Mahmud Koshg‘ariy turkiy dialektlar to‘g‘risida
Mazkur asarida Mahmud Koshg‘ariy, o‘rni bilan, o‘sha zamondagi turk dialektlari o‘rtasidagi o‘zgachaliklar, ularning fonetik, leksik-semantik, morfologik belgilarini o‘ritib o‘tadi. Muallif ta’biri bilan aytganda unda “har bir qabilaning o‘ziga xos xususiyatlariga ko‘ra qiyosiy qoidalar tuzilgan” (I.47).
Mahmud Koshg‘ariy turk dialektlarining katta bir guruhini (bu o‘rinda yetakchi shevalarga asoslangan adabiy til nazarda tutiladi) “turk”, muayyan dialekt, qabila, urug‘larni ularning o‘z nomlari bilan (jumladan, o‘g‘uz, qipchoq, chigil va b.) ataydi. Ora-ora ularning yetakchi shevalardan (ya’ni “turkcha”dan) farqli yeri, o‘ziga xosliklari qayd etib o‘tiladi.
Sug‘daq, kanjak, arg‘ular, xo‘tanlilar, tubut va tangutlarning ba’zilari sug‘dcha va turkcha so‘zlashuvchilar guruhiga kiritilgan. Muallif turkcha va sug‘dcha so‘zlashuvchilar haqida gapirib, ularning tilida “buzuqlik bor”ligini qayd etadi (I.65). Chamasi bu o‘rinda mazkur ikki tilli xalqlarning turkiy tilni buzib gapirishlari nazarda tutilgan.
Endi devonda keltirilgan turkiy dialektlar haqidagi ma’lumotlarga to‘xtalamiz.
Dialektlarning fonetik o‘zgachaliklari quyidagicha:
Turklardagi so‘z boshida keluvchi [y] o‘g‘uz va qipchoqlarda tushib qoladi yoki [j (~č)] ga aylanadi: yelkin – elkin “musofir”, yïlïğ suw – ïlïğ suw “iliq suv”, yinjü (yinčü?) – jinjü (činčü?) “dur, marvarid”, juğdu – juğdu (čuğdu?) “tuyaning uzun yungi” (I.67), yetti – jetti (četti?) “etishdi”, yundum – jundum (čundum?) “yuvindim” (II.364), yigi – jigi (čigi?) “pishiq” (III.249). Koshg‘ariyning ta’kidlashicha, turklar bilan o‘g‘uzlar tili orasidagi bu xususiyat o‘zgarmovchi, doimiy bo‘lgan) (II.364).
So‘z boshidagi [m] ni o‘g‘uzlar, qipchoq va suvorinlar [b] ga aylantiradilar: men – ben “men”, mün – bün “sho‘rva” (I.67).
So‘zdagi [t] ni o‘g‘uzlar va ular yaqinidagilar [d] ga aylantiradilar: tewey – dewe(y) “tuya”, öt – öd “teshik” (I.67), taqï – daqï “tag‘in” (II.227).
Turkiy qabilalarning ko‘pgina so‘zlaridagi [d] o‘g‘uzlarda [t] ga aylanadi: bügdä – büktä “xanjar”, yigdä – yiktä “jiyda” (I.67).
So‘z o‘rtasida va oxirida kelgan [y] ni arg‘ular [n] ga almashtiradilar: qoy – qon “qo‘y”, čïğay – čïğan “kambag‘al”, qayu – qanu “qaysi” (I.67).
“ب bilan ف maxrajlari orasidagi” (I.68) [w] ni o‘g‘uzlar va ularga yaqin turuvchilar [v] ga aylantiradilar: ew – ew “uy”, aw – av “ov” (I.68). O‘g‘uz va qipchoqlar (xalachlarning bir toifasi) so‘z boshidagi [q] ni [x] ga aylantiradilar: qayu – xayu “qaysi” (III.237), qïzïm – xïzïm “qizim”, qanda – xanda “qaerda” (III.238).
Tish-tish [δ] li so‘zlarni qo‘llashda Mahmud Koshg‘ariy turkiy dialektlarni uch guruhga bo‘ladi:
Tish-tish [δ] bilan so‘zlovchilar. Bularga chigil va boshqa turkiy qabilalar kiritiladi. Jumladan, “chigilcha” deb ko‘rsatilgan so‘zlar: boδun “xalq” (I.379), aδïn “boshqa, bo‘lak” (I.105).
Yag‘mo, tuxsi, qipchoq, yabaqu, tatar, qay, jumul va o‘g‘uzlar [j] ga aylantiradilar, hech mahal [δ] bilan so‘zlamaydilar: qazïŋ – qayïŋ “qayin daraxti”, qazïn – qayïn “qaynag‘a” (I.68), azrïq – ayrïq “ajriq, yumshoq bir o‘t” (I.136), baδram – bayram “shodlik kuni” (I.447). Ayrim o‘rinlarda bu dialektlar “[δ] ni [y] ga aylantiruvchilar” deb ko‘rsatilgan: boδun – boyun “jamoa” (III.183), keδük – keyük “namat va kigizlardan qilingan yomg‘ir yopinchig‘i” (III.182), toδtï – toydï “to‘ydi” (III.262).
Qipchoq, yamak, suvor, bulg‘orlar hamda ruslarga va Rumga qadar borib taqaladigan boshqa qabilalar [z] ga aylantiradilar: aδaq – azaq “oyoq”, toδdï – tozdï “to‘ydi” (I.68), qaδïn – qazïn “qayin” (I.383).
Shuningdek, o‘g‘uzlardagi [y] ni qipchoqlar [z] ga aylantiradilar: öylä – özlä “peshin, tush vaqti” (I.137).
O‘g‘uz va qipchoqlarda tovush tushishi hodisasi kuzatiladi: čumčuq – čumuq “olaqarg‘a”, tamğaq – tamaq “bo‘g‘iz”, barağan – baran “boraveradigan”, urağan – uran “hadeb uraveradigan” (I.69).
Dialektlarda, Koshg‘ariyning misol keltirishiga ko‘ra, [č] ning [ž] (sirg‘aluvchi) ga ko‘chishi [erinč – erinž “maishat, farog‘at” (I.152)], jaranglining jarangsizlashuvi [bïšïq – yag‘molarda bïšïğ “pishiq” (I.360)] kabi fonetik parallelizmlar, shuningdek, metateza [qošnï – o‘g‘uzlarda qonšï “qo‘shni” (I.408)] va boshqa fonetik hodisalar ham kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |