumsaymaq-u umunmaq va osanmaq-u igirmäk va egärmäk-u oxranmaq va tarïqmaq-u aldamaq va arğadamaq-u išänmäk va iglänmäk-u aylanmaq va erikmäk-u igränmäk va awunmaq-u qïstamaq va qïynamaq-u qozğalmaq va sawrulmaq-u čayqalmaq va devdäšimäk-u qïmsanmaq va qïzğanmaq-u nikämäk… va b.
Alisher Navoiy sinonim fe’llarga ayricha etibor qaratadi. Fe’llarning ma’nolari ularning sinonimlari misolida ochib beriladi. Muallifning ta’kidicha, takallum chog‘ida kishi ularga muhtoj bo‘lur. Navoiy bularga o‘rnak qilib turkiy baytlardan keltiradi. Jumladan, turkcha nazmda may ta’rifida mubolag‘a uchun sïpqarmaq so‘zini qo‘llaydilar, lekin forsiy she’rda aynan shu mazmunni bir so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Navoiy bu so‘zning ochiqlamasi uchun ushbu baytni misol qilib keltiradi:
Sāqiyā, tut bāda-kim, bir lahza özümdin baray,
Šart bu-kim, har nečä tutsaŋ, labā-lab sïpqaray.
Do'stlaringiz bilan baham: |